Abduraimov Sherzod Muratkulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va qayta tiklashning asosiy tamoyillari (Samarqand shahri misolida)», 18.00.01 – Arxitektura nazariyasi va tarixi. Arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va tiklash (arxitektura).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/A49.
Ilmiy rahbar: Uralov Axtam Sindarovich, arxitektura doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish instituti, DSc.03/30.12.2019.A.11.02.
Rasmiy opponentlar: Salimov Orifjon Muslimovich, arxitektura doktori, professor; Gil`manova Nafisa Valiaxmetovna, arxitektura bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:
O‘zbekiston arxitektura yodgorliklarini saqlash, ta’mirlash va qayta tiklashning zamonaviy tamoyillarini yaratish va ularni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘rta Osiyoda XV asrda paydo bo‘lgan o‘zaro kesishuvchi ravoqlar ustiga o‘rnatilgan gumbaz – “zarba linga” konstruksiyasining uch asosiy, ya’ni gumbaz hajmining kichik bo‘lishi, ravoqlardan tushayotgan yukning bino devorlari bo‘ylab teng tarqalishi, bino xonalarining keng bo‘lishi kabi ijobiy xususiyatlarga egaligi aniqlangan;
me’moriy yodgorliklar naqshlari va yozuvlarini ta’mirlashning koshinburrish, taxbin, andozaburrish, parchin, muqarnas, kundal kabi ta’mir usullari mavjudligi aniqlangan;
tarixiy yodgorliklar konstruksiyalari va bezaklarini tabiiy va texnogen ta’sirlar natijasida namlikdan emirilishining oldini olish uchun obida tomlarini ta’mirlashda “tom usti xataba” usulini qo‘llash yuqori samara berishi isbotlangan;
O‘zbekistonda me’moriy bezaklarning asosan girih, islimiy va yozuviy (epigrafik) turlari keng tarqalganligi, ayrim obidalarda “zoomorf” (hayvon tasviridagi) naqshlarga mansub bezaklar qo‘llanilganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va qayta tiklashning asosiy tamoyillari (Samarqand shahri misolida) bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
madaniy me’ros ob’ektlarini ta’mirlash va konservatsiyalash jarayonida gumbaz, ravoq va bag‘al bog‘lash hamda koshin bezaklar tayyorlash usullari, obida tomlarini ta’mirlashda “tom usti xataba” usulini qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar Madaniy meros departamentida ta’mirlash loyihalarini takomillashtirish va obidalarni samarali ta’mirlash jarayoniga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 10 noyabrdagi 01-12-03-5023-son ma’lumotnomasi). Natijada, arxitektura yodgorliklarini samarali ta’mirlash ishlarini amalga oshirishning asosiy tamoyillarini aniqlash va takomillashtirish imkoniyatini bergan;
arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va qayta tiklashning zamonaviy tamoyillari, naqshlar va yozuvlarni ta’mirlashning o‘ziga xos usullari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar Samarqand viloyati Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan tarixiy hududlarda qurilayotgan ob’ektlarda an’anaviylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtirishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 10 noyabrdagi 01-12-03-5023-son ma’lumotnomasi). Natijada, me’moriy obidalarni sayyohlik marshrutlariga kiritish, yodgorliklar arxitekturasining estetik muhiti va jozibadorligini oshirish imkoniyatini bergan;
me’moriy meros ob’ektlarini ta’mirlash jarayonidagi muammolar va kamchiliklar, ularni bartaraf etish, me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash va qayta tiklash bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tamoyillar ToshboshplanLITI DUK tomonidan madaniy meros ob’ektlarini saqlash va ta’mirlash ishlarini bajarish uchun me’yoriy-huquqiy hujjat(ShNK)larni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 10 noyabrdagi 01-12-03-5023-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekistonda xalqaro ziyorat turizmi marshrutlariga kiritilgan noyob me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash va saqlab qolish usullarini takomillashtirish imkoniyatini bergan.