Musaev Xusniddin Baxtiyorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Nanotuzilishli metall oksidlarining olinishi va ularning ekoqo‘llanilishi», 02.00.04 – Fizik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/K119.
Ilmiy rahbar: Ro‘zimuradov Olim Narbekovich, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy univesiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.K.01.03.
Rasmiy opponentlar: Abduraxmanov Ergashboy, kimyo fanlari doktori, professor; Shoislomov Ulug‘bek Alisherovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: zol`-gel` usuli orqali Ni, Cr, Si oksidlari va titan dioksidi asosida nanomateriallar sintez qilish, ularning teksturaviy va fizik-kimyoviy xossalarini hamda ekoqo‘llanilish imkoniyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bir bosqichli zol`-gel` texnologiyasi orqali g‘ovakli titan dioksidi, 3d-metallari hamda silikagel` asosida nanotuzilishli materiallar olish usullari yaratilgan;
Ni va Cr metallari bilan dopirlangan g‘ovakli TiO2 nanokompozitlarining maqsadli sintezi amalga oshirilgan va mazkur 3d - metallari bilan dopirlash orqali olingan nanokompozitlar yordamida ko‘rinuvchan sohada organik zararli moddalar fotodegradatsiyasi asoslangan;
zol`-gel` texnologiyasi yordamida olingan titan dioksidi, 3d - metallari hamda silikagel` asosidagi adsorbentlar bilan fenol va uning hosilalarining o‘zaro ta’sirlashish mexanizmi isbotlangan;
adsorbsion-fotokatalik reaksiyalarning mexanizmiga, organik zararli moddalarning fotodegradatsiyasiga adsorbent/fotokatalizatorlar tabiati hamda g‘ovaklilik effekti ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Titan dioksidi asosida nanotuzilishli metall oksidlarining zol`-gel` sintezi va ekoqo‘llanilishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
metall oksidli nanomateriallar olish jarayoni va ularning qo‘llanilish usullari Darmshtadt texnika universiteti «Suyak to‘qimasini tiklash uchun yuqori biofaollikka ega polimer asosidagi keramika va shisha-organik kompozisiyalarni ishlab chiqish va tavsiflash» mavzusidagi xalqaro ilmiy loyihasida g‘ovakli metall oksidi nanomateriallarini olishda foydalanilgan (Darmshtadt texnika universitetining 2020 yil 20 avgustdagi ma’lumotnomasi). Natijada, shisha-organik kompozisiyalarning xossalarini yaxshilash imkonini bergan;
3d - metallari tutgan g‘ovakli TiO2 kompozitlari sanoat chiqindi suvlarini tozalashda tarkibida ifloslantiruvchi fenol va uning hosilalarining miqdorini kamaytirish uchun «Gazli neft va gaz qazib chiqarish» boshqarmasi amaliyotiga joriy etilgan («Gazli neft` va gaz qazib chiqarish» boshqarmasining 2020 yil 17 noyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada, TiO2 asosidagi kompozitlar sanoat chiqindi suvlarini tarkibidagi fenol va uning hosilalarining miqdorini 30% gacha kamaytirish imkonini bergan;
zol`-gel` usulida sintez qilingan g‘ovakli titan dioksidi-silikagel` nanokompozitlari MU-FZ-20171025169 raqamli «Naftollarning allil efirlari izomerizatsiyasini o‘rganish» mavzusidagi yosh olimlar fundamental loyihasida naftollarni allillashda asos (tashuvchi) katalizator sifatida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 10 iyuldagi 89-03-2519-son ma’lumotnomasi). Natijada, yuqori unum bilan naftollarning allil efirlari va izomerizatsiya mahsulotlarini olish imkonini bergan.