Nasirova Saodat Abdullaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Hozirgi xitoy tili ijtimoiy-siyosiy terminologiyasi”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Fil90.
Ilmiy maslahatchi: Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Xodjaev Ablat, tarix fanlari doktori; Xay Shuin, filologiya fanlari doktori, professor; Kim Natal`ya Dek-Xenovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xitoy siyosiy va ma’muriy-boshqaruv tizimining ijtimoiy-siyosiy terminologiyaning shakllanishi, rivojlanishi va boyishiga ta’siri masalasini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba xitoy tili ijtimoiy-siyosiy terminologiyasi asosan, sinxron, o‘rni bilan diaxron aspektda o‘rganilishi natijasida terminlarning hosil bo‘lish va rivojlanish asoslari, xitoy tili ijtimoiy-siyosiy terminologiyasining miloddan avval VII-III asrlardan hozirgi kunga qadar mavjud ma’muriy boshqaruv tizimi bilan bog‘liq tarixiy qatlamlari aniqlangan;
ijtimoiy-siyosiy terminlarning shakllanishi, voqelanish manbalari va rivojalanish qonuniyatlari asosida xitoy tilidagi termin va ijtimoiy-siyosiy terminologiya tushunchalarining ishchi definisiyalari belgilangan;
hozirgi xitoy tili ijtimoiy-siyosiy terminlarining hosil bo‘lishida kompozisiya usuli va qisqartmalarning faolligi dalillangan;
tasniflangan 4 ta mavzuiy guruh kesimida IST leksik qatlamining boyishiga ta’sir ko‘rsatuvchi ekstralingvistik omillar asoslangan;
XXR siyosiy yo‘nalishidagi tub ijtimoiy-siyosiy reformalarning xitoy tili ijtimoiy-siyosiy terminologiyasining shakllanishi va rivojlanishiga ta’siri, va aksincha, ijtimoiy-siyosiy terminlarning XXRning siyosiy yo‘nalishidagi davlat va ma’muriy-boshkaruvdagi o‘rni asoslangan;
XXRning ichki siyosati va iqtisodi sohalaridan global terminologiya sohasiga transformatsiya qilingan, ijtimoiy-siyosiy terminologiya tizimidagi xalqaro aloqalarga nisabatan mul`tiplikativ ta’sir o‘tkazuvchi, XXR rahbarlarining zamonaviy siyosiy konsepsiyalari doirasida vujudga kelgan 中国特色社会主义Zhōngguó tèsè shèhuì zhǔyì Xitoy spesifikasiga ega bo‘lgan sotsializm - 中国的全球发展Zhōngguó de quánqiú fāzhǎn Xitoyning global taraqqiyoti - 中国梦Zhōngguó mèng xitoycha orzuga yo‘l - 中华民族伟大复兴Zhōnghuá mínzú wěidà fùxīng Xitoy millatining buyuk qayta tug‘ilishi -人类统一命运共同体rénlèi tǒngyī mìngyùn gòngtóngtǐ insoniyatning umumiy taqdir jamiyati – boshqacha aytganda, xitoy usulidagi globalizatsiya kabi bir qator yangi terminlar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Hozirgi xitoy tili IST tadqiqoti yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
XXRdagi til siyosati va ijtimoiy-siyosiy terminologiya qatlami, xitoy tilidagi termin yasalishi masalalarini o‘rganish natijalari OT-A1-018 «O‘zbek tili va uning tarjimasi bilan bog‘liq elektron va bank-moliya terminlarining ko‘p tilli lug‘atlarini yaratish» mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 30 oktyabrdagi 89-03-4307-son ma’lumotnomasi). Ilmiy xulosalar ko‘p tilli tarjima lug‘atlar tuzishning tamoyillari va bilingvizm masalalarini yoritishda xizmat qilgan;
xitoy tili ijtimoiy-siyosiy terminologiyasi tasnifi, lingvistik va ekstralingvistik omillarga oid materiallar va tahlillar natijalari 2018-2019 yillarda XXR millatlari Shimoli-g‘arbiy universitetining “乌兹别克民族来源历史” “O‘zbek xalqining kelib chiqishi” monografiyasi tarjimasiga oid ilmiy-amaliy loyiha doirasida qo‘llanilgan (XXR millatlari Shimoli-g‘arbiy universitetining 2019 yil 4 dekabrdagi ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalari ikki tilli tarjima jarayonida amaliy baza vazifasini o‘tagan;
hozirgi xitoy tili IST shakllanishi va taraqqiyotiga ekstralingvistik omillarning ta’siri haqidagi nazariy va analitik xulosalar PZ-201709134 “Ingliz tilini filologiya sohasida o‘rganishda zamonaviy yondashuv, baholash sifatining shakli va tamoyillari” mavzusidagi tadqiqot loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 30 oktyabrdagi 89-03-4307-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar til o‘rganishdagi termin yasovchi vositalar rivoji tamoyillarining aniqlanishiga ko‘mak bergan;
xitoy tili IST taraqqiyoti bosqichlari tahlili natijalari davlat namunasidagi malaka sertifikati berish ko‘zda tutilgan xitoy tilini egallash va test topshiriqlarini tayyorlash, xususan, xitoy tili bo‘yicha yozma va og‘zaki malakalarni baholashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat test markazining 2019 yil 23 dekabrdagi 126-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiya natijalari hozirgi xitoy tili IST mavzuiy guruhlari tasnifi asosida test savollarini amaliy materiallar bilan boyitishga xizmat qilgan;
hozirgi xitoy tilidagi ISTning mavzuiy tasnifiga oid materiallar va tahlillar natijalari davlat namunasidagi malaka sertifikati berish ko‘zda tutilgan xitoy tilini egallash va test topshiriqlarini ishlab chiqish, jumladan, xitoy tili bo‘yicha yozma va og‘zaki HSK malakalarni baholashda qo‘llanilgan (Rossiya Qozon Federal universitetning 2020 yil 22 yanvardagi 04-09/98-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari hozirgi xitoy tili IST qatlamining boyishida intralingvistik va ekstralingvistik omillarning ta’siri va rolini aniqlashga xizmat qilgan;
tadqiqotning ayrim nazariy va amaliy materiallari, xitoy tilidagi ijtimoiy-siyosiy terminlarining leksik-grammatik xususiyatlari, yasalishi masalalari «Filologiya va tillarni o‘qitish (xitoy tili)» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar uchun hozirlangan «汉语»«Xitoy tili» darsligini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2013 yil 19-apreldagi 128-son buyrug‘i, 128-061 raqamli guvohnoma). Natijada, xitoy tilidagi ijtimoiy-siyosiy terminlarning semantik va grammatik xususiyatlari, hosil bo‘lish usullariga oid materiallar darslikning ijtimoiy-siyosiy mavzudagi matnlarini tuzishda qo‘llanilgan, chunonchi, mavzuga doir mashqlar va testlarni ishlab chiqishda tatbiq etilgan.