Odinaev Adham Sa’dulloevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Majburiyat huquqi sohasida neustoyka qo‘llashni tartibga solish”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi; Tadbirkorlik huquqi; Oila huquqi; Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Yu389.
Ilmiy rahbar: Borotov Mirodiljon Xomudjonovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bosh prokuratura Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar Oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi, PhD.37/27.02.2020.Yu.107.01.
Rasmiy opponentlar: Nasriev Ilhom Ismoilovich, yuridik fanlar doktori, professor; Mehmonov Qambariddin Miradhamovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi majburiyat huquqi sohasida neustoyka qo‘llashni tartibga solish va neustoyka institutining huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fuqarolik-huquqiy javobgarlik institutini takomillashtirish, jumladan zararni qoplashning adolatli tartibini ta’minlashda neustoykaning o‘rni va roli yuqori ekanligi ko‘rsatib berilib, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishda hisobga o‘tkaziladigan neustoykani qo‘llash taklifi asoslangan;
qonun hujjatlari yoki shartnoma bilan belgilangan, majburiyat bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmaganda to‘lanishi shart bo‘lgan pul summasi yoxud shu summaga teng bo‘lgan natura shaklidagi mol-mulkni (tovarni) neustoyka sifatida qabul qilish taklif etilgan;
fuqarolik-huquqiy javobgarlikni qo‘llashda javobgarlik sharti sifatida neustoykaga bog‘lagan holda aybning o‘rnini belgilash maqsadida, Fuqarolik kodeksiga “Ayb tushunchasi”, “Aybning shakllari” va “Aybsiz holda zarar etkazish” kabi yangi moddalar kiritish taklif etilgan;
majburiyatlarni bajarilishini ta’minlash hamda kreditor manfaatlarini samarali himoya qilinishiga erishishda qonuniy neustoykaning ahamiyati va zarurati asoslab berilgan;
neustoykaning shartnomani tuzish va ijro etish paytida majburiyatlar bajarilishini ta’minlash usuli, shartnoma buzilganida esa javobgarlik chorasi ekanligi bo‘yicha Fuqarolik kodeksining 22 va 24-boblarini takomillashtirish yo‘nalishlari aniqlangan hamda neustoykaning hisobga o‘tkaziladigan, jarimali, alohida va muqobil turlarini qo‘llash asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi.
Majburiyat huquqi sohasida neustoyka qo‘llashni tartibga solishni takomillashtirishga oid tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
fuqarolik-huquqiy javobgarlik institutini takomillashtirish, jumladan zararni qoplashning adolatli tartibini ta’minlashga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F–5464-son Farmoyishi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish Konsepsiyasi” hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi PF–6012-son Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining yangi tahriri loyihasini ishlab chiqishga oid 30-bandida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2020 yil 2 sentyabrdagi 4-13-2/1631-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi tadbirkorlar va xususiy mulkdorlar, potensial xorijiy investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini yanada to‘liq ta’minlash, fuqarolik qonunchiligini bozor iqtisodiyoti tamoyillari va xalqaro standartlarga muvofiq modernizatsiya qilish, mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va bozor iqtisodiyotini rivojlantirish uchun zamonaviy fuqarolik-huquqiy asos yaratishga ko‘maklashgan;
neustoykaning hajmi va miqdori, qarzdorning qarzni to‘lash majburiyatini takomillashtirishga qaratilgan Fuqarolik kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga doir takliflardan yangi tahrirda ishlab chiqilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Huquqiy siyosat tadqiqot institutining 2020 yil 9 iyuldagi 1/3-3-360-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining 2020 yil 8 oktyabrdagi 02-3/687-son ma’lumotnomalari). Ushbu takliflarning qabul qilinishi majburiyat bajarilmaganida neustoykaning miqdorini aniq belgilash, etkazilgan zararning majburiyatni buzish oqibatlariga mutanosibligini ta’minlashga doir normalarni shakllantirishga xizmat qilgan;
Fuqarolik kodeksiga majburiyatlarni buzganlik uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlikni belgilash bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid takliflardan Fuqarolik kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2020 yil 6 iyuldagi 05/1-01-112-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning qabul qilinishi majburiyat huquqida qarzdorning aybi darajasi va shaklini belgilash, etkazilgan zararning majburiyatni buzish oqibatlariga mutanosibligini ta’minlashda ijobiy ta’sir ko‘rsatishga doir normalarni shakllantirishga xizmat qilgan;
majburiyat huquqi sohasida qonuniy neustoykani kiritish yuzasidan bildirgan takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasini takomillashtirishda foydalanilib, “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi”ga (project.gov.uz) kiritilgan (Bosh prokuraturaning 2020 yil 22 maydagi 17723-son xati va 2020 yil 27 oktyabrdagi 30/8-20-860-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar Fuqarolik kodeksining neustoykaga oid qator normalarini takomillashtirish, jumladan qonuniy neustoykaning huquqiy asoslarini mustahkamlashga ko‘maklashgan;
xo‘jalik shartnomalarini bajarilmasligi bo‘yicha iqtisodiy ishlarni ko‘rib chiqish va baho berishga oid qoida va tavsiyalardan Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 15.06.2007 yildagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 163-son qarorini takomillashtirish bo‘yicha tayyorlangan loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2020 yil 13 oktyabrdagi 08/UM-566-20-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinishi fuqarolik va iqtisodiy sudlarda neustoyka undirish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga ko‘maklashgan.