Berdiev Bobir Raxmatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda stratifikatsion jarayonlar: sotsial holat va istiqbol», 22.00.02 – Ijtimoiy tuzilish, ijtimoiy institutlar va turmush tarzi (sotsiologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Sots15.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Dsc.20/30.12.2019.S.23.04.
Ilmiy rahbar: Xolbekov Abdug‘ani Jumanazarovich, sotsiologiya fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Umarov Abdusalom Odilovich, sotsiologiya fanlari doktori, professor; Norbekov Anvar Shomurodovich, sotsiologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda stratifikatsiya jarayonlarining mavjud holati, unga ta’sir etuvchi sotsiomadaniy omillarning (tafakkur tarzi, hayot darajasi, urbanizatsiya jarayonlarining kuchayishi, shahar hayotiga moslashish va b.) o‘ziga xos xususiyatlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yangilanayotgan O‘zbekiston jamiyati hayotida yuz berayotgan keng miqyosli sotsial jarayonlarning statik holatdan dinamik o‘zgarishlarga transformatsiyasini tasniflash orqali aholi tabaqalashuvining ob’ektiv jarayon sifatidagi (turmush darajasining yaxshilanishi, inson kapitalining ortishi, tadbirkolikning ijtimoiy harakatga aylanishi) va integrativ (jamoaviy intilish, yakdil harakatlanish, avlodlararo vorisiylik) xususiyatlari namoyon bo‘lishi fenomeni (voqeligi) asoslangan;
sotsial stratifikatsiya jarayonlarining mexanizmlarini o‘zida aks ettiruvchi «ijtimoiy mavqe», «sotsial mobillik», «ijtimoiy tabaqalanish» tushunchalari va ularni ifodalovchi sotsial hodisalarni prognozlash orqali jamiyat ijtimoiy strukturasiga pozitiv-funksional ta’sirini optimallashtirish uchun analitik baza bo‘lishi isbotlangan;
hokimiyat strukturalari tomonidan aholining ijtimoiy muammolarini ijobiy hal etish orqali ijtimoiy tabaqalanish jarayonlarini optimallashtirishga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar (aholi real daromadlari, sifatli ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidan foydalanish, bandlik, ish o‘rinlari, kasb nufuzi) aniqlangan;
mamlakatimizda tadbirkorlar va ishbilarmonlar o‘rta qatlamini shakllantirishda faol ijtimoiy siyosat yo‘nalishlari va omillari: huquqiy-iqtisodiy (mulkning xilma-xilligi, xususiy mulk daxlsizligi), iqtisodiy (biznes inkubatorlar, kovorking markazlar tashkil etish), moliyaviy (imtiyozli soliqlar), sotsial (hududlarda ko‘plab yangi ish o‘rinlarini yaratish) omillari qiyoslanib, ularning kichik biznes va sotsial tashabbuslarni jonlantirishdagi ahamiyati ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
«O‘zbekistonda stratifikatsion jarayonlar: sotsial holat va istiqbol» mavzusidagi dissertatsiya tadqiqotining quyidagi natijalari amaliyotga joriy qilingan:
yangilanayotgan O‘zbekiston jamiyati hayotida yuz berayotgan keng miqyosli sotsial jarayonlarning statik holatdan dinamik o‘zgarishlarga transformatsiyasini tasniflash orqali aholi tabaqalashuvining ob’ektiv jarayon sifatidagi spesifikasi, tendensiyalari va integrativ xususiyatlariga oid taklifidan «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazining 2018 yil 4 yanvardagi 3-sonli buyrug‘iga asosan «2018-2020 yillar davomida Yoshlarga oid davlat siyosati va barkamol rivojlangan avlodni shakllantirish» mavzusidagi sotsiologik so‘rovnomaning modifikatsiyalashtirilgan shaklini ishlab chiqishda foydalanilgan («Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining 2019 yil 03 iyuldagi 01-16/273 hamda 2021 yil 7 yanvardagi 01-16/05-son ma’lumotnomalari). Bu jamiyat hayotidagi dinamik o‘zgarishlarga yuz tutayotgan ijtimoiy tabaqalashuv jarayonlariga oid nazariy yondashuvlarni korreksiyalashda xizmat qildi;
sotsial stratifikatsiya jarayonlarining mexanizmlarini o‘zida aks ettiruvchi «ijtimoiy mavqe», «sotsial mobillik», «ijtimoiy tabaqalanish» tushunchalari va ularni ifodalovchi sotsial hodisalarni prognozlash orqali jamiyat ijtimoiy strukturasiga pozitiv-funksional ta’sirini optimallashtirish uchun analitik baza bo‘lishi taklifidan «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazining «Ijtimoiy taraqqiyot va ta’lim jarayoni» mavzusida o‘tkazilgan sotsiologik so‘rovda 2018 yil 5 yanvardagi 4-sonli buyrug‘iga asosan “O‘zbekistonda stratifikatsion jarayonlarning sotsial holati va istiqbollari”ga oid anketasi Markaz faoliyatiga joriy qilingan («Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining 2019 yil 03 iyuldagi 01-16/273 hamda 2021 yil 7 yanvardagi 01-16/05-son ma’lumotnomalari). Bu jamiyatda aholining, shu jumladan, yoshlarning bandlik, urbanizatsiya va ta’lim sohasidagi ijtimoiy mobilligi, ijtimoiy qatlamlar va ijtimoiy tabaqalashuvining zamonaviy komponetlarini tahlil etish imkonini bergan;
hokimiyat strukturalari tomonidan aholining ijtimoiy muammolarini ijobiy hal etish orqali ijtimoiy tabaqalanish jarayonlarini optimallashtirishga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar (aholi real daromadlari, sifatli ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidan foydalanish, bandlik, ish o‘rinlari, kasb nufuzi) aniqlanganligi borasidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 iyuldagi «Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» PQ-3856-son Qarorining 4-bandini to‘ldirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019 yil 12 iyuldagi 01/00-04/08-5193-son ma’lumotnomasi). Bu aholini ish bilan ta’minlashning zamonaviy samarali shakllarini, aholi bandligini ta’minlashda xususiy tashkilotlarning rolini oshirish, jamoat ishlarini tashkil qilish va tashqi migratsiya masalalarini faollashtirishga oid dasturlarni ishlab chiqishda foydalanilgan. Bu aholining ijtimoiy muammolarini ijobiy hal etish imkonini bergan;
mamlakatimizda tadbirkorlar va ishbilarmonlar o‘rta qatlamini shakllantirishda faol ijtimoiy siyosat yo‘nalishlari va omillari: huquqiy-iqtisodiy (mulkning xilma-xilligi, xususiy mulk daxlsizligi), iqtisodiy (biznes inkubatorlar, kovorking markazlar tashkil etish), moliyaviy (imtiyozli soliqlar), sotsial (hududlarda ko‘plab yangi ish o‘rinlarini yaratish) omillari qiyoslanib, ularning kichik biznes va sotsial tashabbuslarni jonlantirishdagi roliga oid takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 iyuldagi «Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» PQ-3856-son Qarorining 4-bandida keltirilgan «ishchi kuchi ko‘p bo‘lgan hududlarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, ayniqsa, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari uchun yangi ish o‘rinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi korxonalarni tashkil etish, bunda hududiy jamg‘armalarning tashkil etilgan korxonalardagi ulushini xususiy sheriklarga keyinchalik realizatsiya qilish shartini nazarda tutish» qismini to‘ldirishda metodologik manba sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va Mehnat munosabatlari vazirligining 2019 yil 12 iyuldagi 01/00-04/08-5193-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif «Aholi bandligini ta’minlash to‘g‘risida»gi Qonunini yangi tahrirda ishlab chiqishda manba sifatida foydalanilgan.