Mamatalimov Zafar Mamaraimovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Anvar Obidjon she’riyatining badiiy-ma’rifiy xususiyatlari”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil528
Ilmiy rahbarning familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Barakaev Rahmatulla, filologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019. Fil.46.01 
Rasmiy opponentlar: Boltaboev Hamidulla Ubaydullaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Matchonov Safo, pedagogika fanlari doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: Anvar Obidjon she’rlarining badiiy-estetik va ma’rifiy-tarbiyaviy xususiyatlarini belgilash, shoir ijodi orqali XX asrning ikkinchi yarmi hamda istiqlol davri o‘zbek bolalar adabiyotida vujudga kelgan badiiy-shakliy yangilanishlar hamda adabiy-estetik jarayonlar tadrijiy takomilida Anvar Obidjon ijodiy tajribalari nechog‘lik ahamiyat kasb etganligini ko‘rsatishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Anvar Obidjonning bolalar shoiri sifatidagi ilmiy-ijodiy biografiyasi yaratilgan, she’riy, nasriy va dramatik asarlari janrlar hamda mavzuiy guruhlarga ajratilib tasnif qilingan; 
shoir ijodida an’anaviylik va badiiy mahorat muammolari ma’rifiylik-tarbiyaviylik, fol`klor janrlari hamda mumtoz adabiyotimiz an’analari yangilanishi nuqtai nazaridan ulug‘ ajdodlarimizga bag‘ishlangan madhiyalari qiyosi hamda an’anaviy mavzuning tom ma’nodagi yangicha talqinlariga asoslangan she’rlari misolida belgilangan; 
shoirning o‘ndan ortiq turkum she’rlarida o‘zbek bolalar she’riyatini shakl va mazmun jihatidan boyitishga xizmat qilgan badiiy timsollar yaylov (erkinlik)ni sog‘ingan qo‘y, ildizi nihoyatda teran yantoq, ozodlik uchun kurashuvchi uchinchi polapon ramziy obrazlarida ijtimoiylashgani asoslangan;
shoir ijodiy laboratoriyasiga kirish orqali uning komik holat yaratish mahoratida Farg‘ona vodiysi askiyachiligi obraz individualligini ta’minlashga xizmat qilishi ko‘rsatilgan, badiiy asar g‘oyasini ochishda hajviy qahramonning badiiy-estetik, didaktik vazifalari aniqlangan; 
Anvar Obidjon ijodining XX asr ikkinchi yarmi va istiqlol davri o‘zbek bolalar she’riyati takomilidagi o‘rni hamda o‘zbek bolalar adabiyotini rivojlantirishdagi mavqei shoirning ushbu davr bolalar she’riyatini badiiy tasvir imkoniyatlari nuqtai nazaridan keskin yangilagan she’riy asarlari qiyosida ko‘rsatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Anvar Obidjon she’riyatining badiiy-ma’rifiy xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
shoir she’riyatiga o‘zbek mumtoz adabiyoti an’analarining ta’siri, xususan, g‘azal shaklidagi she’rlarida Alisher Navoiy ijodiy an’analaridan oziqlanganligi haqidagi nazariy xulosalardan A-1-118 raqamli “Alisher Navoiy obrazining tasvir va talqiniga oid o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish” (2012-2017) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 27 noyabrdagi 89-03-4978-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida o‘quv qo‘llanmasi Alisher Navoiy obrazining bolalar adabiyotidagi talqiniga doir fikrlar bilan boyitilgan; 
Anvar Obidjonning fol`klor an’analaridan foydalanish mahorati xalq og‘zaki ijodiga xos janrlar misolida talqin qilinganligi xususidagi mulohazalardan XT-F2-004 raqamli “O‘zbek xalq pedagogikasi va fol`klor an’analari” (2008-2010) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 27 noyabrdagi 89-03-4978-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihaning fol`klor an’analari qismi boshlang‘ich sinflarda xalq og‘zaki ijodi ta’sirida yaratilgan she’riy asarlarni o‘qitish jarayonida xalq amaliy pedagogikasi tajribalaridan foydalanishning ahamiyati jonli misollar yordamida asoslab berilgan; 
hozirgi o‘zbek she’riyatida adabiy an’analar bilan dunyo adabiyoti tajribalarining sintezini asoslash maqsadida sharq adabiyotining buyuk klassiklari Navoiy, Bobur, Mashrab, Muqimiy; Evropa adabiyotining etuk vakillari Pushkin, Sergey Esenin ijodiy an’analaridan oziqlangan Anvar Obidjon poetik mahorati, shoir ijodining istiqlol davrida alohida rivojlanish pallasiga kirganligi “Maktab”, “O‘qituvchining o‘gitlari”, “Temur bobo rivoyati”, “Hayotning har lahzasi go‘zal” kabi she’rlarida yaqqol bo‘y ko‘rsatganligi haqidagi fikrlardan F-1-06 raqamli “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” (2012-2016) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 27 noyabrdagi 89-03-4978-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertant qarashlari qiyoslar asosida umumiy xulosalarni kuchaytirishga xizmat qilgan;
“Meshpolvonning janglari” dostoni, “Oltiariqdan olti ertak” turkumiga kiruvchi adabiy ertaklarda xalq og‘zaki ijodidan ta’sirlanish masalalari, miflarga xos bo‘rttirish, jonlantirish, motivirovka elementlari shoir she’riyatida komik holat yaratishning o‘ziga xos usuli sifatida xizmat qilganligi borasidagi mulohazalardan “O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni” (2012-2016) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 27 noyabrdagi 89-03-4978-son ma’lumotnomasi). Natijada Anvar Obidjon yaratgan dostonlar, adabiy ertaklar xususidagi nazariy xulosalar loyihaning ilmiy qimmatini oshirishga yordam bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish