Normatov Baxodir Ismoilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tutning zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklarini Surxondaryo viloyatida tarqalishi va ularga qarshi kurash choralari”, 06.01.09 – O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Qx534.
Ilmiy rahbar: Zuparov Mirakbar Avzalovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/30.12.2019.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Gulmurodov Rixsivoy Abdievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xoldorov Mirxalil Urazbekovich, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘rmon xo‘jaligi ilmiy - tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Surxondaryo viloyati sharoitida tutning zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklar tarqalishi, rivojlanishi va zararini aniqlash hamda kasallik qo‘zg‘atuvchilarining biologik xususiyatlarini tahlil qilgan holda ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda birinchi marta Surxondaryo sharoitida tutning kasal namunalarida sitosporoz va serkosporoz kasalliklari va ularning qo‘zg‘atuvchilari aniqlangan;
mazkur viloyatda vertisilliyoz, ildiz chirish, kulrang va qo‘ng‘ir po‘kak, un-shudring, fuzarioz, serkosporoz, silindrosporoz, sitosporoz kasalliklarining tarqalishi, rivojlanishi hamda zarari aniqlangan;
tutda fuzarioz kasalligining qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ turlarining patogenlik xususiyatlari aniqlangan;
tut navlarining un-shudring va fuzarioz kasalliklariga chidamliligi aniqlangan;
un-shudring kasalligiga qarshi “Kantor” k.e.k. 200 g/l, “Medeya” m.em. 80 g/l va “Sideli TOP” 140 d.k. fungisidlarini qo‘llashning samarali me’yorlari ishlab chiqilgan;
fuzarioz kasalligiga qarshi tut urug‘larini ekishdan oldin “Maksim” XL 0,35 FS 3,5% sus.k. fungisidi va “Orgamika F” biopreparati bilan dorilashning biologik hamda iqtisodiy samaradorligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tutning zamburug‘ qo‘zg‘atadigan kasalliklarini tarqalishi, rivojlanishi va zararini aniqlash hamda ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy izlanish natijalari asosida:
tutning un-shudring kasalligiga qarshi “Medeya” fungisidining 1,0 l/ga sarf me’yorda ishlov berish Surxondaryo viloyati Angor va Termiz tumanlarini “Agropilla” jamiyatiga qarashli “Angor agropilla” va “Termiz agropilla” MChJ xo‘jaliklarida jami 5 ga tutzorda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 5 martdagi № 05/028-784-son ma’lumotnomasi). Natijada ishlatilgan preparatning biologik samaradorligi “Angor agropilla” MChJ xo‘jaligida 94,8-95,1% ga, “Termiz agropilla” MChJ xo‘jaligida esa 95,4-95,6% ga teng bo‘lgan;
tutning fuzarioz kasalligiga qarshi 6,5 ga maydonga etadigan urug‘larni ekishdan oldin 1,5 mg/kg sarf me’yorda “Maksim” urug‘dorilagich fungisidi va 0,25 l/kg sarf me’yorda “Orgamika F” 2•108 khqb/ml biopreparati bilan dorilab ekish Jarqo‘rg‘on tumani “Jarqo‘rg‘on tut urug‘i” va Sho‘rchi tumani “Kokan agrotutzor” fermer xo‘jaliklarida joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 5 martdagi № 05/028-784-son ma’lumotnomasi). Natijada bu fermer xo‘jaliklarida kasallik tufayli ko‘chatlarni 20,2-24,3% nobud bo‘lishidan saqlab qolingan. Tut urug‘larini ekishdan oldin bu preparatlar bilan dorilash tufayli bir gektar maydonda sarflangan bir so‘mni oqlanishi mos holda 6,7 va 10,2 martani tashkil etdi.