Xasanov Obid Abdullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Noturg‘un atrof tog‘ jinslari orasida yotgan kichik qalinlikdagi tomirsimon konlarni er osti usulida qazib olishda massivdan ajratib olish texnologiyasini asoslash va ishlab chiqish», 04.00.10 – Geotexnologiya (ochiq, er osti va qurilish) (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/T675.
Ilmiy rahbar: [Norov Yunus Djumaevich], texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik instituti, DSc.17/30.12.2019.T.06.01.
Rasmiy opponentlar: Mislibaev Ilxom Tuychibaevich, texnika fanlari doktori, professor; Mahmudov Dilmurod Raxmatjonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISiS»ning Olmaliq shahridagi filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: noturg‘un atrof tog‘ jinslari orasida yotgan kichik qalinlikdagi tomirsimon ruda konlarini er osti usulida qazib olishda kon ishlarining xavfsiz olib borilishi va tog‘ jinslarini shpurli zaryadlar portlashi ta’sirida maydalanish samaradorligini ta’minlovchi texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
portlash vaqtida tog‘ jinsi massivi ichida yuzaga keladigan darzliklar hosil bo‘lish hududi maksimal radiusi portlovchi modda zaryadi radiusiga, portlatish sharoitini hisobga oluvchi koeffisientiga, tog‘ jinslarining akustik qattiqligi va Puasson koeffisientiga to‘g‘ri proporsionalligi hamda cho‘zuvchi radial kuchlanishga teskari proporsionalligi aniqlangan;
kichik diametrli shpurlardan foydalanilganda rudalarni Igdanit yordamida parchalashning asosiy ko‘rsatkichlari doimiy qo‘llaniladigan portlovchi moddalar bilan taqqoslanganda, zaryadda energiya konsentratsiyasi yuqori bo‘lishi hisobiga sezilarli darajada yuqori bo‘lishi aniqlangan;
katta diametrli Igdanit zaryadi yordamida va yuqori brizantli Detonit 15A10 zaryadlari yordamida parchalash ko‘rsatkichlari tavsifiga yaqin bo‘lishi hamda ruda sifatsizlanish ko‘rsatkichining tog‘ jinsi mustahkamlik koeffisientiga bog‘liqligi isbotlangan;
har xil turdagi Igdanit, Ammonit №6JV va Detonit 15A10 portlovchi moddalari shpur zaryadlari energetik ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi zaryadlash koeffisientiga bog‘liqligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Er osti kon ishlarida burg‘ilash-portlatish ishlarini olib borish usullari va ko‘rsatkichlari hamda mehnat sarfining kam bo‘lishi va shpur zaryadlari ishonchli detonatsiyalanishini ta’minlovchi shpur zaryadlari yangi konstruksiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tomirsimon ruda konlarini er osti usulida qazib olishda portlovchi modda shpurli zaryadlari ta’sirida kon massivi parchalanish hududi o‘lchamlarini aniqlash uslubi «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ «Ko‘chbuloq» shaxtasi «Uzun» uchastkasida amaliyotga joriy etilgan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning 2021 yil 17 martdagi AA-002414-son ma’lumotnomasi). Natijada, portlatish ishlarini olib borishda tog‘ jinsi massivi ichida darzliklar hosil bo‘lish hududi maksimal radiusini aniqlash imkonini bergan;
tomirsimon ruda konlarini er osti usulida qazib olishda oddiy tarkibli portlovchi moddalar qo‘llanilishini tadqiq qilish uslubi «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ «Qayrag‘och» shaxtasida amaliyotga joriy etilgan («Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning 2021 yil 17 martdagi AA-002414-son ma’lumotnomasi). Natijada, portlatish ishlarida tog‘ jinsi maydalanish samaradorligini pasaytirmasdan portlashning tog‘ jinsi massiviga brizantli ta’sirini kamaytirish imkonini bergan.