Raxmankulova Matluba Boyxurozovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘rta Osiyoda muqovasozlik tarixi (XV–XIX asrlar)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi, 07.00.02 – Fan va texnologiyalar tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tar75.
Ilmiy rahbar: Munavvarov Zohillo Inomxodjaevich, siyosiy fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Bo‘riev Omonulla, tarix fanlari doktori, professor; Xasanov Jasur Mamatqodirovich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XV–XIX asrlarda O‘rta Osiyoda muqovasozlik tarixi, rivojlanish bosqichlarini va muqovasozlikda qo‘llangan badiiy-texnik materiallarni ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Temuriylar davrida muqovasozlikning Hirot uslubi yaratilganligi, ushbu uslubning o‘ziga xos jihatlari bezaklarning sathga nisbatan bo‘rtib turishi, murakkab tuzilishdagi yaxlit metall asbob yordamida hosil qilingan manzaraning ifodalanishi, inson tasvirining aks ettirilishi, jildning ichki qismi charmdan kesilgan nafis bezaklar bilan bezatilishi kabilarda namoyon bo‘lishi asoslangan;
Temuriylar bilan Xitoy o‘rtasida diplomatik aloqalarning yo‘lga qo‘yilganligi Temuriylar kutubxonasida mehnat qilgan muqovasoz ustalar ijodida Xitoy tasviriy san’atiga xos sifatlarning paydo bo‘lganligiga, jumladan, bezak uslubidagi o‘zgarishlarga, muqovasozlikda lok qo‘llanishiga sabab bo‘lganligi, muqovasozlik va miniatyura san’atlari orasida uyg‘unlik yuzaga kelganligi isbotlangan;
Shayboniylar va Ashtarxoniylar davrida muqovasozlik Temuriylar davriga xos an’anaviy uslubda rivojlanishni davom ettirganligi, 1570–1580 yillarda Abdullaxon soniy va Boburiy hukmdor Akbar o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning ta’siri natijasida hind tasviriy san’atiga xos tasvir va bezaklarning ifodalangani hamda XIX asrga kelib, kitobning arzon bo‘lishini ta’minlovchi materiallardan foydalanishga qaratilgan harakatlar natijasida muqovasozlikda yangi O‘rta Osiyo uslubi shakllanganligi asoslangan;
XV–XIX asrlarda muqovasozlikda marmar lavha, iskanja, masotir, muhrlar, kuva, qoliplar, maxsus qaychi va boshqa asbob-uskunalarning qo‘llanilishi kitoblarni muqovalashda amalga oshirilgan badiiy-texnik jarayonlarning asrlar davomida o‘zgarmay qolishi uchun imkon berganligi isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘rta Osiyoda muqovasozlik tarixi (XV–XIX asrlar) mavzusi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
Temuriylar davrida muqovasozlikda qo‘llangan yangi badiiy-texnik jarayonlar hamda Temuriylar bilan Xitoy o‘rtasida diplomatik aloqalarning muqovasozlikka ta’siri, Temuriy hukmdorlarning muqovasozlik rivojiga qo‘shgan hissasi bo‘yicha materiallardan Temuriylar tarixi davlat muzeyida bajarilgan “O‘rta Osiyo kitobat san’ati tarixidan (Temuriylar davrida yaratilgan asarlarning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari)” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2020 yil 25 iyundagi 3/1255-1311-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari Temuriylar davrida muqovasozlik tarixini yangi ma’lumotlar bilan boyitish bilan birga yosh avlodning ajdodlar merosiga faxr-iftixor tuyg‘ularini yanada oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilgan;
XV–XIX asrlarda O‘rta Osiyoda kitobat va va qo‘lyozma kitoblarni muqovalash tarixi, qo‘llanilgan materiallarni tayyorlash va ishlov berish jarayoni, sohaga oid atamalar tahlili yuzasidan olingan natijalar asosida “Manbashunoslik” darsligining “Sharq kitobat tarixi. Qo‘lyozmalar xazinalari” deb nomlangan 5-mavzusi tayyorlangan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 27 martdagi 274-015-son guvohnomasi). Natijalar oliy o‘quv yurti talabalarining qo‘lyozmalar bilan ishlash hamda kodikologiya bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishga xizmat qilgan.