Umurqulov Bekpo‘latning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek badiiy nasrining lingvo-uslubiy shakllanish asoslari», 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.DSc/Fil204.
Ilmiy maslahatchi: Mirzaev Ibodulla Kamolovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Mamatov Abdi Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor, Karimov Suyun Amirovich, filologiya fanlari doktori, professor, Xakimova Muhayyo Karimovna, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbek badiiy nutqining lingvo-uslubiy xususiyatlarini badiiy nasr materiallari asosida aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
o‘zbek badiiy nasri o‘zbek xalqi xayotini, milliy madaniyatini, tafakkur tarixini o‘zida mujassam etgan manba ekanligi til vositalarining tahlili asosida dalillangan;
badiiy nasr va she’riy asarlarning mohiyat jihatdan umumiy xususiyatlari mavjudligi, lug‘aviy vositalarning qo‘llanilishi, nutqiy qurilishi, nutq qismlarining bir-biriga nisbatan moslikda tuzilishi, vazn va qofiya talablariga ko‘ra farqlanishi taqqoslangan holda asoslangan;
badiiy nasr uchun muhim lug‘aviy-normativ qatlam hisoblangan badiiy so‘zlar alohida ajratilib, bu lug‘aviy qatlamning badiiy nutqdagi vazifalari badiiy nasr xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ochib berilgan;
o‘zbek badiiy nasri lug‘aviy qamrovining kengligi umumiste’mol so‘zlari, badiiy so‘zlar, og‘zaki nutq vositalari, sinonimlar va so‘z variantlarining badiiy nasrda qo‘llanilishi asosida ochib berilgan;
badiiy nasrda tasviriy vositalarning keng qo‘llanishining tarixiy asoslari o‘rganildi, muhim tasviriy vositalar – metafora, sifatlash va o‘xshatishlarning badiiy nutqdagi uslubiy vazifalari belgilangan;
badiiy nasrning o‘ziga xos tasviriylikka, obrazli-ta’sirchanlikka asoslangan alohida nutqiy ko‘rinish ekanligi, uning umumxalq tili negizida rivojlanib va boyib borishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
O‘zbek badiiy nasrining lingvo-uslubiy shakllanishi tadqiqi natijalari asosida: 
o‘zbek badiiy nasrining lingvo-uslubiy jihatdan o‘rganish, lug‘aviy vositalarning badiiy nutqni shakllantirishda, badiiy nutqning adabiy til tizimidagi nutq ko‘rinishlari bilan uzviy bog‘liqligini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan FA-F1-G041 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish» (2012-2016) nomli fundamental loyihada foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 7 oktyabrdagi 3/1225-2150-son ma’lumotnomasi). Natijada lug‘aviy vositalar va ayrim terminlarning tahlilidan foydalanish asosida loyiha bo‘yicha bajarilgan tadqiqotning mukammal bo‘lishiga erishilgan; 
badiiy obraz yaratishda til vositalarining o‘rni, badiiy nutqda so‘zning vazifasi va poetik imkoniyatlari haqidagi xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan FA-F1-G040 «O‘zbek adabiyoti qiyosiy adabiyotshunoslik aspektida: tipologiya va ta’sir» (2012-2016) nomli fundamental loyihada foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 7 oktyabrdagi 3/1225-2150-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihada o‘zbek nasrini boshqa xalqlar adabiyoti bilan qiyoslab o‘rganish, xususan, adabiyotning  adabiy ta’sir kabi muhim muammolarini yoritishda aniq baholash imkoni yanada oshgan;
badiiy nasrning umumxalq tilida mavjud vositalarni qamrab olishi, so‘z yasalishi uchun ham muhim manba ekanligi, badiiy nutqdagi yangi yasalmalar faollashib, adabiy tilga o‘tishi haqidagi mulohazalardan FA-F1-G003 raqamli «Hozirgi Qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi» (2012-2016) nomli fundamental tadqiqot loyihada foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2020 yil 30 sentyabrdagi 17.01/100-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihada yasama so‘zlarning til tizimidagi o‘rni masalalari tavsifi mukammallashgan;
badiiy matnni lingvistik tahlil qilish, yozuvchining tildan foydalanish mahoratini belgilash haqidagi xulosalardan Ozarbayjon Milliy Bilimlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutining «Ozarbayjon-Turkmaniston-O‘zbekiston adabiy aloqalari» bo‘limida ilmiy tadqiqot olib borayotgan magistr va ilmiy tadqiqotchilar foydalanmoqda (Ozarbayjon Milliy Bilimlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutining 2020 yil 25 iyundagi 1/4-son ma’lumotnomasi). Natijada badiiy matnni, yozuvchining tildan foydalanish mahoratini tahlil qilish haqidagi bilimlarning oshirilishiga erishilmoqda.
Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasining ko‘rsatuvlari va eshittirishlari ssenariylarini tayyorlashda, xususan, «Til millat ko‘zgusi», «Munosabat» ko‘rsatuvlarida tadqiqot natijalaridan foydalanib kelinmoqda. (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 10 yanvardagi 01-15/36 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada adabiy-badiiy, ma’naviy-ma’rifiy dasturlarda o‘zbek tilining nufuzi, rivojlanish jarayonlari, badiiy asarlarni o‘qish orqali til boyligiga erishish masalalarini atroflicha yoritish imkoniyati yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish