Namozova Zilola Bozorovnaning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Navoiy lirikasi matnshunosligi tadqiqi tadriji (Hamid Sulaymon ilmiy faoliyati asosida)”. 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil451.
Ilmiy rahbar: Shodmonov Nafas Namozovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Zohidov Rashid Fozilovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Jo‘raev Jaloliddin Olimjonovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Navoiy lirikasi matnshunosligida amalga oshirilgan tadqiqot va nashrlarni qiyosiy o‘rganish, bu boradagi muammolarni aniqlash va bartaraf etishda Hamid Sulaymonning matnshunoslik  faoliyati misolida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Hamid Sulaymon ilmiy-nazariy qarashlarining yetakchi tamoyillari, o‘zbek matnshunosligi va navoiyshunoslik sohalari taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, ilmiy tajribalarining zamonaviy o‘zbek matnshunosligida tutgan o‘rni nazariy jihatdan asoslangan;
Hamid Sulaymonning “Xazoyinu-l-maoniy” hamda “Devoni Foniy”  asarlari qo‘lyozmalari qiyosiy tahliliga bag‘ishlangan tadqiqoti o‘zbek matnshunosligini nazariy jihatdan rivojlantirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilgani ochib berilgan;  
olim ijod laboratoriyasi tekshirilishi natijasida hozirgacha Navoiy devonlari (G‘aroyibu-s-sig‘ar, Navodiru-sh-shabob, Badoye’u-l-vasat, Favoyidu-l-kibar) mukammal tanqidiy matni va ilmiy nashri mavjud emasligi ilk marta aniqlangan; 
Sankt-Peterburgdagi 55-raqamli qo‘lyozma va O‘zR FA ShIdagi 677-raqamli qo‘lyozmalar qiyosiy tadqiqi natijasiga ko‘ra, shoir lirik asarlari to‘liq nashrlarini tayyorlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar dalillangan va Navoiy asrlarining ilmiy-tanqidiy matnlarini tayyorlash hamda shoir lirikasi matnshunosligi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Navoiy lirikasi matnshunosligi tadqiqi tadriji bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:  
Navoiyning so‘nggi yillarda o‘rganilgan “Xazoyinu-l-maoniy” devonlari qo‘lyozma manbalarini tadqiqot doirasiga jalb qilish, tanqidiy matni va ilmiy matnini yaratish, nashrlarni mukammallashtirish  bo‘yicha olingan ilmiy-nazariy xulosalardan F1–FA-055746 raqamli “Markaziy Osiyo xalqlari qo‘lyozma yodgorliklarini tadqiq etish. O‘zbekiston shoir va yozuvchilari arxivini ilmiy tavsifi va nashr qilish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zR FAning 2020 yil 2 senyabrdagi 3/1255-1794 son ma’lumotnomasi). Natijada Navoiy adabiy merosining qo‘lyozma va toshbosma manbalari ilmiy-monografik tavsifi takomillashtirilgan, mavjud ma’lumotlarga aniqlik kiritilgan; 
Navoiy devonlari qo‘lyozmalarining tavsifini keltirishda, shuningdek, ilmiy-tanqidiy matn tuzish prinsiplarini yaratishga qaratilgan ilmiy xulosalar va tavsiyalardan OF-F8-027 raqamli “Qo‘lyozma manbalarning milliy-ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 8 oktyabrdagi  89.03-3772 sonma’lumotnomasi). Natijada Navoiy lirik asarlari qo‘lyozmalari Hamid Sulaymon tajribalarini o‘rganish asosida tekshirilib, matnshunoslik va navoiyshunoslik sohalaridagi ko‘plab dolzarb  muammolarni echishga xizmat qilgan. 
Navoiy lirik asarlari matniy tadqiqi, nashrlardagi muammolarning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda mukammallashtirishga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga qarashli Qashqardaryo viloyati teleradiokompaniyasining turkum ko‘rsatuvlar ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Qashqadaryo teleradiokompaniyasining 09.03.2020 yildagi 215 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlar ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilib, ularning ilmiy-ma’rifiy saviyasi oshgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish