Bakaeva Barno Baxtiyor qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xitoy tilida morfemali kontraksiya”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil.555.
Ilmiy rahbar: Xashimova Sabohat Abdullaevna, filologiya fanlari doktori, dotsent. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Siddiqova Iroda Abduzuhurovna, filologiya fanlari doktori, professor; Jo‘raev Dilshod Mamadiyarovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillar instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: hozirgi xitoy tilida morfemali kontraksiya hodisasi, uning yasalish usullari, mazkur so‘z yasalishi vositasida hosil bo‘lgan so‘zlarning morfologik-semantik, funksional xususiyatlarini tahlil qilish va o‘rganish, morfemali kontraksiya usullarining mahsuldorlik darajasini aniqlash va belgilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xitoy tili leksikasining ichki imkoniyatlar asosidagi rivojida morfemali kontraksiyaning so‘z yasalish usuli sifatidagi o‘rni asoslangan;
hozirgi xitoy tilida morfemali kontraksiyaga oid usul va modellarning ot so‘z turkumiga oid qisqartma so‘zlarni hosil qilishdagi mahsuldorligi, sifat va fe’l so‘z turkumidagi qisqartmalar bo‘yicha kammahsulligi dalillangan;
morfemali kontraksiyaning yasalish usuliga oid modellar va struktur tiplari, ularning ijtimoiy-siyosiy matnlardagi miqdoriy ko‘rsatkichlari asoslangan;
«umumlashtirish» usulining «miqdor son+(hisob so‘z)+bog‘lovchi/old ko‘makchi», «(ot)+hisob so‘z+affiks (prefiks/suffiks)» va «sifat/fe’l/ot+miqdor son+ot» shaklidagi yangi modellari aniqlangan.
morfemali kontraksiya ijtimoiy-siyosiy leksika va terminshunoslikda nisbatan ko‘p uchrashi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Xitoy tilida morfemali kontraksiya tadqiqoti yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
tadqiqot ishidagi qadimgi xitoy tilidagi manbalarda uchraydigan qisqartma so‘zlarni qo‘llash holatlari, kishilar ism-sharifi hamda lavozimiga oid qisqartirish shakllari va xususiyatlari bilan bog‘liq natijalardan OT-A1-71 raqamli «Ilk va o‘rta asrlar Markaziy Osiyo mintaqasida etnolingvistik vaziyat» mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasi doirasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020-yil 15-oktyabrdagi 89-03-3952-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar Ilk o‘rta asrlarda Markaziy Osiyo bo‘yicha qadimgi xitoy manbalaridagi ma’lumotlar va mintaqa tillariga xitoy tilining ta’siri masalalarini yoritishga xizmat qilgan; 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017-yil 24-avgustdagi 603-sonli buyrug‘iga asosan 5120100 – Filologiya va tillarni o‘qitish (xitoy filologiyasi) ning talabalari uchun tavsiya etilgan «Xitoy tili» nomli o‘quv darsligida (S.Xashimova, B.Do‘smatova (B.Bakaeva) hammuallifligida) tadqiqot natijalaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lisenziya berilgan nashriyotlarda nashr qilishga ruxsat berilgan (ro‘yxatga olish raqami 603-256). Tadqiqot ishining natijalari so‘zlar tarjimasidagi chalkashliklarni echish, o‘zbek tiliga mos bo‘lmagan xitoycha terminlarni tarjima qilish orqali o‘quvchilarga oson etkazish, qolaversa, xitoy tili leksikaning yasalish yo‘llarini tushuntirishda xizmat qilgan;
hozirgi xitoy tilida morfemali kontraksiya tadqiqiga doir ilmiy-nazariy natijalar O‘zbek-xitoy Konfusiy institutida keng tatbiq qilinmoqda. Xususan, xitoy tilida morfemali kontraksiyaning turli usullari orqali hosil bo‘lgan qisqartma so‘zlar dars jarayonida qo‘llanilib kelinmoqda (O‘zbek-xitoy Konfusiy institutining 2020 yil 25 fevraldagi 2-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiyadan olingan ilmiy natijalar o‘zbek-xitoy Konfusiy institutida olib borilayotgan xitoy tili darslarida qo‘shma so‘z va qisqartma so‘zlarni ajratishdagi muammolarni bartaraf etish, morfemali kontraksiya hodisasiga xos va xos bo‘lmagan qisqartma so‘zlarni farqlash, o‘zbek tilida uchramaydigan morfemali kontraksiya usullariga oid misollarni tarjima qilish borasidagi bilimlarni kuchaytirishga bevosita xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish