Djabbarov Saidburxon Tulaganovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasining mavjud temir yo‘llarida tezyurar yo‘lovchi poezdlar harakatini tashkil etish metodologiyasi», 05.09.02–Asoslar, poydevorlar va er osti inshootlari. Ko‘priklar va transport tonnellari. Yo‘llar, metropolitenlar ixtisosligi (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/T129.

Ilmiy maslahatchi: Miraxmedov Maxamadjan Miraxmedovich, texnika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent temir yo‘l muhandislari  instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent avtomobil` yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, DSc.27.06.2017.T.09.01.

Rasmiy opponentlar: Xojmetov Gaybnazar Xadievich, texnika fanlari doktori, professor; Sadikov Ibragim Salixovich, texnika fanlari doktori, professor; Ismagulova Sarakul`, texnika fanlari doktori, professor (Qozog‘iston Respublikasi).

Yetakchi tashkilot: “O‘zog‘irsanoatloyiha” aksiyadorlik jamiyati.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: yo‘lovchi va yuk poezdlarining aralash harakatli mavjud temir yo‘l bo‘laklarida tezyurar va yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poezdlar harakatini tashkil etish metodologiyasini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

harakat tezligi chegaralangan joylarda poezdlarning tezlanish va sekinlashish yo‘li uzunligini inobatga olgan holda guruhlash usuli ishlab chiqilgan;

moddiy resurslarni chegaralanganligini inobatga olib, mavjud temir yo‘l infratuzilmasini ta’mirlash (modernizatsiya) ishlarini bajarishni bosqichma-bosqichligini (yoki ratsional ketma-ketligini) belgilash usuli tezlik chegaralangan uchastkalarni birlashtirish orqali takomillashtirilgan;

harakatlanayotgan yuqori tezlikdagi poezdni osesimmetrik jism sifatida modellashtirilgan hamda havo oqimining poezd atrofida taqsimlanish xarakteri va tezligi manbalar usuli orqali aniqlangan;

mavjud temir yo‘l infratuzilmasi doimiy inshoot va qurilmalarining holati, qurilish-texnologik parametrlarini hisobga olgan holda yuqori tezlikdagi poezdning ruxsat etilgan maksimal tezligini belgilash usuli ishlab chiqilgan;

yuqori tezlikdagi poezdlarning xavfsiz harakatini milliy standart talablariga mos holda harakatlanayotgan poezd yaqinidagi insonlarni minimal xavfsiz turish masofasini aniqlash algoritmi ishlab chiqilgan;

mavjud bir izli temir yo‘llarda yo‘lovchi poezdlar tezligi va yuk tashish yoki poezdlar o‘tkazish imkoniyatini kompleks oshirish usuli ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Mavjud temir yo‘llarda yo‘lovchi poezdlarning tezyurar harakatini tashkil etish metodologiyasini ishlab chiqishda olingan natijalar asosida:

mavjud temir yo‘l infratuzilmasi doimiy inshoot va qurilmalarining holati, qurilish-texnologik parametrlarini inobatga olib yuqori tezlikdagi poezdning ruxsat etilgan maksimal tezligini belgilash usuli «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tasarrufidagi uchastkalarda, jumladan Toshkent-Samarqand, Samarqand-Qarshi, Samarqand-Navoiy-Buxoro, Qarshi-Kitob temir yo‘l bo‘laklarida kapital ta’mirlashni loyihalash jarayoniga joriy etilgan (“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2018 yil 27 iyundagi NZ-1/3898-18-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqori tezlikdagi “Afrosiyob” poezdlarining muntazam ravon harakatini ta’minlash, yo‘lovchilarning harakatlanish vaqtini, oddiy toifadagi yo‘lovchi poezddagi harakatiga nisbatan 1-2,5 soatgacha qisqartirish imkoni yaratilgan;

yuqori tezlikdagi “Afrosiyob” yo‘lovchi elektropoezdlari harakatini tashkil etish uchun harakat tezligi chegaralangan joylarda poezdlarning tezlanish va sekinlashish yo‘li uzunligini guruhlash usuli “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi korxonalarda, jumladan “Kapital qurilish direksiyasi” va “Toshtemiryo‘lloyiha” AJ  tomonidan  yo‘l infratuzilmasi ob’ektlarini ta’mirlash ishlari hajmini aniqlashda joriy etilgan (“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2018 yil 27 iyundagi NZ-1/3898-18-son ma’lumotnomasi). Natijada Toshkent-Samarqand, Samarqand-Navoiy-Buxoro, Qarshi-Kitob  temir yo‘l bo‘laklari tarxini qayta loyihalashda egriliklarning optimal radiuslarini belgilash imkonini bergan;

moddiy resurslarni chegaralanganligini inobatga olib, mavjud temir yo‘l infratuzilmasini ta’mirlash (modernizatsiya) ishlarini bajarishning bosqichma-bosqichligini (yoki ratsional ketma-ketligini) belgilashni  takomillashtirilgan usuli “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi korxonada, jumladan “Kapital qurilish direksiyasi” tomonidan  Toshkent-Samarqand temir yo‘l bo‘linmasining infratuzilma ob’ektlarini ta’mirlash ishlarini bajarish ketma-ketligini belgilashda joriy etilgan (“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2018 yil 27 iyundagi NZ-1/3898-18-son ma’lumotnomasi). Natijada Toshkent-Samarqand temir yo‘l bo‘lagida moddiy resurslarni chegaralanganligini inobatga olib, tezyurar yo‘lovchi poezdlar tezligini uch bosqichda oshirishga erishilgan;

mavjud bir izli temir yo‘llarda yo‘lovchi poezdlar tezligi va yuk tashish yoki poezdlar o‘tkazish imkoniyatini kompleks oshirish usuli “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi korxonada, jumladan “Kapital qurilish direksiyasi” tomonidan Toshkent-Samarqand temir yo‘l bo‘lagi infratuzilmasi ob’ektlarini modernizatsiya qilishda joriy qilingan (“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2018 yil 27 iyundagi  NZ-1/3898-18-son ma’lumotnomasi). Natijada turli toifadagi poezdlarning intensiv  harakati mavjud bo‘lgan Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘l bo‘lagida yuk tashish imkoniyatini saqlab qolishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish