Opaeva Raygul Aymanovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Hozirgi qoraqalpoq tilidagi qo‘shma otlarning lingvistik tahlili» 10.00.03 – Qoraqalpoq tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil812.
Ilmiy rahbar: Qudaybergenov Mambetkerim Sarsenbaevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti DSc/PhD.03/30.12.2019.Fil.20.01.
Rasmiy opponentlar: Zaribbay Dusimov filologiya fanlari doktori, professor; Najimov Perdebay Aymanovich filologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim. 
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi hozirgi qoraqalpoq tilida qo‘shma otlarning lingvistik mohiyatini aniqlash, ularning tuzilmaviy-semantik, funksional, nominativ va kognitiv xususiyatlarini o‘rganishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qoraqalpoq tilidagi qo‘shma otlarning tuzilmaviy-semantik va funksional xususiyatlari tilshunoslikda shakllangan yangi ilmiy-nazariy qarashlar negizida aniqlangan;
qo‘shma otlarning lingvistik tabiati so‘z birikmalari va turg‘un so‘z birikmalaridan farqli ravishda ochib berilgan;
murakkab, juft va takroriy otlarning funksional mohiyati yoritilgan hamda qisqartma otlarning tuzilmaviy-semantik turlari va shakllari, derivatsion xususiyatlari, grammatik strukturasi bilan bog‘liq umumiy va farqli tomonlari oydinlashtirilgan;
kompozision usul bilan yasalgan qo‘shma otlarning lingvistik mohiyati va tamoyillari ochib berilgan hamda uning til lug‘at tarkibini boyitishdagi o‘rni hamda ahamiyati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Hozirgi qoraqalpoq tilida qo‘shma otlarning lingvistik tahlili bo‘yicha olingan natijalar asosida:
qo‘shma otlarning yasalishi, struktur-semantik usullari bo‘yicha olingan ilmiy-nazariy umumlashmalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutida 2012-2016 yillarda bajarilgan FA-F1-G003 raqamli «Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2020 yil 3 dekabrdagi 262/1-son ma’lumotnomasi). Natijada hozirgi qoraqalpoq tilidagi qo‘shma otlarning grammatik xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha dissertatsiyadagi nazariy xulosalar va amaliy tavsiyalar unda asosiy manba sifatida qo‘llanilgan;  
qo‘shma otlarning matbuot sahifalarida, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlarda, qonun va rasmiy hujjatlarda yozilishi masalasiga doir materiallardan Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasining «Tilga e’tibor – elga e’tibor», «Me’ros», «Xayrli tong» eshittirishlari va «Assalom, Qoraqalpog‘iston!» teleko‘rsatuvlarini tayyorlashda qo‘llanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasining 2020 yil 10 dekabrdagi 01-02/273-son ma’lumotnomasi). Natijada keng jamoatchilikning nutq jarayonida qo‘shma otlarni qo‘llash me`yorlari va samaradorligi bo‘yicha bilimlarini boyitishga erishilgan, shuningdek,  qoraqalpoq milliy adabiy tilining ichki rivojlanish tamoyillariga oid nazariy ma’lumotlar ommalashtirilgan;
qoraqalpoq tilidagi qo‘shma otlar, ularning semantikasi va grammatik tuzilishiga oid xulosalardan «Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida» Qonun ijrosini ta’minlash borasida rasmiy hujjatlarni adabiy til me’yorlariga mos ravishda yuritishda foydalanilgan (Nukus shahar hokimligining 2020 yil 2 dekabrdagi 01-04/412-sonli ma’lumotnomasi). Olingan natijalardan qo‘shma otlarning imlo xatolarisiz to‘g‘ri yozilishi, hujjatlarning adabiy til normalariga muvofiq olib borilishi ta’minlangan. 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish