To‘raeva Umida Egamberdievna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Abdulla Oripov she’riyati leksikasi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2019.3.PhD/Fil 959.
Ilmiy rahbar: Sayfullaeva Ra’no, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.70.01.
Rasmiy opponentlar: Iskandarova Sharifa, filologiya fanlari doktori, professor; Umurqulov Bekpo‘lat, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Abdulla Oripov she’riyati leksikasini lingvistik tekshirish va tavsiflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Abdulla Oripov she’riyati leksikasining ideografik hamda izohli lug‘atini tuzish tamoyillari ishlab chiqilgan, ularni tasniflash muammolari aniqlangan hamda bunda mavzuviy-semantik guruhlar faktik materiallar asosida dalillanganligi o‘zbek jamiyati uchun yangi leksikografik mezon yuzaga keltirganligi yoritilgan;
shoir she’riyati leksikasi tarixiy-etimologik jihatdan tahlil qilinganda o‘z qatlam so‘zlari 5525 ta, o‘zlashma qatlam so‘zlari 4821 ta ekanligi aniqlangan;
ijodkor she’riy idiolektida umumiste’mol birliklari va poetizmlar miqdoran nomuvofiqligi aniqlanib, ko‘chma ma’noli so‘zlar uzual va okkazional, yasama leksemalar lisoniy va nutqiy turlardan iborat ekanligi ochib berilgan;
Abdulla Oripov she’riyati leksikasi 14 asosdagi jami 144844 ta leksikografik belgi bilan tavsiflangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Abdulla Oripov she’riyati leksikasining lingvistik, lingvostilistik xususiyatlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ijodkor she’riy idiolektida umumiste’mol birliklari va poetizmlar miqdoran nomuvofiqligi aniqlanib, ko‘chma ma’noli so‘zlar uzual va okkazional, yasama leksemalar lisoniy va nutqiy turlardan iborat ekanligi bilan bog‘liq natijalaridan FA-F1-GOOZ «Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi» nomli fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zRFAQB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2020 yil 2 martdagi 46-son ma’lumotnomasi). Natijada poetik nutqni lison-nutq tamoyili asosida tadqiq qilishda shoir she’riyati leksikasida qo‘llangan leksik birliklarning lisoniy imkoniyatlari va nutqiy voqelanishlarini asoslash bo‘yicha muayyan xulosalar chiqarish imkonini bergan;
Abdulla Oripov she’riyati leksikasining ideografik hamda izohli lug‘ati o‘zbek jamiyati uchun yangi leksikografik manba ekanligiga oid natijalaridan OT-F8-022 raqamli «Hozirgi zamon sivilizatsiyasining inson ijtimoiy qiyofasiga ta’siri» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 17 oktyabrdagi 89-03-3994-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarini qo‘llash asosida til inson tafakkur faoliyatining asosiy mexanizmi va quroli ekanligi, uning tabiati va ma’naviy olamining tarkibiy qismi sifatida qaralishi haqidagi o‘rinlarning mukammalashishiga erishilgan;
shoir she’riyati leksik qatlamlari tahlili va tasnifiga oid ilmiy xulosalaridan Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasining ko‘rsatuvlarida adabiy-badiiy, ma’naviy-ma’rifiy dasturlarining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 16 iyundagi 431-son ma’lumotnomasi). Natijada “Til-millat ko‘zgusi”, “Fayzli kun” teleko‘rsatuv va eshittirishlari uchun tayyorlangan materiallarining mazmuni mukammalashtrish imkoni yaratilgan.