Yaxyaev Abdulla Abdujabborovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Shaharlar kompozisiyasini shakllantirishda vertikal inshootlar», 18.00.01 – Arxitektura nazariyasi va tarixi. Arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va tiklash (arxitektura).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/A16.
Ilmiy rahbar: Durdieva Gavxar Salaevna, arxitektura doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish instituti, DSc.03/30.12.2019.A.11.02.
Rasmiy opponentlar: Yusupova Mavlyuda Aminjanovna, arxitektura doktori, professor; Po‘latov Xayrulla Shomuborakovich, arxitektura nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonning qadimiy shaharsozligida dominant vazifasini bajargan shahar siluetidagi vertikal inshootlarning kompozision tuzilishini va ularning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston hududida joylashgan vertikal inshootlar asosan IX-XII asrlar, XIV-XVI asrlar (temuriylar davri) va XVIII-XIX asrlar (xonliklar davri)da shakllanganligi aniqlangan;
jome’ masjidlarining aksariyati shahar markazidagi yirik bozorlar va maydonlarda joylashganligi sababli masjid minoralari shaharning me’moriy ko‘rinishida kompozisiyaviy yadro - dominant vazifasini bajarganligi aniqlangan;
shaharlar kompozisiyasini shakllantirishda vertikal inshootlarning umumshahar kompozisiyasida yadro vazifasini bajaruvchi - dominant, shoh ko‘chalar yo‘nalishi yakunini belgilab beruvchi - yakunlovchi, shahar rejasidagi kompozisiyaviy vizual o‘q bo‘ylab o‘tgan ko‘chalar panoramasini shakllantiruvchi - yo‘naltiruvchi, shahar siluetida muhim o‘ringa ega tik qurilmalar majmui - ajratuvchi kabi uyg‘unlik mezonlari asoslangan;
Toshkent viloyatida joylashgan “Ulug‘ Sog‘ota” ziyoratgohi hamda “Shayx Umar Bog‘istoniy” tarixiy-me’moriy majmuasi vertikal inshootlarining an’anaviy shaharsozlik bazasida turizmni rivojlantirishga qaratilgan grafik loyiha takliflari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Shaharlar kompozisiyasini shakllantirishda vertikal inshootlar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
shaharlar kompozisiyasini shakllantirishda vertikal inshootlarning umumshahar kompozisiyasida yadro vazifasini bajaruvchi - dominant, shoh ko‘chalar yo‘nalishi oxirini belgilab beruvchi - yakunlovchi, shahar rejasidagi kompozisiyaviy vizual o‘q bo‘ylab o‘tgan ko‘chalar panoramasini shakllantiruvchi - yo‘naltiruvchi, shahar siluetida muhim o‘ringa ega tik qurilmalar majmui - ajratuvchi kabi uyg‘unlik mezonlari yuzasidan olingan natijalar F.1-86 raqamli “O‘zbekiston arxitekturasining mustaqillik mafkurasi asosida shakllanish qonuniyatlarini tadqiq etish va samarali rivojlantirish tamoyillarini ishlab chiqish” (2011-2016 y.y.) mavzusidagi fundamental loyihaning “Shaharsozlikda vertikal kompozisiyalarning o‘rni” bo‘limini shakllantirish uchun joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 3 iyundagi 89-03-1884-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston shaharsozligida vertikal kompozisiyalarning tarixiy-me’moriy mezonlarini belgilash, shaharsozlik an’analarining qadimdan vujudga kelganligi va taraqqiy etganligi xususida aniq xulosalar chiqarish imkonini bergan;
qadimiy vertikal inshootlar shakllanishining davriy bosqichlari, an’anaviy va zamonaviy vertikal kompozisiyalarning kompozision holati, o‘rni, tipologik xususiyatlari, me’moriy-qurilmaviy va badiiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va grafik loyiha takliflari Toshkent viloyati Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan “Ulug‘ Sog‘ota” ziyoratgohi hamda “Shayx Umar Bog‘istoniy” tarixiy-me’moriy majmuasi qurilishida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2019 yil 7 maydagi 3242/09-07-son ma’lumotnomasi). Natijada, vertikal inshootlarni barpo etishda qo‘llaniladigan qurilish me’yorlari va qoidalarini takomillashtirish imkonini bergan;
Ichan qal’a hududidagi qadimiy vertikal inshootlarning me’moriy-qurilmaviy va badiiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar Ichan qal’a muzey qo‘riqxonasi faoliyatida vertikal ob’ektlarni ta’mirlash loyihalarini ishlab chiqish hamda “Ichan qal’a obidalari”ning elektron bazasini yaratishda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi Madaniy Meros Departamentining 2020 yil 12 iyundagi 01-02-BM/294-son ma’lumotnomasi). Natijada, Ichan qal’aning xalqaro sayyohlik yo‘nalishiga kiritilgan noyob me’moriy yodgorliklarini ta’mirlash va saqlab qolish usullarini takomillashtirish imkonini bergan.