G‘ulomova Xilola Azizovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Afzaliyning «Majma’ ul-masoil» asari qo‘lyozma nusxalarining qiyosiy-tekstologik tadqiqi”, 10.00.10 - Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil.633.
Ilmiy rahbar: [Hasanov Saidbek Rustamovich], filologiya fanlari doktori, professor; Rahmonov Nasimxon Asqarovich, filologiya fanlari doktori, professor 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Imomnazarov Muhammadjon Sultonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Afzaliyning “Majma’ ul-masoil” asari qo‘lyozma nusxalarining qiyosiy-tekstologik tadqiqini amalga oshirish orqali uni fiqhga oid ilmiy-adabiy manba sifatida asoslab berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Majma’ ul-masoil” manzumasi muallifi Afzaliyning islom ilmlarini puxta egallagan shaxs ekani asar matniga tayangan holda aniqlangan hamda u Hasanxo‘ja Nisoriyning “Muzakkir ul-ahbob”, Mutribiy Samarqandiyning “Nushai zeboi jahongir” va “Tazkirat ush-shuaro” asarlarida keltirilgan Afzaliylar shaxsiga mos kelmasligi dalillangan;
Afzaliy fiqh masalalarini yoritishda “Kifoya”, “Sahih ul-Buxoriy”, “Muxtasar ul-viqoya”, “Hidoya”, “Tuhfat ul-fuqaho”, “Hayrat ul-fuqaho”, “Muxtasar ul-Quduriy”, “Muhit”, “Muxtasar ul-xizona”, “Xulosa”, “Sharh ul-avrodiyya”, “Qozixon”, “Kanz ul-’ibod”, “Salot ul-Mas’ud” kabi ilmiy manbalarga asoslangani ochib berilgan;
Afzaliyning “Majma’ ul-masoil” asarida tajnis, tavze’, tarse’, ishtiqoq kabi lafziy san’atlar, iltifot, ta’did, tanosub, mutobaqa, iqtibos singari ma’naviy san’atlar, qofiyaning eng faol turi sifatida muqayyad-i mujarrad, o‘rtacha faol turi sifatida mutlaq qofiyaning vaslli, xurujli, mazidli va noyirali turlari qo‘llangani asoslangan;
“Majma’ ul-masoil” asarining Toshkent fondlarida mavjud qo‘lyozma va toshbosma nusxalari ilmiy tavsiflanib, ulardan professor S. Hasanovning shaxsiy kutubxonasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti (8398 raqamli), Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi (646 raqamli) fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozma nusxalari qiyoslangan holda yig‘ma-qiyosiy matn tuzish tamoyillari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Afzaliyning “Majma’ ul-masoil” asari qo‘lyozma nusxalarining qiyosiy-tekstologik tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
fiqhga oid eski o‘zbek tilida yozilgan nazmiy asarlar, xususan, Alisher Navoiyning “Siroj ul-muslimiyn”, “Arba’iyn”, Boburning “Mubayyin”, “Risolayi volidiyya”, So‘fi Olloyorning “Sabot ul-ojizin”, Huvaydoning “Rohati dil” asarlariga oid natijalardan OT-F1-71 raqamli “Ilk va o‘rta asrlar Markaziy Osiyo mintaqasida etno-lingvistik vaziyat” mavzuidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 15 sentyabr` 89-03-3325-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek she’riyatida ilk va o‘rta asrlar Markaziy Osiyo mintaqasida islom fiqhiga oid nazmiy asarlar turkiy tilda ham yaratilganligi hamda keng tarqalganligi masalalarini yoritib berishga xizmat qilgan;
Afzaliy tomonidan yozilgan “Majma’ ul-masoil” asarining Toshkent shahri fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalari tavsifi, miqdori, sifatiga oid ilmiy xulosalar va S.Hasanovning shaxsiy kutubxonasida saqlanayotgan Afzaliyning “Majma’ ul-masoil” asari qo‘lyozmasi elektron nusxalaridan G‘afur G‘ulom uy-muzeyi saytida tashkil etilgan “Nodir manbalar” rukni onlayn ekspozisiyasini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligining 2020 yil 19 oktyabr` 01-12-10-4664-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek mumtoz adabiyoti manbalari, muzey fondida saqlanayotgan qo‘lyozma asarlarning elektron katalogi hamda muzey fondidagi o‘zbek adabiyotiga doir ekspozisiyalarning ekskursiya matnlari boyitilgan;
Afzaliyning “Majma’ ul-masoil” asari toshbosma va qo‘lyozma nusxalarining qiyosiy-tekstologik xususiyatlariga doir ma’lumotlardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston tarixi» telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 20 mart 02-40-626-son ma’lumotnomasi). Natijada tomoshabinlarga “Majma’ ul-masoil” asarining mazmuni, mumtoz adabiyot namoyandalarining ilmiy-adabiy asarlari hozirda ham ahamiyatli ekani haqidagi ma’lumotlar etkazilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish