Azizov Shuxrat Shodievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tuproqni ishlashda resurstejovchi texnologiyalarning kuzgi bug‘doy va takroriy soya ekinlarining o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligiga ta’siri”, 06.01.08 – O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Qx326.
Ilmiy rahbar: Nurbekov Aziz Israilovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/28.08.2020.Qx.13.03.
Rasmiy opponentlar: Alikulov Safar Menglikulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Amanov Oybek Anvarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doyni asosiy va soyani takroriy ekin sifatida etishtirishda resurstejovchi texnologiyani qo‘llashning samaradorligini tuproqqa an’anaviy ishlov berish bilan qiyoslash, ekinlarning o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligi va don sifatiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida bug‘doyning yangi «Brigada» va «G‘ozg‘on» navlarining tuproqni ishlashda resurstejovchi texnologiyalarni maqbullashtirish orqali yuqori va sifatli hosil etishtirish agrotexnologiyalari elementlari ishlab chiqilgan;
yangi «Brigada» va «G‘ozg‘on» kuzgi bug‘doy navlarini etishtirishda ularning biologik xususiyatlariga mos, yoqilg‘i, suv resurslaridan, ma’dan o‘g‘itlardan samarali foydalanishga imkon beradigan resurstejovchi texnologiyalarning ta’siri aniqlangan;
takroriy ekin soyaning «Selekta-302» va «Orzu» navlarini biologik xususiyatlarini inobatga olgan holda tuproqqa ishlov berish usullarini qiyosiy o‘rganish natijasida eng yuqori hosil olishni ta’minlaydigan resurstejovchi etishtirish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
tuproqqa an’anaviy va ishlov bermasdan (resurstejovchi) kuzgi bug‘doy va takroriy soya ekini etishtirishning samaradorlik ko‘rsatkichlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tipik bo‘z tuproqlar sharoitida asosiy ekin kuzgi bug‘doy va soyani takroriy ekin sifatida etishtirishda resurstejovchi texnologiyalarni qo‘llashning samaradorligini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
kuzgi bug‘doyning «Brigada» va «G‘ozg‘on» navlarini etishtirishda g‘o‘zapoyani korchovka qilib+otvalsiz plug bilan 25 sm chuqurlikda haydab ekish texnologiyasi Toshkent viloyati Piskent tumanida 75,2 gektar va Bo‘ka tumanida 78,0 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 16 noyabrdagi 02/021-3816-1 son ma’lumotnomasi). Natijada kuzgi bug‘doyning «G‘ozg‘on» navidan gektaridan 52,4-65,4 sentner va «Brigada» navidan 46,8-57,1 sentner don hosili olingan hamda rentabellik darajasi 30-47 % ni tashkil etgan;
kuzgi bug‘doyning «Brigada» va «G‘ozg‘on» navlarini etishtirishda resurstejamkor tuproqqa ishlov berish texnologiyalari Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida 120 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 16 noyabrdagi 02/021-3816-1 son ma’lumotnomasi) Buning natijasida 1000 dona don massasi 41,4 va 41,3 g, donning naturasi 746-720 g/l, donning shishasimonligi 75,8-80,1%, dondagi oqsil miqdori 14,3-14,6%, kleykovina miqdori mos holda 29,5-30,6% ga oshishi imkoni yaratilgan;
tuproqqa ishlov bermasdan takroriy muddatlarda soyaning «Selekta-302» va «Orzu» navlarini etishtirish texnologiyasi Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 140 gektar va Yuqorichirchiq tumanida 83,5 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 16 noyabrdagi 02/021-3816-1 son ma’lumotnomasi). Natijada soya doni hosildoriligi oddiy usulga nisbatan «Selekta-302» va «Orzu» navlaridan gektariga 2,7 sentner yoki 17,4 foiz yuqori bo‘lib, rentabellik darajasi 86,3-108,8 % ni tashkil etgan.