Jamoliddinova Dilnoza Mirhojiddinovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Badiiy matnda terminlarning lingvopoetik va lingvokul`turologik xususiyatlari”, 10.00.01 – O‘zbek tili.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.DSc/Fil188.
Ilmiy maslahatchi: Mahmudov Nizomiddin Mamadalievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Hakimov Muhammad Xo‘jaxonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Karimov Suyun Amirovich, filologiya fanlari doktori, professor; Muhamedova Saodat Xudoyberdievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tili badiiy matnidagi terminlarning lingvopoetik va lingvokul`turologik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek tilidagi aniq va tabiiy fanlar hamda ijtimoiy-gumanitar fanlar terminlarining, shuningdek, kasb-hunar leksikasining matnda uslubiy xoslangan holda muayyan poetik-estetik maqsadlarda qo‘llanishi va matnning badiiy qimmatini oshirishga xizmat qilishi aniqlangan;
terminlarni matn tarkibida tahlil qilish ularning matniy qurshovda namoyon bo‘luvchi semantik-struktur, mantiqiy va badiiy-estetik mohiyatini, boshqa nutq uslublariga xoslanish xususiyatlarini aniqlashga imkon yaratishi, shu sababli mazkur birliklarni faqat gap doirasida emas, matn doirasida ham o‘rganish maqsadga muvofiq ekanligi asoslangan;
terminlar va kasb-hunar leksikasi til egalarining lisoniy ongi hosilasi sifatida badiiy matnda lingvomadaniy qimmatga ega bo‘lishi, shuningdek, mazkur sohalar bo‘yicha jamoa ongida shakllangan konseptlarning lisoniy ifodachisi sifatida badiiy matnda poetik tus olib voqelanishi isbotlangan;
badiiy matnda qo‘llangan ilmiy terminlar hamda kasb-hunar leksikasi orqali muayyan konseptning voqelanishiga xos milliy-madaniy semalari va uning badiiy matndagi poetik maqomi antropotsentrik qarashlar asosida ko‘rsatilgan;
badiiy matnda terminlarning lingvopoetik mohiyat kasb etishi va ularning poetik-estetik qimmati, qahramon nutqining o‘ziga xos xususiyatini ko‘rsatish vositasi sifatida komik tasvirni yaratishga xizmat qilishi matniy qurshov doirasida aniqlangan;
kasb-hunar leksikasi va terminlar ham boshqa lug‘aviy birliklar singari metaforik mazmun kasb etib, yozuvchining individual-badiiy uslubini shakllantiradigan, badiiy matnning emotsional-ekspressivligini ta’minlaydigan til birligi ekanligi ko‘rsatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Badiiy matndagi terminlarning lingvopoetik va lingvokul`turologik tadqiqi natijalari asosida:
terminlar orqali tilda konseptning voqelanish muammosi va uning badiiy matndagi uslubiy maqomi haqidagi xulosalardan «Umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik liseylar va kasb-hunar kollejlarida o‘zbek tili fanlari o‘qitishning innovatsion metodlari» mavzusidagi 7.2.1 raqamli fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 7 oktyabrdagi 89-03-3741-son ma’lumotnomasi) Natijada loyiha terminlarning uslubiy maqomi va badiiy matn qurshovida namoyon bo‘luvchi semantik-struktur xususiyatlari, nutq uslublariga xoslanishi kabi yangi ma’lumotlar bilan boyigan;
badiiy matnda terminlarning poetik aktuallashish qonuniyatlari, asar qahramoni ruhiy holatini aniq ifodalash vositasi bo‘la olishi haqidagi xulosalardan XT-F2-013 raqamli ”Umumiy o‘rta ta’lim maktablari amaliy psixologlari faoliyatini takomillashtirishning fundamental asoslari” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 7 oktyabrdagi 89-03-3741-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha psixologik terminlarning tavsifi hamda tilda psixologik terminlar orqali konseptning voqelanishi asosida yanada mukammal bo‘lishiga erishilgan;
aniq va tabiiy fanlar terminosistemalari hamda ijtimoiy-gumanitar fanlar terminosistemalarining badiiy matndagi stillashtirish imkoniyatlari haqidagi xulosalardan ModeHED «Institut, universitetlarda sog‘liqni saqlashga oid fanlarni modernizatsiyalash» xalqaro loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 7 oktyabrdagi 89-03-3741-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha terminlarga doir yangi ilmiy dalillar hamda aniq va tabiiy fanlar terminosistemalarining shakllanishiga doir ilmiy ma’lumotlar bilan boyitilgan;
badiiy matndagi terminlarning lingvopoetik hamda milliy-madaniy xususiyatlari, ulardan o‘rinli foydalanish xususidagi xulosalardan O‘zbekiston teleradiokompaniyasining «O’zbekiston» radiokanalining eshittirishlari ssenariysida foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokompaniyasining 2020 yil 12 oktyabrdagi 04-25-945-son ma’lumotnomasi). Natijada tayyorlangan materiallar mazmuni eshittirishlarning xolis yondashuv asosida tayyorlanishiga, tilning inson omili bilan bog‘liqlikda o‘rganilishiga, til birliklarining nutqiy imkoniyatlari, inson ongida va dunyoqarashida til dunyosining aksiologik manzarasini belgilashga doir ilmiy, amaliy va metodologik g‘oyalarning keng jamoatchilikka etkazilishiga imkon bergan.