Ernazarova Gulnoza Hamraevnaning fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Hozirgi o‘zbek she’riyatining meditativ tabiati” 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B 2017.1.DSc/Fil21.
Ilmiy maslahatchi: Karimov Bahodir Nurmetovich filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Yakubov Islamjon Axmedjanovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; To‘raev Damin, filologiya fanlari doktori, professor; Hasanov Shavkat Ahadovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: hozirgi o‘zbek she’riyatining meditativ tabiatini belgilashda XX asrning boshlaridan bugunga qadar maydonga kelgan o‘zbek she’riyati namunalarini meditativ lirika kontekstida ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek adabiyotshunosligida ilk bor meditativ lirikaning badiiy-tarixiy, ijtimoiy-falsafiy, ilmiy-nazariy tushuncha hamda o‘zbek lirikasiga xos poetik hodisa ekani ilmiy asoslangan;
meditativ lirikaning xalqona badiiy tafakkur, mumtoz poetika, o‘zbek xalqi tarixidagi faol ijtimoiy hodisa bilan bog‘liq tomoni, ayni hodisaning milliy zamini shoirlarning o‘ziga xos ovozi, uslubi, manerasi, g‘oyaviy-estetik prinsiplari misollar asosida dalillangan;
o‘zbek milliy uyg‘onish davri lirikasining meditativ xususiyatlari A.Fitrat, A.Cho‘lpon, H.Niyoziy, U.Nosir, Oybek, G‘.G‘ulom, H.Olimjon, Mirtemirlar she’riyatining marsiyaviylik, bag‘ishlov, sentimentallik kabi lirik janrlarda aks etishi va o‘ziga xos badiiy-estetik jihatlari ochib berilgan;
XX asr o‘zbek poeziyasida meditativ lirikaning janriy yangilanishdagi o‘rni, poetik xususiyatlari, evolyusiyasining epik ko‘lam-xalq ijodi bilan uyg‘unligi va poetik tafakkur asosi bo‘lmish – ramz, metafora, tashbeh, istiora hamda boshqa she’riy san’atlarning miqyosi, milliy tarix, ijtimoiy ideal, falsafiy tafakkurning lirik-meditativ namoyon bo‘lish tamoyillari asoslangan;
hozirgi o‘zbek she’riyatidagi yetakchi g‘oyalar bilan meditativ lirikaning uyg‘unligi, ushbu she’riyat vakillarini o‘zbek xalqining badiiy-estetik tafakkur rivojiga qo‘shgan ulushi va ularning asosiy g‘oyaviy yo‘nalish, shakliy-uslubiy xususiyat, kompozision rang-baranglik, polifonik ohanglarga alohida e’tibor berilgani hamda ilmiy-nazariy jihatdan milliy qadriyatlar, ideal ajdodlar obrazining metaforik aks ettirilishi isbotlangan;
sharq adabiyotiga xos ijtimoiy-falsafiy, diniy-ma’rifiy mavzularning mustaqillik davri o‘zbek modern she’riyatida lirik talqin etilishi meditativlik muammosi orqali ochib berildi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Hozirgi o‘zbek adabiyotida meditativ lirika tabiati, tarixiy, falsafiy-badiiy asoslari muammosi tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
XX asrning 20-30 yillari o‘zbek meditativ lirikasi bobiga taalluqli (Oybek, G‘.G‘ulom, H.Olimjon) meditativ xususiyatlarning rus-evropa lirikasi (Pushkin va boshqalar) bilan qiyosiy taqqoslanishi, bu davr lirikasiga xos badiiy-falsafiy qirralarning milliy va jahon she’riyati bilan qiyosiy-tipologik o‘rganilishiga doir ilmiy xuloslardan FA – F1-G040 raqamli “O‘zbek adabiyoti qiyosiy adabiyotshunoslik aspektida: tipologiya va ta’sir” (2012-2016) mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan. (Fanlar akademiyasining 2020 yil 11 noyabrdagi 3/1255-2452-son ma’lumotnomasi). Natijada hozirgi o‘zbek she’riyatida meditativ lirika tabiatini boshqa xalqlar adabiyoti bilan qiyosiy o‘rganishda, xususan, tipologiya, adabiy ta’sir kabi qiyosiy adabiyotshunoslikning muhim muammolarini yoritish va aniq baholashga asos bo‘lgan;
meditativ lirika tarixi va uning falsafiy, ilmiy-nazariy xususiyatlarini yoritishda mumtoz shoirlar, xususan, Alisher Navoiy lirikasi bilan bog‘liqligi masalasiga doir ilmiy-nazariy xulosalardan 2015-2017 yillarda bajarilgan A-1-118 raqamli “Alisher Navoiy obrazining tasvir va talqinlariga oid o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 14 sentyabrdagi 89-03-3303-son ma’lumotnomasi). Natijada istiqlol davri lirikasida diniy-ma’rifiy mavzudagi she’rlarning meditativ xususiyati aslida Islom ma’rifati, tasavvuf g‘oyalari bilan bog‘liqligi masalasi va uning ahamiyati loyiha ilmiy xulosalarini boyitishga xizmat qilgan;
o‘zbek she’riyatida meditativ lirikaning vujudga kelishi, genezisi, janrlar va davrlar masalasini tadqiq qilish, o‘tgan asrning 20-30-yillar lirikasida paydo bo‘lgan meditativ she’riyat namunalarini tahlil va talqin qilish kabi ilmiy-nazariy xulosalaridan Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutining “Ozarbayjon-Turkmaniston-O‘zbekiston adabiy aloqalari” bo‘limida ozarbayjonlik o‘zbekshunos olimlar tomonidan foydalanilgan (Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutining 2020 yil 18 sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada istiqlol davri o‘zbek she’riyatida meditativ lirikaning mavzu va g‘oyaviy ko‘lamini o‘rganish, bugungi o‘zbek she’riyatida diniy-ma’rifiy motivlar yetakchiligi va unga xos meditativlik masalasini o‘rganish haqidagi tahliliy xulosalar xorij tadqiqotchilarning o‘zbek adabiyoti haqidagi bilimlarini mustahkamlashga asos bo‘lgan;
zamonaviy turkiy xalqlar she’riyatini qiyosiy tahlil qilish bilan bog‘liq ilmiy muammolarga oid xulosalardan Turkiya Istanbul universitetidagi zamonaviy turk lahjalari va adabiyoti kurslari o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan (Turkiya Istanbul universiteti doktori Emek Usenmezning 2020 yil 12 oktyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada Istanbul universitetida “Adabiy jarayon”, “Hozirgi o‘zbek she’riyati” kabi kurslar yuzasidan tashkil qilingan darslar samaradorligi oshishiga, sohaga oid qo‘llanma va uslubiy ko‘rsatmalarni ishlab chiqishga xizmat qilgan;
jadid she’riyati, sho‘ro davri shoirlari ijod namunalari va modern adabiyotiga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini shakllantirishda foydalanildi (“O‘zbekiston” teleradiokanali DUKning 2020 yil 3 dekabrdagi 02-40-12-25-son ma’lumotnomasi). Natijada meditativ lirikaning tarixiy, falsafiy asoslari, hozirgi o‘zbek she’riyatining ma’naviy-ma’rifiy omillari xususida ilmiy fikr-mulohazalar yuritildi va yosh tadqiqotchilarga ilmiy-nazariy ma’lumotlar berilgan;
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi 2018-2020 yillar mobaynida shoirlar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar dasturini tayyorlashda hamda Abdulla Oripov ijod maktabida o‘tkazilgan “mahorat darslari”da foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2020 yil 4 sentyabrdagi 01-03-06/740-sonli ma’lumotnoma). Natijada yoshlarning R.Parfi, Sh.Rahmon, M.Abdulhakim, U.Azim, Y.Eshbek, H.Ahmedovalar lirikasida milliy tarix, qadriyatlar, ideal ajdodlar obrazining metaforik xususiyatlari ochib berilgan.