Narmanov Feruz Asfandiyorovichning
fan doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XX asrning 20-30 yillarida O‘zbekiston ijtimoiy hayotida madaniy-ma’rifiy muassasalarning o‘rni”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Tar540.
Ilmiy rahbar: Mustafaeva Nodira Abdullaevna, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.02.10.
Rasmiy opponentlar: Xaitov Shodmon Axmadovich, tarix fanlari doktori, professor; Rasulov Baxtiyor Mahmudjonovich, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XX asrning 20-30 yillarida O‘zbekiston ijtimoiy hayotida madaniy-ma’rifiy muassasalarning tutgan o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
1920-1930 yillarda asosiy targ‘ibot tuzilmalari sifatida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy muassasalarning faoliyati va xususiyatlari orqali sovet hukmron mafkurasining O‘zbekiston aholisi ijtimoiylashuviga salbiy ta’siri aniqlangan;
XX asrning 20-30 yillarida tashkil qilingan klub, qizil choyxona, qizil burchak va an’anaviy choyxonalarning sovet siyosati targ‘ibotiga xizmat qiluvchi tadbirlar markaziga aylantirilgani, shuningdek, qizil arava, qiroatxona va kutubxonalarning hukmron mafkuraning qo‘shimcha «targ‘ibot vositalari» sifatidagi faoliyati ochib berilgan;
targ‘ibotning eng oddiy va eng sodda ko‘rinishi sifatida madaniy-ma’rifiy muassasalarda tashkil etilgan qizil-qora doskalar va «ma’lumotlar stoli» XX asrning 20-30 yillarida sovet hokimiyati amalga oshirgan zo‘ravonlik va qatag‘on siyosatining ko‘lami va miqyosi kengayishida muhim instrumentlardan biri ekanligi aniqlangan;
sovet hokimiyatining O‘zbekistondagi madaniy sohada olib borgan siyosatida «tayanch vositalar» rolini o‘tagan madaniy-ma’rifiy muassasalar faoliyatining o‘rni, aholining ijtimoiy faollashuvi, savodsizlikning tugatilishi kabi ijobiy natijalari bilan birga, milliy qadriyatlarning yo‘q qilinishi, ijtimoiy psixologik muhitni mafkuraga moslashtirish kabi salbiy oqibatlari asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
XX asrning 20-30 yillarida O‘zbekiston ijtimoiy hayotida madaniy-ma’rifiy muassasalar o‘rnini aniqlash bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
XX asrning 20-30 yillarida O‘zbekiston ijtimoiy hayotida yangi madaniy-ma’rifiy muassasalarning joriy etilishi, tizimdagi o‘zgarishlar va ularning sabablarini aniqlash, madaniy-ma’rifiy muassasalarda sovet mafkurasini singdirish yo‘llari hamda uslublarini tadqiq etish, mahalliy aholi hayotiga «qizil choyxona»larning singdirilishi va uning oqibatlariga doir ilmiy xulosalar «O‘zbekiston tarixi» telekanalining «Taqdimot» ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston MTRK, «O‘zbekiston tarixi» telekanalining 2020 yil 3 martdagi 01-40/546-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan ma’lumotlar 1920-1930 yillarda O‘zbekistonda tashkil qilingan madaniy-ma’rifiy muassasalar faoliyatini keng jamoatchilikka etkazib berishga xizmat qilmoqda;
XX asrning 20-30 yillarida qizil choyxonalarda olib borilgan siyosiy targ‘ibot tadbirlari mahalliy aholining ongi va tafakkuriga ta’sir etish orqali kishilarning ijtimoiy hayotini o‘zgartirishga bo‘lgan salbiy harakatlar va urinishlar haqidagi ilmiy yangiliklardan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi ekspozisiyalarini boyitishda ilmiy axborot sifatida foydalanilgan (Madaniyat vazirligining 2020 yil 4 iyundagi 01-12-10-2224-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot ilmiy xulosalari sifatida taqdim etilgan ma’lumotlar muzey-qo‘riqxona tizimida XX asrning 20-30 yillari O‘zbekiston ijtimoiy hayotiga bag‘ishlangan hujjatlar, moddiy ashyolar fondining ilmiy tasnifini yozishda kolleksiyalardagi ashyolarning tarixiy ahamiyatini ochib berishga xizmat qilgan;
1920-1930 yillarda asosiy targ‘ibot tuzilmalari sifatida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy muassasalarning faoliyati va xususiyatlari orqali sovet hukmron mafkurasining O‘zbekiston aholisining ijtimoiylashuvidagi salbiy ta’siriga doir ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ekspozisiyalarini boyitishda foydalanilgan (Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining 2020 yil 6 iyuldagi 57-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan ma’lumotlar muzeyning sovet davriga oid bo‘limi ekspozisiyasining yanada qiziqarli va ta’sirchan bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etgan;
1920-1930 yillarda sovet hukumatining mahalliy aholi ijtimoiy hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan jamiyatning quyi qatlamlari o‘rtasida sovet tuzumi targ‘ibotining vosita va metodlari, madaniy-ma’rifiy muassasalarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, sovet mafkurasini singdirish orqali hukmron tuzumning inson manfaatlaridan ustun qo‘yilishi natijasida ijtimoiy hayotning cheklanishi va uning oqibatlariga oid xulosalardan «Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi» Samarqand viloyati bo‘limining «Jamoat tashkilotlari bilan olib boriladigan ishlar» nomli rejasini yaratishda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2020 yil 7 iyuldagi 02/012-635-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari XX asrning 20-30 yillarida madaniy-ma’rifiy muassasalarning aholi ijtimoiy hayotiga ta’siri, natija va uning oqibatlarini yoritib berishga xizmat qilgan.