Olimjonov Shuhratjon Solixjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mahalliylashtirilgan Amaranthus o‘simligi urug‘larini qayta ishlash mahsulotlarining kimyoviy tarkibi va ular asosida biologik faol qo‘shimchalar yaratish», 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/K244.
Ilmiy rahbar: Ziyavitdinov Jamolitdin Fazlitdinovich, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bioorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bioorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/V.37.01.
Rasmiy opponentlar: Boboev Baxrom Nurillaevich, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Raxmanberdieva Ra’no Karimovna, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim. 
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliylashtirilgan Amaranthus o‘simliklari urug‘laridan olingan unlarning kimyoviy tarkibi va farmakologik xususiyatlarini aniqlash, ular asosida funksional oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab-chiqarishda qo‘llaniladigan yangi biologik faol qo‘shimchalar yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Andijon viloyatida etishtirilgan Amaranthus cruentus Gelios va Xar`kov 1 hamda Amaranthus hypochondriacus – Lera va Andijon navli amarant urug‘laridan olingan unlarning kimyoviy tarkibi (yog‘lilik darajasi, oqsil miqdori, vitaminlar, erkin aminokislotalar, uglevodlar miqdorlari) aniqlangan;
Na-DDS-elektroforez natijasiga ko‘ra, amarant unlarining tarkibida molekulyar massalari 8-66 kDa gacha bo‘lgan jami 15 ta oqsil borligi aniqlanib, LC-MS usulida esa jami 34 ta oqsil mavjudligi isbotlangan;
amarant oqsillarining triptik gidrolizati tarkibidan rux ionlarini bog‘lovchi ikkita peptid ajratib olinib, ularning birlamchi tuzilishi va ajratilgan peptidlar uchun tegishli bo‘lgan oqsillar identifikatsiya qilinib, SWISS-MODEL tahlil dasturi asosida oqsilning fazoviy tuzilishi va peptidlarning antiradikal faolliklari aniqlangan;
amarant unidagi almashinmaydigan erkin aminokislotalarning miqdori bug‘doy uniga nisbatan: Lys va Arg - 5 marta; Ile - 4 marta; Phe, Met, Leu, His, Val - 2 marta va Trp - 1.5 marta ko‘p ekanligi, amarant uni tarkibidagi V1, V2, V3, V6, V9, S, RR vitaminlari miqdori aniqlangan;
amarant unining antigiperlipedemik va antioksidant faolliklari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Amarant urug‘laridan olingan unlarning kimyoviy tarkibi, biologik va farmakologik xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mahalliylashtirilgan Amaranthus o‘simliklari urug‘laridan olingan unlar asosida yangi biologik faol qo‘shimcha olish usulidan SIFAT AGRO SERVIS” MChJda amarant o‘simligi Helios navi urug‘idan biologik faol qo‘shimcha olishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining ma’lumotnomasi). Natijada, “BIO DARMON” biologik faol qo‘shimchasini ishlab chiqarish imkonini bergan;
amarant unidan biologik faol oqsillarni ajratib olish usulidan Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon fizik-kimyoviy texnika institutida bajarilayotgan “International Science and Technology Center Projects” loyihasida turli xil o‘simlik urug‘laridan biologik faol oqsillarni ajratib olish jarayonida foydalanilgan (Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon fizik-kimyoviy texnika institutining ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu uslub Amaranthus cruentus urug‘idan biologik faol oqsil va peptidlar olish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish