Shamsieva Shohistaxon Qudratullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “ Xitoy va o‘zbek tillaridagi maishiy evfemizmlarning lingvomadaniy tadqiqi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil900.
Ilmiy rahbar: Usmanova Shoira Rustamovna, filologiya fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Dadabaev Xamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor; Nosirova Saodat Abdullaevna, filologiya fanlarinomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: xitoy va o‘zbek tillari evfemizmlarining hosil bo‘lish sabablari va shakllanish manbalari, maishiy evfemizmlarning qanday konseptlarda yuzaga chiqishining lingvomadaniy jihatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
evfemizmlarning ijtimoiy-tarixiy, madaniy va milliy-me’yoriy mezonlar bilan chambarchas bog‘liq ekanligi asoslangan;
xitoy va o‘zbek tillarida maishiy evfemizmlarning tabulangan, madaniy muloqot talabiga javob bermaydigan til birliklarini almashtirish hamda manipulyativ vazifa bajarish taqozosi bilan yuzaga kelishi dalillangan; 
evfemiyaning ishora qilish, ironiya, nutqiy enantiosemiya singari yondosh hodisalardan farqli xususiyati aniqlangan;
xitoy va o‘zbek tillaridagi maishiy evfemizmlarning kasb-kor, o‘lim, kasallik, ayol va ayollik, jinsiy hayot, keksalik kabi konseptlar doirasida shakllanishining lingvomadaniy xususiyati ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Xitoy va o‘zbek tillaridagi maishiy evfemizmlarni lingvomadaniy tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va xulosalar asosida:
tabu-taqiq ifodalovchi evfemizmlar, xususan, raqamlarning qo‘llanishidagi tabular, vazn bilan bog‘liq tabular hamda keksalikka bo‘lgan turli munosabatlarni yoritishga oid xitoy va o‘zbek tillaridagi materiallardan A 1-180 “Tarjima va madaniyatlararo muloqot masalalariga oid o‘quv qo‘llanmalari yaratish” mavzusidagi ilmiy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 30 oktyabrdagi 89-03-4308-son ma’lumotnomasi). Har ikki tildagi evfemik universaliyalarning mavjudligi xitoy va o‘zbek xalqlarining madaniyati, axloqiy dunyosida yaqinlik hamda o‘xshashliklarni oydinlashtirishga yordam bergan. Shuningdek, tarjimaning lingvomadaniy xususiyatlariga oid muammolarni aniqlashda xizmat qilgan; 
xitoy va o‘zbek tillarida evfemizmlarning tasnifi, qo‘llanilishi, ularning o‘xshash va farqli xususiyatlariga oid tadqiqot natijalaridan Xitoy Xalq Respublikasi Pekin Markaziy millatlar universiteti Akademik tadqiqotlar bo‘limi loyihalari bo‘yicha 10301-202000205 “Masofaviy ta’limni tashkillashtirish va isloh qilish” mavzusidagi ilmiy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Xitoy Xalq Respublikasi Pekin Markaziy millatlar universiteti 2020 yil 6 iyundagi 10301-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar Xitoy Xalq Respublikasi Pekin Markaziy millatlar universiteti (Minzu university of China)da o‘zbek tili va madaniyatini o‘qitish, hamda xitoyliklar uchun “O‘zbek tili” darsligi tayyorlashda xizmat qilgan;
tadqiqotdagi evfemizmlarning tabulangan tushunchani almashtirish, manipulyativ vazifa bajarish xususiyatiga doir xulosalar, kasb-kor, o‘lim, kasallik, ayol va ayollik, jinsiy hayot bilan bog‘liq evfemizmlar haqidagi qarashlardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston-Xitoy fan va ta’lim, madaniyat sohalari bo‘yicha “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 9 oktyabrdagi 01-12-03-3777-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro loyihasiga tatbiq etilishi maishiy evfemizmlarning madaniyatlararo muloqot doirasida ommalashtirilishiga xizmat qilgan;
evfemizmlarning tilning estetik vazifasini kuchaytirishdagi o‘rni xususida olingan natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Mahalla» telekanalining «Tilga e’tibor – elga e’tibor» ko‘rsatuvi, «O‘zbekiston 24» radiokanalining «Madaniyat» eshittirishi ssenariylarini tayyorlashda manba sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanali DUKning 2020 yil 22 sentyabrdagi 01-16-352-son hamda «O‘zbekiston 24» radiokanali DUKning 2020 yil 21 sentyabrdagi 03-09-426-son ma’lumotnomalari). Olingan natijalar tatbiqi ko‘rsatuv va eshittirishning ilmiy dalillarga boy va ommabop bo‘lishini ta’minlagan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish