Hamaev Nodirbek Momunovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston hududida istiqlol uchun qurolli harakat va unga qarshi kurashning matbuot sahifalarida targ‘ib etilishi (1918–1934 yillar)”, 07.00.01 - O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.RhD/Tar385.
Ilmiy rahbar: Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Shadmanova Sanavar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor; Mingnarov Abduxoliq Tashmirzaevich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda ro‘y bergan sovet rejimiga qarshi qurolli kurashning sabablari, uning xronologik va hududiy chegaralari, oqibatlarini hamda bol`sheviklarning bu harakatni tugatish yo‘lidagi targ‘ibot ishlarini davriy matbuot materiallari asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
harakatga jadid ma’rifatparvarlari va ruhoniylarning ma’naviy rahnamoligi tufayli qo‘rboshi dastalarining ma’lum vaqtga bo‘lsa-da birlashtirilishi hamda turkiyalik harbiy zobitlarning uni tashkil etish, yo‘nalishi va maqsadini belgilashda muhim o‘rin tutganligi asoslangan;
sobiq sovet davriy matbuoti mazkur muammoni kuchli senzura mavjud bo‘lgan sharoitda yoritgani tufayli unda harakatga asosan salbiy baho berilishi barobarida senzuradan holi bo‘lgan milliy va muhojirlar matbuotida esa ushbu masala nisbatan ob’ektiv tarzda talqin etilganligi dalillangan;
1930 yillarining o‘rtalariga kelib sovet hokimiyatiga qarshi qurolli kurash tugatilganligi bois, gazeta va jurnallarda mavzuga e’tibor qaratilmasdan, e’lon qilingan kam sonli maqola va xabarlarda “bosmachilik” harakati ayrim mushtumzo‘r va talonchilarning bosqinchiligi sifatida talqin etilib, aholini xushyorlikka da’vat etish bilan barobar, sovet hokimiyati xalqning asosiy himoyachisi ekanligi ta’kidlanib borilganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston hududida istiqlol uchun qurolli harakat va unga qarshi kurashning matbuot sahifalarida targ‘ib etilishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“O‘zbekistonda sovet tuzumiga qarshi qurolli kurash va davriy matbuot” nomli I bobining harakat sabablari va mohiyati to‘g‘risidagi materiallaridan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi fondini boyitishda, shuningdek, Farg‘ona davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ekspozisiyasining “O‘rta Osiyo mintaqasida zulm va bosqinchilikka qarshilik harakati va qurolli chiqishlar (1918–1924 yillar)” bo‘limini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining 2019 yil 25 sentyabrdagi 136-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarining qo‘llanilishi mazkur davrni faktik materiallar, manbalar va ma’lumotlar bilan to‘ldirishga ko‘mak berib, Turkistonda XX asr birinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, harbiy jarayonlarda faol qatnashgan vatandoshlarimizning milliy ozodlik yo‘lida olib borgan kurashlarini ilmiy asosda yoritish imkonini bergan;
Farg‘ona vodiysida yuz bergan hokimiyatga qarshi qurolli harakatning yo‘nalishlari, markazlari, ijtimoiy-siyosiy ahamiyati hamda tarixiy oqibatlariga oid ilmiy xulosalardan Farg‘ona viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyining “Totalitar tuzum tarixi” bo‘limi ekspozisiyasi hamda ilmiy ish doirasida yig‘ilgan 15 dan ziyod eksponatlardan ekspozision rejalarni tuzishda va ko‘rgazmalarda to‘liq foydalanilmoqda (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 8 noyabrdagi 01-12-10-5600-son ma’lumotnomasi). Taqdim qilingan materiallar muzey fondidan joy olib, mahalliy va xorijiy tashrifchilarning 1918–1934 yillarda Farg‘ona vodiysida yuz bergan qarshilik harakati bo‘yicha yangi ma’lumotlarni olishlariga hamda sohani yangi ilmiy axborotlar bilan to‘ldirishga xizmat qilgan;
“O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” DUKning 2019 yil 24 dekabrdagi 02-40-2702-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan materiallar ushbu ko‘rsatuvni yanada mukammallashtirib, ilmiy dalillar bilan boyitgan.