Xolikova Nozima Nematilloevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tarjimada ijodkor uslubini qayta yaratish mahorati (J. X. Cheyz asarlari tarjimasi misolida)», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil611.
Ilmiy rahbar: Quvvatova Dilrabo Habibovna, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti. PhD.03/30.12.2019.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Xodjaeva Dilafro‘z Izatilloevna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent; Xayrullaev Xurshid Zaynievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi zamonaviy ingliz detektiv yozuvchisi Jeyms Hedli Cheyz asarlarining o‘zbek tiliga tarjimasida ijodkor uslubini qayta yaratish tamoyillarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
J.Cheyz adabiy ijodida detektiv asar yaratishining badiiy-tarixiy, g‘oyaviy-ijtimoiy omillari oila muhiti, AQShdagi “Buyuk Depressiya” davridagi o‘zgarishlar, Ikkinchi jahon urushi voqeligi bilan bog‘liqligi aniqlangan va mazkur omillar muallif ijod uslubida jinoyatning o‘g‘rilik, talonchilik, qotillik, oilaviy xiyonat, inson sha’nini kamsituvchi tuhmat kabi turlarining ustuvorligini belgilaganligi aniqlangan;
Sharq va G‘arb milliy-madaniy, mental voqeligi uyg‘unligini ta’minlashda har bir millatga xos bo‘lgan achinish, qasam ichish, hayratlanish, so‘kinish va la’natlash holatlarini ifoda etuvchi so‘zlar tarjimasida evfemizatsiya (yumshatish),  aynan tarjima, tushirib qoldirish, neytralizatsiya va disfemizatsiya (qo‘pollashtirish) strategiyalarining birlamchi qiymat kasb etishi isbotlangan;
detektiv asar uslubining jinoyatlarni fosh qilish maqsadiga aloqadorligini, qahramonning tashqi ko‘rinishi, xarakteri, ichki dunyosi, ruhiyatini badiiy detal` orqali ochib berish va tarjimada qayta tiklash jarayonining bayon etish vositalarini saqlash, muallif va mutarjim ovozining yaxlitligi, umuminsoniy jihatlarning ustuvorligi kabi tamoyillar asosida kechishi dalillangan; 
detektiv janrga xos bo‘lgan  detektiv-kriminal so‘zlar, etnografik realiyalar, turmush universaliyalari tarjimasida kompensatsiya, tushirib qoldirish, leksik-semantik almashtirish kabi leksik; to‘liq muvofiqlik, qisman muvofiqlik va nomuvofiqlik kabi morfologik; o‘rin almashish, qo‘shish, tushirib qoldirish kabi sintaktik transformatsiya usullarining funksionallik samaradorligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiyada  tarjimada ijodkor uslubini qayta yaratish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
o‘zbek va ingliz adabiyotining noan’anaviy yo‘nalishi – detektivning mifologik asoslari, tarjimada ijodkor uslubini qayta yaratish, ushbu asarlarning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni bilan bog‘liq ilmiy xulosalardan F1-XT-0-19919A-1-118 raqamli “O‘zbek mifologiyasi va uning tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 15 iyundagi 89-03-2485 sonli ma’lumotnomasi). Natijada detektiv asarda tasvirlangan voqelik, unda yaratilgan obrazlar genesizining mifologiya bilan bog‘liqligi, bu yo‘nalishdagi asarlarning nazariy asoslari boyitilishiga erishilgan;
tarjimonlarning nutq madaniyatini rivojlantirish, lingvomadaniy aloqalarni adekvat tarzda o‘rnatish, tarjima jarayonining to‘laqonliligini ta’minlashda doir xulosalardan Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi “ALTA” til xizmatlari kompaniyasida amaliyotga joriy etilgan (Amerika Qo‘shma Shtatlari Jorjia shtatidagi ALTA til xizmatlari bosh kompaniyasining 2019 yil 5 dekabrdagi I-3278-sonli ma’lumotnomasi). Natijada hamroh-tarjimonlarning chet el sayyohlariga tarixiy materiallar mazmunini to‘g‘ri etkazib berish bilan bog‘liq faoliyatini samarali tashkil etishiga erishilgan;
asliyat va tarjima birliklarining qiymatini belgilovchi semantik transformatsiyalarni taqozo etishi va bu o‘zgarishlar pragmatik, stilistik, funksional-semantik moslikni yuzaga keltirishiga doir xulosalardan I-2017-8-2 raqamli “Ruscha-inglizcha-o‘zbekcha konchilik terminlarining o‘zbekcha izohli lug‘ati” mavzusidagi  innovatsion loyihani bajarishda foydalanilgan (Toshkent viloyati hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazining 2019 yil 14 iyundagi 4/01-sonli ma’lumotnomasi). Natijada lug‘at mazmuni fonetik, leksik, sintaktik va morfologik transformatsiyaga uchragan terminlar hisobiga takomillashgan;  
o‘zbek va ingliz detektiv janrining o‘zaro o‘xshashligi va farqlari, tarjima jarayonida shu kabi tafovutlarning berilishi, mashhur ingliz detektiv yozuvchisi Jeyms Xedli Cheyz asarlari va uning tarjimalariga doir uslubiylik, fikrning qanday maqsadga yo‘naltirilganligi bilan bog‘liq xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalida “Bedorlik”, “Adabiy jarayon”, “Ta’lim va taraqqiyot” eshittirishlarni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasining  2019 yil 29 maydagi 1-96 sonli ma’lumotnomasi). Natijada telekompaniya ijodiy jamoasining tarjima muammolari, uslub, transformatsiya, detektiv janrga doir fikrlashi, til vositalarini tanlashda uslubiylikni ta’minlash, bildiriladigan fikrni teletomoshabinlarga mantiqiy etkazishi uchun zamin yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish