Kurolov Kobuljon Kulmanovichning
doktorlik dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Bozor munosabatlari sharoitida iqtisodiy ta’lim tizimining takomillashuvi qonuniyatlari», 08.00.01–Iqtisodiyot nazariyasi (iqtisodiyot fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /LA № 0001725/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.06.2015/B2015.2.I447.
Ilmiy maslahatchi: Tuxliev Nurislom, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, 14.07.2016.I.03.01.
Rasmiy opponentlar: Abulqosimov Xasan Pirnazarovich,iqtisodiyot fanlari doktori, professor;Nabiev Elshod G‘anievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Mamatov Axmatjon Atajanovich,iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bozor munosabatlari va globallashuv jarayoni chuqurlashayotgan sharoitda iqtisodiy ta’lim tizimining takomillashuv qonuniyatlarining mohiyatini yanada aniqlashtirish hamda mazkur ta’lim tizimi sifatini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
iqtisodiy ta’limning sifati va natijaviyligini ta’minlash omillari, mezonlari va istiqbol talablarini e’tiborga olgan holda ta’lim tizimining ijtimoiy-iqtisodiy natijaviyligini oshirish bo‘yicha nazariy xulosalar asoslangan;
iqtisodiy ta’lim tizimining takomillashuv qonuniyatlari – «bozor tarkibi-bozor munosabatlari-ta’lim natijalari» paradigmasi nuqtai nazaridan tizimning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlovchi mezonlari va samaradorlik ko‘rsatkichlari takomillashtirilgan;
iqtisodiy ta’limning ierarxik-funksional tuzilishi asosida uning komponentlari tarkibi, ichki o‘zaro bog‘liqlik va munosabatlarining iqtisodiy tabiati ochib berilgan;
iqtisodiy ta’lim ko‘lami, sifati, samaradorlik mezonlari, rivojlanish va takomillashuv tendensiyalari va istiqbol maqsadlari asosida iqtisodiy ta’lim tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari aniqlangan;
2030 yilgacha iqtisodchi kadrlarga bo‘lgan talabning ko‘p omilli ssenariylarga asoslangan prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan hamda kadrlar tayyorlashda raqobat muhitini rivojlantirish, bozor talabiga moslashuvchanlik darajasi va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
zamonaviy «iqtisodchi-bozorshunos» mutaxassislarni tayyorlash borasidagi takliflar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining 2016 yil 12 noyabrdagi 04/3-06-389-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflardan bandlik dasturlarida ijtimoiy soha rivojlanishida, jumladan «Demografik omillar va mehnat bozoridagi vaziyatni hisobga olgan holda ish o‘rinlari va bandlikni ta’minlashga ehtiyoj» deb nomlangan 3-bobini va «Band bo‘lmagan aholi, kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha choralar» deb nomlangan 5-bobini ishlab chiqish va ular yuzasidan tadbirlarni tayyorlash imkonini bergan;
professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirishda hududiy markazlar va «Milliy elektron ta’lim» tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha takliflar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2016 yil 10 oktyabrdagi 87-03-2967-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijadan foydalanish iqtisodiy ta’lim tizimini yanada liberallashtirish, sohada raqobat muhitini yaratish, yirik va o‘rta shaharlardagi ilmiy, ilmiy-pedagogik, ilmiy tadqiqot, malaka oshirish muassasalarini jalb qilish, iqtisodiy ta’limning markazda mujassamlashib qolishiga barham berish, uni diversifikatsiyalash va zamonaviylashtirish imkonini bergan;
ta’lim muassasalarini moliyalashtirishda byudjet mablag‘lari hajmini aniqlash va bashoratlash, ta’lim tizimi tarkibini optimallashtirish orqali byudjet xarajatlarini rejalashtirish uslubiyatini takomillashtirish, iqtisodiy ta’limni moliyalashtirishning moslashuvchanligini oshirish bo‘yicha takliflar Moliya vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2016 yil 22 noyabrdagi MM/12-06-14/4065-son ma’lumotnomasi). Iqtisodiyot sohasi professor-o‘qituvchilarini hududiy markazlar va elektron ta’limdan foydalanish orqali qayta tayyorlash natijasida tejalgan mablag‘ hajmi bir yilda 741,3 mln. so‘mni tashkil etgan;
2030 yilgacha iqtisodchi kadrlar tayyorlashni ko‘p omilli bashoratlash yuzasidan taklif Iqtisodiyot vazirligi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2016 yil 8 noyabrdagi 7-son ma’lumotnomasi). Bu iqtisodchi kadrlarni tayyorlash amaliyoti va natijalari koordinatsiyasi hamda monitoringini o‘tkazish, iqtisodiy ta’lim tizimini, uning ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olib, bashoratlarini ishlab chiqish, iqtisodiyot profilidagi oliy o‘quv yurtlari va fakul`tetlariga aholi, bozor hamda jamiyat ehtiyojlarini hisobga olib yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va hududlar kesimida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bilan bog‘liq ravishda qabul bo‘yicha takliflarni yanada asosli tayyorlash imkonini bergan.