Torambetov Batirbay Smetovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «3d-metallarni 2,5-almashingan tiadiazolning yangi hosilalari bilan kompleks birikmalarini sintezi, tuzilishi va xossalari», 02.00.01 – Noorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/K156.
Ilmiy rahbar: Kadirova Shaxnoza Abduxalilovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.K.01.03.
Rasmiy opponentlar: Umarov Baqo Bafoevich, kimyo fanlari doktori; Kadirova Zuxra Chingizovna, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Co(II), Ni(II), Cu(II), Zn tuzlarini 2,5-almashingan-1,3,4-tiadiazol hosilalari asosida metallokompleks birikmalarini sintez qilish hamda ularning tuzilishi va xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Co(II), Ni(II), Cu(II) va Zn larning xloridli, nitratli, atsetatli tuzlarini geterotsiklik ligandlar – 2-amino-5-alkiltio-1,3,4-tiadiazol hosilalari bilan, 1:2, 1:4 va 1:1 M:L tarkibli, neytral va kation turdagi 48 ta yangi kompleks birikmalar sintez qilingan;
kvant-kimyoviy hisoblashlar bilan ligandlarning elektron tuzilishlari va 3d-metall ionlariga tiadiazol halqasidagi -holatdagi azot atomidan afzal bo‘lgan koordinatsiyalanish markazi aniqlangan.
spektral va strukturaviy usullar atsidoligand molekulalarining tabiati va hajmiga ko‘ra molekulalararo o‘zaro ta’sirga kirishishi hamda ular ham ichki sfera (atsetat), ham ichki va tashqi sferada (xlorid, nitrat) joylashishi mumkinligi aniqlangan;
kompleks birikmalarning termik barqarorligi ularning kristall va molekulyar tuzilishiga bog‘liqligi, hamda termik barqarorlik Co(II)<Ni(II)<Zn<Cu(II) qatorida ortib borishi aniqlangan;
ilk bor rentgenstruktur taxlil usuli bilan yangi kompleks birikmalarning tetraedrik [CoL12(CH3COO)2], tetragonal-piramida [CuL14Cl]Cl, [CuL24Cl]Cl, [CuL44Cl]Cl, [CuL14(NO3)]NO3·H2O, [CuL14(NO3)]NO3, [CuL44(NO3)]NO3·H2O va oktaedrik biyadroli [Cu2L12(CH3COO)4], [Cu2L22(CH3COO)4] tuzilishda bo‘lishi aniqlangan;
misli komplekslardagi stereokimyoviy va elektron ta’sirlar hamda Yan-Teller effekti hisobiga metall-atsidoligand bog‘larining uzayishi tufayli tetragonal-piramida tuzilishdagi, markaziy atomning koordinatsion soni beshga teng bo‘lgan sp3d gibridlanishdagi komplekslar hosil bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
2,5-almashingan-1,3,4-tiadiazol hosilalarini 3d-metallar bilan yangi biologik faol metallokompleks birikmalarining sintezi va fizik-kimyoviy hamda biologik xossalarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
[CoL12(CH3COO)2], [CuL24Cl]Cl, [CuL14(NO3)]NO3·H2O, va [Cu2L12(CH3COO)4] tarkibli komplekslarning rentgen tuzilish tahlili natijalari Kembridj kristallografik ma’lumotlar bazasiga kiritilgan (The Cambridge Structural Database, https://doi.org/10.1107/S2056989019010272, CCDC 1941461, 1937121, 1937112, 1937110). Natijada, o‘xshash yangi kimyoviy birikmalarni sintez qilish va tuzilishini tavsiflash imkonini bergan;
BS-1 ([CuL14(NO3)]NO3·H2O) stimulyatori Toshkent viloyati fermer xo‘jaliklari maydonlarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jalik vazirligining 2020 yil 15 sentyabrdagi 02/021-2929-son ma’lumotnomasi). Natijada, kartoshkaning gullashi 5–8 kunga tezlashib, etilishi 3–5 kunga qisqargan, hosildorlikni esa gektariga 8–9%ga oshirish, standart stimulyatorga nisbatan 8%ga samaradorlikka erishish imkonini bergan;
sintez qilingan kompleks birikmalardan OT-F7-45 raqamli “Metallarning yangi geterohalqali polifunksional biologik faol ligandlar bilan qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda qo‘llash uchun poliedrining ma’lum tuzilish va funksionallikka ega bo‘lgan koordinatsion birikmalarining yo‘naltirilgan sintezi” mavzusidagi fundamental loyihada metallo-kompleks birikmalarini sintez qilish, ularning tuzilishi va xossalarini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 25 iyundagi 86-06-548-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi kompleklarni olish va fazoviy tuzilishi hamda xossalarini aniqlash imkonini bergan.