Asqarova Jamilaxon Baxodirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek xalq ertakchiligi va ertak nashrlarining qiyosiy tadqiqi”, 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil469.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Ilmiy rahbar: Turdimov Shomirza Ganievich, filologiya fanlari doktori.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil46.02.
Rasmiy opponentlar: Mirzaeva Salima Rayimjonovna, filologiya fanlari doktori, professor; Tilavov Abdimurod Xolmurodovich, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek ertaklari, ertakchilik, ertak aytish tartibi, professional ertakchilar, ertakchilik maktablari, ertak ijrosida badihago‘ylikning o‘rni, ijrochi va tinglovchilar munosabatining ertakchilik an’analari jarayonidagi o‘rni va ertak yozib olinishi hamda ertak nashrlari bilan bog‘liq masalalarni ilmiy tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek fol`klorshunosligida ertakchilik an’analarini tizimli o‘rganish asosida ertakchilik maktablari hududlar, yetakchi vakillar, ijro, repertuar va mavzular qamrovida tasnif etilgan hamda ertakchilik an’analarida so‘zning magik kuchiga ishonch va tabuga amal qilinganligi aniqlangan;
ertakchilik an’analarining shakllanish jarayoni va tadrijiy rivoji “ertak + ertakchi + ertakchilik = fol`klor tarmog‘i”dan iboratligi isbotlangan;
ertakchilik an’anasini davom ettiruvchi muhim sub’ekt – ertakchi shaxsi, ertakchilar badiiy repertuarining shakllanishida ijtimoiy muhitning roli, ertakchilar tiplari aniqlangan;
o‘zbek xalq professional ertakchilari hayoti va ijodi, ertak ijrosidagi aktyorlik mahorati va badihago‘yligi masalalari yoritish asosida ertakchilik an’analariga hududiy-geografik muhit o‘z ta’siri o‘tkazganligi isbotlangan hamda O‘zbekistonning turli mintaqalarida ertakchilik maktablari shakllanganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek xalq ertakchiligi an’analari va ertak nashrlarining qiyosiy tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ertakchilik an’analari hamda ijodkor ertakchilar badiiy mahoratiga doir ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan OT-F1-76-sonli “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish masalalari” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2020 yil 11 noyabrdagi №3/1255-2458-son ma’lumotnomasi). Natijada “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligi tarkibidagi o‘zbek xalq sehrli ertaklaridan tuzilgan “Suv qizi” nomli 17-jild hamda taniqli o‘zbek ertakchilari Abdug‘afur Shukurov hamda Hazratqul Xudoyberdievlardan yozib olingan ertaklar asosida tayyorlangan “Tirnog‘i tilla qiz” (18-jild) nomli jildlarga doir ilmiy izohlar tayyorlash, xususan, ertakchilar haqidagi biografik ma’lumotlar, ularning repertuaridagi ertaklarning o‘ziga xos xususiyatlari va ijrochilik mahoratiga doir tahliliy materiallarni takomillashtirishga erishilgan;
professional ertakchilar repertuarini shakllanishiga sabab bo‘luvchi omillar, ilk ertak nashrlarini chop etilish tarixiga doir ilmiy xulosalardan “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” do‘stlik jamiyatini rivojlantirish, o‘zaro tarjimachilikni keng yo‘lga qo‘yish doirasida “Ona yurtim – Qirg‘iziston, O‘sh” kitobini nashrga tayyorlab chop etish, Toshkent, Bishkek, O‘sh shaharlarida taqdimotlarini o‘tkazish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (“O‘zbekiston-Qirg‘iziston” do‘stlik jamiyatining 2020 yil 17 sentyabrdagi 60-01/108-sonli ma’lumotnomasi). Natijada qadimda ertakchilik an’analarining shakllanishida geografik hududning o‘rni ko‘rsatib berilgan;
o‘zbek xalq ertakchiligi va professsional ertakchilar repertuarini keng omma orasida targ‘ib qilishda tadqiqotning ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Boqiy Navro‘z” va “Xalq dostonlari” ko‘rsatuvlarida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 9 sentyabridagi 01-16/86-son ma’lumotnomasi). Natijada xalq ertaklari va ertakchilarni ta’lim-tarbiyadagi ahamiyatini keng targ‘ib qilishga erishilgan.