Niyazov Ravshan Turakulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Jon Grishem ijodida detektiv romanlarning badiiy o‘ziga xosligi”, 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1PhD/Fil727.
Ilmiy rahbar: Lixodzievskiy Anatoliy Stepanovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Ped.27.01.
Rasmiy opponentlar: Ermatov Baxodir Sadikovich, filologiya fanlari doktori (DSc); Akobirova Sarvar Tuyevna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: J. Grishem ijodi misolida detektiv janrning rivojlanishini tizimli o‘rganish, ijtimoiy-axloqiy muammolarni yoritishda muallif badiiy mahorati va ijodiy uslubini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
J. Grishem ijodidagi yuridik mavzuni bayon etish uslubiga xos bo‘lgan insonning jamiyat oldidagi javobgarligi konsepsiyasi adabiy-badiiy tahlil mezonlari asosida takomillashtirilgan;
detektiv asarlarga oid «ijtimoiy adolat» va «inson huquqlari» tushunchalarining sud`ya, advokat, prokuror kabi huquqshunos obrazlari bilan birgalikda badiiyat olamida bir tizim asosida markazlashganligi qiyosiy tahlil metod asosida dalillangan;
XX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshidagi Amerika adabiy jarayoni, uning asosiy yo‘nalishlari va oqimlari, xususan J. Grishem asarlaridagi mavzular ko‘lami, adib biografiyasi, romannavis sifatidagi badiiy mahorati badiiy-konseptual usul asosida dalillangan;
J. Grishemning yuridik detektiv yo‘nalishidagi asarlariga oid ma’lumotlar, ularning mavzuiy tahlili, xronologik rivojlanishi, buning natijasida, Amerika huquq tizimini konseptuallashtirishga ta’sir ko‘rsatishi tavsifiy-analitik metod asosida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
J. Grishem yuridik detektiv asarlarining badiiy xususiyatlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
dissertatsiyadagi insonning jamiyat oldidagi javobgarligining adabiy-badiiy tahliliga oid xulosalar, taklif va tavsiyalardan F-1-FQ-055213-sonli «Abdulla Qahhor dastxat qo‘lyozmalari asosida asarlarining ilmiy-qiyosiy matnlarini tayyorlash va nashrga hozirlash» mavzucidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Madaniyat vazirligi 2020 yil 5 martdagi 01-12-10-1189-son ma’lumotnomasi). Natijada, voqelik va ijodkor shaxsiyati xususidagi ma’lumotlar Abdulla Qahhor uy muzeyini boyitishga xizmat qilgan;
detektiv asarlarning o‘ziga xos talqini, ijtimoiy adolat va inson huquqlari tushunchasi, sud`ya, advokat, prokuror va boshqa obrazlarning badiiy o‘ziga xosligi, insonparvarlik g‘oyalari, insonning shaxsiy muammolari, ruhiyatida yuz beradigan o‘zgarishlar, yovuzlik va ezgulik o‘rtasidagi kurash, jinoyatchining ko‘nglida ro‘y beradigan ma’naviy, psixologik kechinmalar, qonunbuzarlik oqibatida jinoyatchining o‘z fojiasiga sabab bo‘lgani xususidagi fikr-mulohazalarning badiiy tahliliga oid materiallaridan Sh. Sirojiddinov rahbarligida bajarilgan ITD-1-119 «O‘zbek adabiyoti antologiyasi»ni ingliz tiliga tarjima qilish va adabiyotlararo kommunikatsiya muammolari» mavzusidagi amaliy loyiha doirasida «Shaytanat 2-3-4-5» va «Sarbadorlar» kabi romanlarning ingliz tiliga tarjima qilishdagi badiiy o‘ziga xosligini yoritishda keng foydalanilgan. (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 25 fevraldagi 89-03-802-son ma’lumotnomasi). Natijada, amerika adabiyotining yangi qirralarini baholash va J. Grishemning yuridik detektiv yo‘nalishdagi asarlari haqidagi ma’lumotlar loyihaning nazariy jihatlarini boyitishda xizmat qilgan;
tadqiqotning detektiv janrining turlari, bayon etilish va yoritilish uslublari, o‘ziga xos badiiy jihatlari, detektiv asarlarda qahramonlarning badiiy tasviri, yuridik monolog va dialoglarning ilmiy jihatdan dalillangani haqidagi xulosalardan O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatrida qo‘yilgan «Tuzoq» («Lovushka», R. Toma) detektiv spektaklining asosiy mohiyatini tomoshabinga etkazishda foydalanilgan (Madaniyat vazirligining 2020 yil 12 martdagi 01-12-07-1304-son ma’lumotnomasi). Natijada, qahramon kechinma, holatlarining jonli, ta’sirchan ijro etilishiga xizmat qilgan;
XX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshidagi Amerika adabiy jarayoni, uning asosiy yo‘nalishlari va oqimlari, xususan, yuridik detektiv asarlarning o‘ziga xos xususiyatlari, J. Grishem asarlari, mavzu ko‘lami, obrazlar olami haqidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi yosh ijodkorlar bilan ishlash bo‘limi qoshidagi «Nasr» ijodiy to‘garagi faoliyatida, «Nasr» ijodiy kengashining hisobot yig‘ilishida va yosh ijodkorlar bilan uchrashuvlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi 2020 yil 12 fevraldagi 01-03-11/263-son ma’lumotnomasi). Natijada, yosh ijodkorlarni J. Grishem va zamonaviy detektiv nasri, yozuvchilarning faoliyati, asarlari bilan tanishtirishda, millatning huquqiy savodxonligiga ommaviy adabiyotning ta’sirini yoritib berishga asosiy manba bo‘lib xizmat qilgan;
J. Grishemning yuridik-detektiv yo‘nalishdagi asarlari haqidagi ma’lumotlar, ularning mazmun-mohiyati, tahlili va ilmiy asosi, o‘ziga xos xususiyatlari, jahon adabiyoti va aynan Amerika adabiyoti yuridik-detektiv janrining rivojlanishida tutgan o‘rni va ahamiyati, detektiv janrining o‘zgacha o‘rni hamda badiiyati haqidagi ma’lumotlardan «O’zbekiston tarixi» telekanalining «Xayrli kun» ko‘rsatuvidagi «Jahon adabiyoti didaktikasi» mavzuidagi ilmiy-amaliy seminarlarda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O’zbekiston teleradiokanali» davlat unitar korxonasi 2020 yil 28 fevraldagi 02-40-470-son ma’lumotnomasi). Natijada, eshittirishlarning ob’ektiv tayyorlanishi, ma’naviy ta’sirchanligi, badiiy emotsionalligi va tarbiyaviy ahamiyatining oshishiga erishilgan.