Matyazova Nilufar Sabirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xorazm “Go‘ro‘g‘li” turkumi Avazxon haqidagi dostonlarning og‘zaki va yozma variantlari” 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil1245.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Ruzimbaev Saparbay, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil46.02.
Rasmiy opponentlar: Eshonqulov Joppor Solievich, filologiya fanlari doktori, professor; Sariev San’at Matchonboevich, filologiya fanlari doktori, dotsent.  
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazm  “Go‘ro‘g‘li” eposi tarkibidagi qo‘lyozma va og‘zaki tarqalgan dostonlarda ko‘makchi qahramon Avazxon obrazining o‘rnini belgilash, epik motivlar silsilasida uning siymosini yoritib berish asosida ushbu tip obrazlarning genetik ildizlarini ochib berishdan iboratdir. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Avazxon obrazi misolida xalq dostonlari obrazlar tizimida “ko‘makchi qahramon” tipi mavjudligi asoslangan hamda uning tarixiy-genetik ildizlari qadimgi turkiy mifologiyaga bog‘liqligi oydinlashtirilgan;
Avazxon obrazining “Go‘ro‘g‘li” dostonlari yozma nusxalari va og‘zaki variantlaridagi epik talqini qiyosida Avazxon obrazi “Go‘ro‘g‘li” turkumini shakllantiruvchi asosiy personajlardan biri ekanligi isbotlangan;
“ko‘makchi qahramon” obrazining tarixiy-genetik ildizlari qadimgi ajdodlarimizning ertakchilik an’analari, egizaklar kul`tiga aloqador dualistik miflar hamda asrandi farzand yoki bola asrab olish bilan bog‘liq arxaik rituallarga aloqadorligi dalillangan;
epos turkiy versiyalaridagi Avazxon obrazining o‘ziga xos badiiy talqinlari milliy epik an’ana va baxshilar “epik bilimi” bilan aloqadorligi asoslangan;
asrandi farzandning epik obrazlar tizimida yetakchi maqomga ega bo‘lishi jahon xalqlari eposining tipologik mushtarakligini ko‘rsatuvchi jihatlardan biri ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Avazxon obrazining “Go‘ro‘g‘li” dostonlarii og‘zaki va yozma variantlaridagi epik talqinini qiyosiy tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
“Go‘ro‘g‘li” turkumi dostonlari turkiy versiyalarida “ko‘makchi personaj” obrazining epik talqinlaridagi tipologik o‘xshashliklar, tarixiy-genetik mushtarakliklar va milliy o‘ziga xosliklarni tadqiq etish asosida  chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zR Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan F1-FA-0-43429, FA-F1, GOO2 raqamli  “Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” (2012-2016) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2020 yil 25 iyundagi 17.01/117-sonli ma’lumotnomasi). Natijada “Go‘ro‘g‘li” dostoni qoraqalpoq versiyasi obrazlar tizimining shakllanish tarixi va badiiy evolyusiyasiga doir yangi nazariy xulosalar chiqarilgan;
“Go‘ro‘g‘li” dostonlarining turkiy va o‘zbek fol`klorshunosligida o‘rganilishi tarixiga doir faktik materiallar va tahliliy umumlashmalaridan O‘zR Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan FA-F1-OO5. “Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2020 yil 25 iyundagi 101/01-sonli ma’lumotnomasi). Natijada “Go‘ro‘g‘li” dostoni qoraqalpoq versiyasining yozib olinishi, chop qilinishi va tadqiq etilishiga doir yangi ma’lumotlar ilmiy muomalaga kiritilgan; 
“Go‘ro‘g‘li” dostonidagi Avazxon obraziga aloqador ayrim epik motivlarning tarixiy-genetik asoslari zardo‘shtiylik mifologiyasiga bog‘liqligi haqidagi ilmiy xulosalaridan xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi qoshidagi “Avesto” muzeyi faoliyatini takomillashtirishda, jumladan, Xorazm “Go‘ro‘g‘li” turkumi dostonlari va zardo‘shtiylik tarixiga doir ekspozisiyani tashkil etish jarayonida “Avazxon”, “Avaz uylangan”, “Avaz tang‘an”, “Qirq minglar”, “Bozirgon”, “Avazning Vayanganga ketishi” va  boshqa dostonlarning qo‘lyozma nusxalariga izohlar tayyorlashda foydalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining 2020 yil 19 iyundagi 01-35-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada sayyohlarga Xorazm vohasi madaniy qadriyatlari, dostonchilik an’analari, “Go‘ro‘g‘li” eposidagi ko‘makchi personaj Avazxon nomi bilan bog‘liq Hazorasp tumanidagi Bozirgon mavzesi hamda Shovot tumanidagi Vayangan qal’asi haqida yangi ma’lumotlar berilishiga erishilgan; 
Xorazm “Go‘ro‘g‘li” dostonlarini og‘zaki variantlari va qo‘lyozma nusxalaridagi Avazxon obrazining badiiy talqini o‘ziga xosligi bilan ajralib turilishi hamda eposni o‘qitishning yangicha metodlari haqidagi ilmiy qarashlaridan Xorazm viloyat radiokompaniyasining “Ta’lim va hayot” radioeshittirishi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Xorazm viloyat radiokompaniyasining 2020 yil 24 iyundagi 920-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Avazxon obrazi misolida ko‘makchi personajning xalq dostonlari syujet qurilishida tutgan o‘rni hamda baxshilarning bu obrazni tasvirlashdagi o‘ziga xos badiiy mahorati xususidagi ma’lumotlarni keng ommalashtirish imkoni yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish