Fayziev Voxid Baxramovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Kartoshka X virusining O‘zbekistonda tarqalgan izolyatini ajratish, xususiyatlarini o‘rganish va uning diagnostikasi», 03.00.04 – Mikrobiologiya va virusologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/B95.
Ilmiy maslahatchi: Vahobov Abdurasul Hakimovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mikrobiologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.V.38.01.
Rasmiy opponentlar: Xasanov Botir Achilovich, biologiya fanlari doktori, professor; Qodirova Gulchexra Xakimovna, biologiya fanlari doktori; Mamatqulov Ibroxim Xomidovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kartoshka X virusining mamlakatimizda tarqalgan izolyatini ajratish, uning xususiyatlarini hamda o‘simlik ayrim fiziologik jarayonlariga ta’sirini aniqlash va molekulyar-genetik usulda identifikatsiya qilishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor KXVning O‘zbekistonda tarqalgan «nekrotik» (KXVn) izolyati ajratildi va uning ORFs5 geni aniqlangan, filogenetik analiz qilingan va ushbu gen asosida sintezlanadigan oqsilning aminokislota tarkibi boshqa izolyatlar bilan solishtirilgan hamda virus evolyusiyasi molekulyar-genetik usullar yordamida aniqlangan;
ilk bor KXVn izolyatining kasallanish darajasiga bog‘liq ravishda o‘simlik bargidagi xlorofill “a” miqdorini nazoratga nisbatan 4,4, xlorofill “b” miqdorini 2,3, karotinoid miqdorini esa 5,3 baravar kamaytirishi asoslangan;
NSMda immunobloting usuli yordamida dastlabki tekshirishlarda noaniq bo‘lgan qator o‘simliklar qayta tekshirib chiqilgan va virusning olabuta (Atriplex micrantha C.A.Mey), ituzum (Solanum nigrum, dumbil sho‘ra (Ch. murale), oddiy sho‘ra (Ch. quonea), yovvoyi gultojixo‘roz (Amaranthus retrofflexus), burgon shuvog‘i (Artemisia annua), ermon shuvog‘i (Artemisia vulgaris), dala rango‘ti (Sinapis arvensis L.), xartol karami (Brassica juncea (L) Czern) kabi IFA sezgirligidan chetda qolgan virusning yangi tabiiy rezervator o‘simliklari aniqlangan;
virusning tuganak tarkibida va madaniy o‘simliklar a’zolarida saqlanishini aniqlash asosida tabiiy-o‘choqlar bilan aloqadorlikning ikkinchi guruhiga ya’ni «Madaniy o‘simliklar ichida turg‘un aylanish sirkulyasiyasiga ega bo‘lgan tabiiy o‘choqli kasalliklar» tipiga mansubligi isbotlangan;
KXVning Respublikamiz hududida tarqalgan Xn izolyati ilk bor ajratilgan hamda ba’zi biologik va fizik-kimyoviy xususiyatlari aniqlangan, TSK gel yordamida gel`fil`tratsiya qilish orqali virusning toza preparati olinib, virusga spesifik zardob tayyorlash usuli takomillashtirilgan;
o‘simlik peroksidaza fermentining infeksion jarayondagi  dinamikasi sog‘lom va virus bilan kasallangan o‘simliklardan ajratilgan hujayra shirasi tahlili orqali asoslangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Kartoshka X-virusining O‘zbekistonda tarqalgan izolyatini ajratish, xususiyatlarini o‘rganish va diagnostika qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kartoshka (Solanum tuberosum L.) o‘simligining “KXV-O‘z” izolyati  Genetika  va  o‘simliklar  eksperimental  biologiyasi  institutining “Fitopatogen  va  boshqa  mikroorganizmlar”  noyob  ob’ekti kolleksiyasi genofondiga  topshirilgan  (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 13 noyabrdagi 4/1255-3019-son ma’lumotnomasi). Natijada, fitopatogen mikroorganizmlar shtammlari kolleksiya genofondini boyitish, virus turlari xilma-xilliklari elektron bazasi axborot tahlil tizimini shakillantirish  imkonini bergan;
virus bilan kasallangan kartoshka (Solanum tuberosum L.) o‘simligidan ajratib olingan KXV-O‘z izolyati (Potato virus X) Jahon mikroorganizmlar ma’lumotlar markazining Patogen Mikroorganizmlar Milliy kolleksiyasining (World Data Center for Microorganism (WDCM) National Collection of Phytopathogenic Microorganisms (NCAM)) ma’lumotlar bazasiga WDCM 915-raqami orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 13 noyabrdagi 4/1255-3019-son ma’lumotnomasi). Natijada, dunyoning turli mintaqalarida tarqalgan “Kartoshka X virusi”ni tadqiq qilishda global doirada foydalanish imkonini bergan;
virusga tayyorlangan spesifik zardobi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Flora”, Parkent tumanidagi “Xisorak-Chotqol”, Toshkent tumanidagi “Murod agro-plyus” fermer xo‘jaliklaridagi 78,6 gektar kartoshka maydonlarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 7 dekabrdagi 02/025-4226-son ma’lumotnomasi). Natijada, ekish oldidan urug‘lik kartoshkani saralash, vegetatsiya jarayonida kasallanish darajasini monitoring qilishda samarali foydalanilgan hamda kartoshka hosildorligini oshishi imkonini bergan;
immunobloting usuli Toshkent viloyatining Qibray, Parkent tumanlari kartoshka ekin maydonlari va ularning atrofida o‘suvchi o‘simliklar virusologik nazoratini olib borishda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 7 dekabrdagi 02/025-4226-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu hududlarda o‘suvchi virus saqlovchi o‘simliklarni erta aniqlash hamda fitosanitar choralarini olib borish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish