To‘lagonova Shahnoza Abdumajidovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qadimgi turkiy bitiglarda kechgan stereotip birliklar: semantika va stilistika masalalari», 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil561.
Ilmiy rahbar: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Omonov Qudratilla Sharipovich, filologiya fanlari doktori, professor; Raxmonov Nasimxon Asqarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qadimgi turkiy bitiglardagi stereotip birliklarning semantik-stilistik xususiyatlari, ularning yozma adabiy tildagi transformatsiyasi masalalarini yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turkologiyada muayyan termin va nazariy qarash ostida birlashtirilgan qolip ifodalar ikki turga (stereotip birlik va formulalar) ajratilib, ularning o‘xshash va farqli jihatlari asosida aniq chegaralari ko‘rsatilgan;
stereotip birliklarning poetik tafakkurda ma’lum voqelikni ifodalash nuqtai nazaridan ularning til materiali sifatida tanlanishi dalillangan;
stereotip birliklar ettita mavzu guruhiga ajratilgan hamda ushbu birliklar muayyan birikma yoki jumlaning hosila ma’nosi asosida yuzaga kelishi aniqlangan;
stereotip birliklarning barqarorlashuvida ularda qo‘llangan alliteratsiya, so‘z takrori, sintaktik parallelizm, ellipsis, antiteza, kontekstual sinonimiya kabi stilistik figura va badiiy ifoda vositalarining o‘rni asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qadimgi turkiy bitiglarda kechgan stereotip birliklardagi semantika va stilistika masalalarini tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
VIII-IX asrlarda yaratilgan qadimgi turkiy bitiglar va ularda mavjud stereotip birliklar, stereotip birliklarning keyingi davr tiliga transformatsiyasi bilan bog‘liq natijalardan OT-F1-71 raqamli «Ilk va o‘rta asrlar Markaziy Osiyo mintaqasida etnolingvistik vaziyat» mavzuidagi loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 23 sentyabrdagi 89-03-3473-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi qadimgi turkiy til davridagi lingvistik vaziyatni yoritishga xizmat qilgan;
dissertatsiyada keltirilgan «Devonu lug‘ati-t-turk» asaridagi parchalar tadqiqining semantik qamrovi hamda dalillaridan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida davlat ilmiy-texnika dasturi doirasida bajarilgan P3-2016-0911134349 raqamli «Devonu lug‘ati-t-turk» asarining rus tiliga tarjimasini nashrga tayyorlash va nashr qildirish» mavzuidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2020 yil 20 noyabrdagi №3/1255-2576-son ma’lumotnomasi). Loyiha doirasida «Devonu lug‘ati-t-turk» asarining rus tiliga to‘g‘ri tarjima qilinishi uchun so‘zlarning semantik qatlamini aniqlashda dissertatsiyadagi asardan keltirilgan parchalar va ko‘chirmalarning semantik qamrovi haqidagi dalillardan foydalanilgan;
qadimgi turkiy bitiglarda kechgan stereotip birliklar tahliliga doir xulosalardan «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining «Buyuk yurt allomalari» hamda «Bashariyat siymolari» ko‘rsatuvlarining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» teleradiokanalining 2020 yil 2 sentyabrdagi 01/16-85-son ma’lumotnomasi). Natijada qadimgi turkiy tilda mavjud til birliklari, ularning farqli jihatlari, til birliklarining keyingi davrlardagi variatsiyasi xususidagi ma’lumotlar ko‘rsatuvlarning ta’sirchanligi va ilmiyligini oshirishga xizmat qilgan.