Kaniyazov Amaniyaz Janadilovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qoraqalpog‘iston toq tuyoqli hayvonlarining (Perissodactyla) gel`mintlari», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/B164. 
Ilmiy rahbar: Shakarboev Erkinjon Berdikulovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Zoologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.V.52.01. 
Rasmiy opponentlar: Kuchboev Abduraxim Ergashevich, biologiya fanlari doktori, professor; Boymurodov Xusniddin Toshboltaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qoraqalpog‘iston sharoitida toq tuyoqli hayvonlar gel`mintlarining tur tarkibini, hayvonlarning zararlanish darajasini va gel`mintofaunaning shakllanish yo‘llarini aniqlash hamda gel`mintozlarning oldini olishning ilmiy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Qoraqalpog‘istonda toq tuyoqli hayvonlar organizmida 2 tip, 3 sinf, 8 turkum, 18 oila, 30 avlodga mansub 61 tur gel`mintlar parazitlik qilishi aniqlangan bo‘lib, ulardan otlar organizmida gel`mintlarning 60 turi, eshaklarda esa, 49 ta tur parazitlik qilishi aniqlangan;
toq tuyoqli hayvonlarda nematodalarning 54 turi, sestodalarning 5 turi va trematodalarning 2 turi uchrashi isbotlangan;
hayvonlarning gel`mintlar bilan zararlanishining invaziya ekstensivligi 0,7% dan 33,6% ga, invaziya intensivligi 1 ta nusxadan 12538 nusxagacha tashkil etishi aniqlangan;
toq tuyoqlilar va ularning gel`mintlari o‘rtasidagi biotsenotik munosabatlar topik aloqalar orqali amalga oshishi aniqlangan hamda Orol bo‘yi sharoitida tabiiy va antropogen omillar ta’sirida toq tuyoqli hayvonlar gel`mintofaunasining shakllanish xususiyatlari asoslangan;
Qoraqalpog‘iston sharoitida otlarning paraskaridoz va setarioz bilan zararlanishining mavsumiy va yoshga oid dinamikasi ochib berilgan;
Qoraqalpog‘iston sharoitida otlarning asosiy nematodozlarini profilaktika qilish usullari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida toq tuyoqli hayvonlarning gel`mintlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasining toq tuyoqli hayvonlari gel`mintlarining Trematoda, Cestoda va Nematoda sinflariga mansub 52 turdan iborat 1040 nusxa gel`mint namunalari “Zoologiya kolleksiyasi” noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 8 iyuldagi 4/1255-1425-son ma’lumotnomasi). Natijada, namunalar toq tuyoqli hayvonlar gel`mintlari fondini boyitgan va gel`mintlar turlari xilma-xilligini aniqlash hamda ularning sistematik tahlil qilish imkonini bergan;
otlarning asosiy nematodozlari va ularga qarshi kurash chora-tadbirlari bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi amaliyotiga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2020 yil 25 fevraldagi 33/04-92-son ma’lumotnomasi). Natijada, otlarning nematodozlarini tashxislash, monitoring qilish va invaziyaga qarshi kurashish hamda shaxsiy ot boquvchi xonadonlardagi otlarning mahsuldorligini 15–20% ga oshirish imkonini bergan;
otlar paraskaridoziga qarshi Ivermektin-10 preparatini qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir va Qorao‘zak tumanlari veterinariya xizmati amaliyotiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2020 yil 25 fevraldagi 33/04-92-son ma’lumotnomasi). Natijada, Ivermektin-10 preparati otlar paraskaridozini davolashda ijobiy ta’sir etib, 86,7% samaradorlikka erishish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish