Matniyazov Anvar Rustamovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qadimgi xorazm yozma yodgorliklarining grafik va fonetik xususiyatlari (X–XV asr manbalari asosida), 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil558.
Ilmiy rahbar: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Ishoqov Mirsodiq Mirsultonovich, tarix fanlari doktori, professor; Abdushukurov Baxtiyor Bo‘ronovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: X–XV asr qadimgi xorazm yozma yodgorliklari tilining yozuv va tovush xususiyatlarini, alifbo, unli va undoshlar tizimini tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
arab alifbosiga asoslangan xorazm yozuvidagi grafik va fonetik xususiyatlar «Osor ul-boqiya a’n al-qurun al-holiya», «Kitob as-Saydana fi-t-tib», «Qunyat al-munya li tatmim al-g‘uniya» asarlari va xorazm tilidagi so‘zlikka ega «Muqaddimat ul-adab» lug‘atidan olingan misollar yordamida ochib berilgan;
arab alifbosiga asoslangan xorazm yozuvida xorazm tiliga xos bo‘lgan tovushlarni ifodalash uchun foydalanilgan ڤ va څ maxsus harflarining ishlatilishi aniqlangan;
X–XV asr qadimgi xorazm yozma yodgorliklari tilining tovush tizimidagi unlilar va undoshlar arab alifbosiga asoslangan xorazm yozuvidagi manbalardan olingan misollar orqali tavsiflangani, bunda s, ӡ, β, spesifik tovushlarining ifoda tarzi va yozuvda aks etishiga ko‘ra farqli jihatlari qayd qilingan;
X–XV asr qadimgi xorazm yozma yodgorliklarida XII asrdan e’tiboran kuzatiladigan ڊ (ḍ), ڔ (ṛ), ڛ (ṣ) harfiy belgilarining yozuvdagi pozision qo‘llanishi hamda ular ifodalagan tovush variantlari uchun xorazm yozuvida spesifik tovushlarni ifodalovchi maxsus xarflar qo‘llangani aniqlangan;
X–XV asr qadimgi xorazm yozma yodgorliklari tilidagi umumeroniy chiqish asosiga ega refleks hamda tovush almashinuvi, tushib qolishi yoki orttirilishi singari fonetik hodisalarning xorazm shevalaridagi substrat qatlamda saqlanib qolgan transformatsiyasi orqali ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. X–XV asr qadimgi xorazm yozma yodgorliklari tilining grafik va fonetik xususiyatlarini tadqiq qilish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
dissertatsiya ishining qadimgi xorazm tili tovush o‘zgarishlariga oid materiallari va natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 noyabrdagi PQ–4038-son «O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qarorida belgilangan «o‘zbek xalqining ko‘hna va betakror san’ati namunasi bo‘lgan Xorazm «Lazgi»sini «Xorazm raqsi – Lazgi» nomi ostida YuNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish» vazifasiga ko‘ra, YuNESKO Yubileylar ro‘yxatiga «Lazgi» raqsi nomzodini tayyorlashda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 28 fevraldagi №01-12-1-982-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiya ishi materiallari hamda xulosalari «Lazgi» raqsining paydo bo‘lishi, uning rivojlanish tarixi va nomzodnoma hujjatining ilmiy-manbaviy saviyasini boyitishga hamda «Lazgi» raqs nomining etimologiyasini aniqlashga katta hissa qo‘shdi (Lazgi nomi – «titramoq» ma’nosidagi *raiz o‘zagiga -k (-g) affiksining qo‘shilishi orqali hosil bo‘lgan. Bunda r < l fonetik hodisasi kuzatiladi);
qadimgi xorazm yozma yodgorliklari tiliga mansub so‘zlarning ma’nolariga doir xulosalar va etimologik tavsiflardan Mahmud Zamaxshariyning «Muqaddamat ul-adab» asarini o‘zbek tilidagi izohi bilan nashr qilishda foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 mart №49 bayonnomasi doirasida nashr qilindi). Natijada asardagi xorazm tiliga mansub so‘zlarning ma’noviy tavsiflari mukammallashgan, o‘zbekcha muqobillari aniqlashtirilgan hamda manbaning ilmiyligi ta’minlangan;
dissertatsiya ishining qadimgi xorazm tili tovush o‘zgarishlariga doir materiallari va natijalari «O‘zbekiston nomoddiy madaniy meros ob’ektlarining yangilangan «Milliy ro‘yxati»ga Ijrochilik san’ati bo‘yicha 02.04.04. NMM ob’ekt raqami ostida kiritilgan «Xalfachilik: an’ana va zamonaviylik jihatlari» mavzusidagi ilmiy-amaliy anjumanda taqdim qilingan. Shuningdek, «Xalfa» atamasining etimologiyasi» nomli tadqiqoti orqali amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 28 fevraldagi №01-12-11-981-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiya materiallari hamda xulosalari «Xalfachilik» san’atining paydo bo‘lishi, uning rivojlanish tarixi va nomzodnoma hujjatining ilmiy saviyasini boyitishga hamda «Xalfa» nomining etimologiyasini aniqlashga hissa qo‘shgan (Xalpa nomi – «kohin» ma’nosidagi karap so‘zidan hosil bo‘lgan. Bunda k < x va r < l fonetik hodisalari kuzatiladi);
xorazm yozma yodgorliklari tadqiqot materiallaridan Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining «Munavvar kun», «Xorazmnoma» va «Navozanda» ko‘rsatuvlarida foydalanilgan (Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining 2018 yil 18 dekabrdagi №2052-son ma’lumotnomasi). Dissertantning 2015-2018 yillar davomida qilgan o‘ndan ortiq chiqishlari natijasida ushbu ko‘rsatuvlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan hamda ssenariylarning ilmiy-manbaviy saviyasi ortgan.