Xolmurodova Olima Abdivalievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek va ingliz kumulyativ ertaklarining qiyosiy-tipologik tadqiqi”, 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil462.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika instituti.
Ilmiy rahbar: Eshonqulov Joppor Solievich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil46.02.
Rasmiy opponentlar: Rahmonov Nasimxon Asqarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Selami Fidakar, filologiya fanlari doktori, Turkiya jumhuriyati Egey universiteti.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek va ingliz kumulyativ ertaklarini qiyosiy-tipologik jihatdan tahlil qilish orqali ikki xalq ertakchilik an’analarining o‘xshash va farqli jihatlarini aniqlash, kumulyativ ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlari, syujet tizimining shakllanish tarixi, motivlar tarkibi va obrazlar sistemasining epik transformatsiyasini oydinlashtirishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek fol`klorshunosligida ilk bor kumulyativ ertaklarning syujeti zanjirsimon-takror ko‘rinishiga egaligi, badiiy kontekstda savol-javob formulasi va she’riy qismlar muhim o‘rin tutishi, kompozisiyasining boshlama, epik bayon va xotimadan iboratligi kabi o‘ziga xos xususiyatlarga egaligi hamda bu tip ertaklar ko‘p qismli syujetlar halqasi va bir-biriga bog‘lanuvchi motivlar asosida shakllanganligi aniqlangan;
kumulyativ ertaklar aniq shakllangan takrorlanuvchi sintaktik bo‘g‘inlarga bo‘linishi va inson bilan uni o‘rab turgan olam o‘rtasidagi bog‘liqliklarning ko‘p qirrali va murakkab munosabatlarini badiiy talqin etishi bilan xarakterlanishi dalillangan;
kumulyativ ertaklarning obrazlar tizimi faol va nofaol personajlardan iborat bo‘lib, ertak syujetining semantik ko‘lamini belgilovchi faol personajlarning aksariyati epik obraz darajasiga ko‘tarilganligi, nofaol personajlar esa epizodik xarakterga egaligi isbotlangan;
o‘zbek va ingliz kumulyativ ertaklari har bir xalqning ko‘p asrlik tarixiy-madaniy an’analari hamda o‘ziga xos maishiy turmushini aks ettiruvchi fol`klor asarlari bo‘lib, o‘zining ijro shakli, mazmuni, badiiy talqini, etnomadaniy konteksti va lingvokul`turologik xususiyatlariga ko‘ra bir-biridan farqlanib turishi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek va ingliz kumulyativ ertaklarini qiyosiy-tipologik tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kumulyativ ertaklarning janriy xususiyatlari va o‘ziga xos epik tabiatini tadqiq etish asosida chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida 2017-2018 yillarda bajarilgan OT-A1-47 «Fol`klorshunoslik atamalari lug‘ati» mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2020 yil 11 noyabrdagi 3/1255-2459-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek ertaklarining o‘ziga xos xususiyatlari, o‘zbek ertaklarining o‘rganilishi, o‘zbek ertaklarida syujet va motivlar talqini, ertaklarning qiyosiy tipologiyasi va taraqqiyot tamoyillariga doir atamalar ma’nosini yoritish maqsadida tayyorlangan lug‘at-maqolalarini nazariy jihatdan mukammallashtirishga erishilgan;
o‘zbek xalq kumulyativ ertaklaridagi syujet va motivlar zanjirining takroriy xarakterga egaligi hamda she’riy bandlarning ertak kompozision strukturasidagi poetik vazifalarini oydinlashtirishga qaratilgan tahliliy xulosalaridan «O‘zbekiston-Qirg‘iziston» do‘stlik jamiyatining 01/108 «O‘zbekiston-Qirg‘iziston» do‘stlik jamiyatini rivojlantirish, o‘zaro tarjimashunoslikni keng yo‘lga qo‘yish dasturi» doirasi «Ona yurtim – Qirg‘iziston, O‘sh» kitobini nashrga tayyorlab chop etish, Toshkent, Bishkek va O‘sh shaharlaridagi taqdimotlarini o‘tkazish» mavzuidagi amaliy loyihada foydalanilgan («O‘zbekiston-Qirg‘iziston» do‘stlik jamiyatining 2020 yil 17 sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Buning natijasida ertakchilik an’analarining o‘ziga xosligi, ertaklardagi she’riy parchalarning poetik talqinlari, ertaklar genezisi va obrazlar tizimini qiyosiy tahlil qilish asosida turkiy xalqlar poetik tafakkurining mushtarak negizga egaligi haqidagi ilmiy-nazariy qarashlarni takomillashtirishga erishilgan;
o‘zbek va ingliz kumulyativ ertaklarining lingvopoetik xususiyatlarini qiyosiy tahlil qilish jarayonida olingan ilmiy-nazariy natijalardan Samarqand davlat chet tillar institutida bajarilgan Evropa Ittifoqi Erasmus + dasturining 2016–2018 yillarga mo‘ljallangan 561624 – EPP – 1 – 2015 – UK-EPPKA2 – CBHE – SP – ERASMUS+CBHE IMEP: «O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va xalqarolashtirish» nomli innovatsion loyihani bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 7 oktyabrdagi 89-03-740-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘qituvchilarning lingvistik va kommunikativ qobiliyatini oshirish, adabiyotshunoslik asoslariga doir bilimini oshirish hamda ta’lim tizimi jarayonini xalqarolashtirish maqsadida uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqishda yangi yondashuvlarga erishilgan;
o‘zbek xalq ertaklarining yosh avlodni ma’naviy barkamol qilib tarbiyalash, milliy o‘zlikni anglashdagi ahamiyatiga tegishli ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanali «Adabiy jarayon», «Bolalar uchun», «Muqaddas qo‘rg‘on» radioeshittirishlarining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston MTRK «O‘zbekiston» teleradiokanalining 2020 yil 20 avgustdagi 04-25-78-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar ilmiy jihatdan boyitilib, xalq ertaklarining bugungi kundagi ahamiyati va bolalar tarbiyasidagi o‘rni haqidagi ilmiy qarashlarni keng ko‘lamda targ‘ib etilgan. Shuningdek, tadqiqot natijasida to‘plab, nashr etilgan «Kumulyativ ertaklar olami» nomli kitobdan o‘rin olgan ertaklar matni radioeshittirishlarda o‘qib eshittirilgan;
o‘zbek xalq kumulyativ ertaklarini keng omma orasida targ‘ib qilishda tadqiqotning ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Jizzax viloyati bo‘limining «Sayqal», «Assalom Jizzax» kabi teleko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston MTRK Jizzax viloyati bo‘limining 2020 yil 17 sentyabrdagi 02-09/727-son ma’lumotnomasi). Natijada xalq og‘zaki ijodi va milliy an’analarimizning madaniy rivojlanishida tutgan o‘rni, ta’lim-tarbiyadagi ahamiyatini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilishga erishilgan.