Indiaminova Shoira Amriddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ilk o‘rta asrlarda Sug‘dda kechgan diniy jarayonlar”, 07.00.01- O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tar225.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD. 03/27.02.2020. Tar.72.07.
Ilmiy rahbar: Shirinov Timur Shirinovich, tarix fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Ataxodjaev Azimxuja Muzafarovich, tarix fanlari doktori; Zamonov Akbar Turginovich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi arxeologik va yozma manbalar asosida ilk o‘rta asrlarda Sug‘dda kechgan diniy munosabatlar mohiyatini asoslashdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
zardushtiylik Sug‘d konfederatsiyasida islom dini kirib kelgunga qadar o‘z mavqeini, o‘zidan oldingi arxaik diniy qarashlar bilan ham kommunikativlikni (aloqadorlikni) saqlab qolganligi va bu xususiyatlar (ruhning mavjudligi, hayvon va narsa-buyumlarga sig‘inish va h.k.)ning ijtimoiy hayotda aks etganligi ochib berilgan;
ilk marta “Avesto”da diniy marosimlar paytida sig‘inuvchilar musiqadan keng foydalanganlar degan fikr Kofirqal’adan topilgan zardushtiylik diniy sahnasi aks ettirilgan yog‘och pannodagi musiqa asboblari hamda ijrochilar obrazlarini restavratsiya qilish natijasida isbotlangan;
Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va V`etnam kabi davlatlar hududida topilgan arxeologik manbalar, yozuvlar, amaliy san’at asarlari asosida dinlarning (buddaviylik, xristianlik, moniylik) Uzoq Sharq mamlakatlariga transformatsiyasida Sug‘d missionerlari, savdogarlari vositachilik vazifasini bajarganligi aniqlangan;
Sug‘dda yuz bergan diniy-madaniy jarayonlarning ijtimoiy hayotga sezilarli ta’siri, xususan, etnomadaniyatga xos yangi jihatlarning rivojlanish (insonparvarlik, diniy qadriyatlarning umumbashariy mohiyati, saroylar va uylar devorlarini bezatishda ilohlar tasvirlaridan foydalanish) alomatlari genezisi arxeologik manbalar orqali asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ilk o‘rta asrlarda Sug‘dda kechgan diniy jarayonlar bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar asosida:
zardushtiylik Sug‘d konfederatsiyasida islom dini kirib kelgunga qadar o‘z mavqeini, o‘zidan oldingi arxaik diniy qarashlar bilan ham kommunikativlikni (aloqadorlikni) saqlab qolganligi va bu xususiyatlar (ruhning mavjudligi, hayvon va narsa-buyumlarga sig‘inish va h.k.)ning ijtimoiy hayotda aks etganligiga oid xulosalari, ilmiy natijalariga tayanib qilingan amaliy taklif va tavsiyalari asosida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish va aniqlangan muammolarni hal etish borasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish konsepsiyasini ishlab chikishda foydalanilgan (Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining 2019 yil 26 iyuldagi 02-01/487-son ma’lumotnomasi). Natijada, mamlakatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqlarini ro‘yobga chiqarish hamda yoshlar, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishda ilmiy-nazariy manba sifatida xizmat qilgan;
ilk marta “Avesto”da diniy marosimlar paytida sig‘inuvchilar musiqadan keng foydalanganlar degan fikr Kofirqal’adan topilgan zardushtiylik diniy sahnasi aks ettirilgan yog‘och pannodagi musiqa asboblari hamda ijrochilar obrazlarini restavratsiya qilish natijasida qo‘lga kiritilgan ilmiy xulosa va tavsiyalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi Samarqand viloyat teleradiokompaniyasida “Sharq gavhari”, “Meros” va “Samarqand sadosi” kabi teleko‘rsatuvlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston MTRK Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2019 yil 20 dekabrdagi 09-01/331-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvlarda tomoshabinlar ilk o‘rta asrlar Sug‘d tarixini moddiy va ma’naviy hayotiga doir yangi ma’lumotlar bilan tanishishiga xizmat qilgan;
Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va V`etnam kabi davlatlar hududida topilgan arxeologik manbalar, yozuvlar, amaliy san’at asarlari asosida dinlarning (buddaviylik, xristianlik, moniylik) Uzoq Sharq mamlakatlariga transformatsiyasida Sug‘d missionerlari, savdogarlari vositachilik vazifasini bajarganligi asoslangan ilmiy xulosalaridan “Sug‘d va Ustrushonaning antik va ilk o‘rta asrlar davri madaniyatida urbanizatsiya jarayonlari” mavzusidagi amaliy loyihasida (2012 – 2016 yy) foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 23 yanvardagi 3/1255–233–son ma’lumotnomasi). Natijada, bu takliflar Sug‘dda zardushtiylik bilan bir qatorda muomalada bo‘lgan xristianlik, moniylik buddaviylik dinlari misolida ilk o‘rta asrlarda Sug‘d diniy murosa va bag‘rikenglik, madaniyatlar sintezi uchun qulay mintaqa ekanligini asoslashga xizmat qilgan;
Sug‘dda yuz bergan diniy-madaniy jarayonlarning ijtimoiy hayotga sezilarli ta’siri, xususan, etnomadaniyatga xos yangi jihatlarning rivojlanish (insonparvarlik, diniy qadriyatlarning umumbashariy mohiyati, saroylar va uylar devorlarini bezatishda ilohlar tasvirlaridan foydalanish) alomatlari genezisi arxeologik manbalar orqali asoslanganligi bilan bog‘liq metodologik taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining yillik ishchi dasturi doirasida bajarilgan chora-tadbirlar dasturini amalga oshirishda foydalanilgan (Madaniyat vazirligining 2019 yil 12 dekabrdagi 01-12-10-6202-son dalolatnomasi). Natijada, yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish samaradorligini oshirishda, shuningdek, targ‘ibot tadbirlarini muntazam ravishda olib borish maqsadida 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan madaniy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari umummilliy Konsepsiyasi va Kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.