Mo‘minjonov Mirjalol Muqimjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «p- va m-ferrotsenilbenzoy kislotalarning ayrim dialmashingan hosilalarini o‘rganish va sinflash», 02.00.09 – Tovarlar kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/K320.
Ilmiy rahbar: Asqarov Ibrohim Rahmonovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.K.05.01.
Rasmiy opponentlar: Karimqulov Qurbonqul Mavlonqulovich texnika fanlari doktori, professor; Isaqov Muxammadjon Yunusovich kimyo fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ferrotsenbenzoy kislotalar asosida tarkibida oksi- va karboksifenil o‘rinbosarlari tutgan ferrotsenning yangi biologik faol hosilalarini sintez qilish, hamda ularni kimyoviy tarkibi asosida sinflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ferrotsenni p- va m-aminobenzoy kislotalar hamda, p-aminofenol bilan diazotirlash reaksiyasi bo‘yicha tarkibida ham oksifenil, ham karboksifenil o‘rinbosarlari tutgan dialmashingan geteroannulyar tuzilishli yangi ferrotsen hosilalari sintez qilingan;
o‘tkazilgan diazotirlash reaksiyalarining mexanizmi kvant-kimyoviy hisoblash metodi yordamida birikmalarni sintez qilishning maqbul yo‘nalishi va sharoiti aniqlangan;
olingan moddalarning tarkibi, tuzilishi va xossalari kvant-kimyoviy hisoblash, yupqa qatlamli hamda ustunli xromatografiya, potensiometrik titrlash, atom-absorbsion spektrofotometriya, mass-spektrometriya, IQ spektroskopiya metodlarida aniqlangan;
olingan moddalarning tuzilishi aralash o‘rinbosarli dialmashingan geteroannulyar tuzilishga ega ekanligi isbotlangan;
sintez qilingan moddalarning suvda eruvchan ishqoriy metalli tuzlarini olish usuli takomillashtirilgan;
olingan yangi moddalarning ishqoriy metalli tuzlari chigitning unib chiqishiga va g‘o‘zaning kompleks rivojlanishiga ijobiy ta’sir etib, paxta hosildorligini oshirishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tarkibida oksi- va karboksifenil o‘rinbosarlari tutgan ferrotsenning biologik faol hosilalarini sintez qilish, hamda ularni kimyoviy tarkibiga ko‘ra sinflash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi (TIF TN) bo‘yicha ferrotsenning ikki va undan ortiq noaromatik o‘rinbosarlar tutgan hosilalari uchun 2942000005, ferrotsenning ikki va undan ortiq aromatik o‘rinbosarlar tutgan hosilalari uchun 2942000006 tovar kodlari Davlat bojxona amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2020 yil 20 avgustdagi 1/16-282-son ma’lumotnomasi). Natijada, ferrotsenning ikki va undan ortiq o‘rinbosarli hosilalarini sinflash imkonini bergan;
tarkibida oksi- va karboksifenil o‘rinbosarlari tutgan birikmalari asosida olingan Ferbek-PPD biostimulyatori Andijon va Farg‘ona viloyati fermer xo‘jaliklari hamda Paxta seleksiyasi urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Farg‘ona ilmiy tajriba stansiyasining 30 gektardan ortiq g‘o‘za maydonlariga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 17 noyabrdagi 05/032-3838-son ma’lumotnomasi). Natijada, MAKSIT-1 biostimulyatoriga nisbatan gektaridan qo‘shimcha 2,5–3,3 sentner hosil olish imkonini bergan.