Raxmatjonova Kamola Abdumutal qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Hindiy va o‘zbek tillarida son va kelishik grammatik kategoriyalarining chog‘ishtirma-tipologik tadqiqi», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Fil602
Ilmiy rahbar: Sodiqova Shirin Baxtiyarovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Dadaboev Hamidulla Aripovich filologiya fanlari doktori, professor, Xodjaeva Nilufar Bekmuratovna filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: hindiy va o‘zbek tillaridagi ot turkumiga xos son va kelishik kategoriyalarini chog‘ishtirma-tipologik asosda tahlil qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
hindiy va o‘zbek tillarining ot so‘z turkumidagi son va kelishik kategoriyalari ilk bor chog‘ishtirma-tipologik metod nuqtai nazardan o‘rganilib, tanlangan tillarga xos umumiylik va xususiylik aniqlangan hamda hindiy va o‘zbek tillarining yaqinlashtiruvchi, nisbatan yaqinlashtiruvchi va uzoqlashtiruvchi til faktlari asoslangan;
autentik materiallar asosida ikkala tilda ham son grammatik kategoriyasining ma’no va vazifalariga ko‘ra mushtarakligi aniqlangan;
ikki tildagi kelishik grammatik kategoriyasi asosida mazkur tillardagi izomorfizm va allomorfizm holatlari autentik materiallar ko‘ra asoslangan;
har ikki tilga xos kelishik kategoriyasi sintaktik jihatdan o‘rganilishi natijasida hindiy tiliga xos 15 ta, o‘zbek tiliga xos 9 ta, ja’mi 21 ta model ishlab chiqilib, ular asosida ikki tilda ham aynan bosh, tushum hamda qaratqich kelishigining maxsuldor ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Hindiy va o‘zbek tillarida otga xos grammatik kategoriyalarning chog‘ishtirma-tipologik tahlili yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
hindiy va o‘zbek tillarida otga xos grammatik kategoriyalarning chog‘ishtirma tahlilini o‘rganish, mazkur tillarning o‘zaro izomorfizm va allomorfizm hodisalarini ko‘rib chiqish doirasida Hindistonning Agra shahridagi «Markaziy hindiy tili instituti» da o‘zbekistonlik talabalarga saboq berishda foydalanilgan (Hindistonning Agra shahri «Markaziy hindiy tili institutining 19 iyul` 2019 yildagi sertifikati»). Natijada hindiy tilini o‘rganuvchi o‘zbekistonlik talabalar hindiy va o‘zbek tillaridagi o‘xshash va farqli jihatlarni aniqlashda yaqqol taassurotga ega bo‘lganlar. O‘z navbatida, xorijiy tilni o‘rganish samaradorligi ortgan;
hindiy tilining O‘zbekistonda o‘rganilishi, tadqiq etilishi, hindiy tili o‘zbek tili bilan chog‘ishtirib o‘rganish ahamiyatiga doir ma’lumotlardan Lal Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi ilmiy faoliyatida foydalanilgan (Lal Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazining 10 avgust 2020 yildagi ma’lumotnomasi). Natijada Hindiston madaniyat markazida hindiy tilini o‘rganuvchilar ona tili bilan chet tilini chog‘ishtirib o‘rganish nechog‘lik samarador ekanligi haqida ko‘nikmaga ega bo‘lganlar;
Hindiston va O‘zbekiston madaniy aloqalari rivojida hindiy va o‘zbek tillarining o‘rni, mazkur tillarning o‘ziga xos ifoda uslublari, hindiy tilidagi badiiy asarlarning o‘zbek tiliga tarjima qilishda grammatik kategoriyalarning ifodasi, hindiy va o‘zbek tillarining umumiy va xususiy jihatlaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston tarixi» telekanalida efirga uzatilgan «Xayrli kun» sahifasida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston tarixi» davlat unitar korxonasining 8 iyun` 2020 yildagi 02-40-666-son ma’lumotnomasi). Natijada, tayyorlangan materiallar teledastur mazmunini boyitib, teletomoshabinlarda xususan, hindiy va o‘zbek tillarini chog‘ishtirib o‘rganish bo‘yicha tasavvur hosil qilishga xizmat qilgan.