Mirzajonova Gulchiroy Solijonovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Anacanthotermes ahngerianus Jacobs turi termitlari ayrim funksional ko‘rsatkichlarining bioritmlari», 03.00.08 – Odam va hayvonlar fiziologiyasi (biologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/V149.
Ilmiy rahbar: Kuchkarova Lyubov` Salijanovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti Biofizika va biokimyo instituti, DSc.03/30.12.2019.V.01.13.
Rasmiy opponentlar: Shaxmurova Gul`nara Abdullaevna, biologiya fanlari doktori, professor; Qurbanov Abdulaziz Shaniyozovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: A. ahngerianus termitlarida ayrim funksional ko‘rsatkichlar va ularning bioritmlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
A. ahngerianus termitlar yashovchanligi va organizmidagi asosiy plastik va energetik moddalar, xususan oqsillar, uglevodlar, umumiy lipidlar miqdori faol va tinim davrida aniqlangan;
termitlarda faol va tinim davrida gazlar (O2 va SO2) va energiya almashinuvi aniqlangan;
termitlarning ko‘ruv reseptorlari molekulyar fiziologik tadqiq etilgan va ularning ko‘ra olish qobiliyatiga ega ekanligi isbotlangan. 
termitlarning fototaksis va ol`faktor reaksiyalarning sirkadian bioritmlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Anacanthotermes Ahngerianus Jacobs termitlari ayrim funksional ko‘rsatkichlarining bioritmlarini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
«Termitlar zararini oldini olish va ularga qarshi uyg‘unlashgan kurash tizimiga oid tavsiyalar» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2020 yil 24 dekabrdagi 2.2.32-1334-son ma’lumotnomasi). Natijada, termitlarning tarqalishi va binolarning zararlanishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan aholini va hududlarni muhofaza qilish imkonini bergan; 
fototransduksiyaning asosi bo‘lgan rodopsin geni nukleotidlar ketma-ketligi NCBI (GenBank, AQSh) xalqaro ma’lumotlar bazasiga (MK 840977) kiritilgan (Hohenheim universitetining 2020 yil 17 noyabrdagi ma’lumotnomasi, Germaniya). Natijada, O‘zbekiston hududida tarqalgan A. ahngerianus turi termitlari fotoreseptorlaridagi rodopsin geni va oqsilining o‘ziga xosligini aniqlash va sekvens ma’lumotlaridan dunyoning turli mintaqalaridagi ilmiy markazlarda olingan natijalarni taqqoslash (rodopsin geni va oqsili) imkonini bergan; 
termitlarning fiziologik faol va tinim davrlarida funksional bioritmlari va yashovchanligining o‘ziga xosligidan PZ-20170927149 raqamli «Anacanthotermes avlodi termitlariga qarshi yangi antitermit em-xuragi va kurash usullarini ishlab chiqish» mavzusidagi loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 28 dekabrdagi 4/1255-2976-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi avloddagi antitermit vositalarni qo‘llash orqali termitlar sonini kamaytirish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish