Raximova Shoira Atabekovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Davlatyorbek” dostonining tarixiy asoslari, tipologiyasi va poetikasi”, 10.00.08 – Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil440.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Ruzimbaev Saparbay, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil46.02.
Rasmiy opponentlar: Allambergenov Kenesbay, filologiya fanlari doktori, professor; Jo‘raeva Munis Yunusovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD). 
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti. Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:  Orolbo‘yi mintaqasida istiqomat qiluvchi turkiy xalqlar orasida keng ommalashgan “Davlatyorbek” dostonining shakllanish tarixi, syujet tuzilishi va yetakchi motivlar tizimining genezisini oydinlashtirish, uning qissaxonlar repertuaridan joy olish tamoyillarini aniqlash, o‘zbek, qoraqalpoq va turkman versiyalarining o‘ziga xos xususiyatlarini yoritish, doston badiiyati va lingvopoetik tabiatini ochib berishdan iboratdir. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Davlatyorbek” dostoni o‘zbek, qoraqalpoq va turkman versiyalarining qiyosiy-tarixiy tadqiqi asosida mazkur asarning dastlabki varianti XVIII asrda Xiva xonligi tasarrufida bo‘lgan Qo‘ng‘irot muzofotida istiqomat qiluvchi bolg‘ali urug‘iga mansub o‘zbek baxshilari tomonidan yaratilganligi isbotlangan;
doston shakllanishida Orolbo‘yi epik arealiga mansub baxshilar repertuaridagi dostonlarning syujet tizimiga xos uzvlar, jumladan, “Go‘ro‘g‘li”, “Yusuf va Ahmad” dostoniga xos motivlar hamda o‘rta asr o‘g‘uz eposi «Kitobi dadam Qo‘rqut» muhim rol` o‘ynaganligi aniqlangan;
dostonning o‘ziga xos badiiy uslubi va syujet tuzilishining ixchamligi bilan alohida ajralib turadigan qoraqalpoq versiyasidagi she’riy parchalar o‘g‘uz eposi strofikasiga aloqadorligi ularning qissaxon-shoirlar ijodiga mansubligidan dalolat berishi asoslangan;
dostonning Qurbonali Ma’rufiyga tegishli bo‘lgan turkman versiyasi dagi og‘zaki variant matnlari badiiy jihatdan qayta ishlangan namuna ekanligi oydinlashtirilgan;
“Davlatyorbek” dostonidagi «tarjimai hol» xarakteridagi she’riy parcha tahlili asosida “yoshnoma” janrining o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilgan hamda bu janrning ilk ko‘rinishlari “Qutadg‘u bilig”da mavjudligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
“Davlatyorbek” dostonining tarixiy asoslari, tipologiyasi va poetikasini turkiy versiyalari bilan qiyosiy tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
“Davlatyorbek” dostoni bilan turkiy versiyalaridagi tipologik o‘xshashliklar, tarixiy-genetik mushtarakliklar va milliy o‘ziga xosliklarni tadqiq etish asosida  chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalardan Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan F1-FA-0-43429, FA-F1, GOO2 raqamli “Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” (2012-2016) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2020 yil 15 sentyabrdagi 17.01/118-sonli ma’lumotnomasi). Natijada “Davlatyorbek” dostoni qoraqalpoq versiyasi obrazlar tizimining shakllanish tarixi va badiiy evolyusiyasiga doir yangi nazariy xulosalar chiqarilgan;
“Davlatyorbek” dostoni qoraqalpoq versiyasining aniqlanishi, nashr etilishi va ilmiy o‘rganilishi tarixini tahlil qilish asosida chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalardan Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan FA-F-1 raqamli “Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2020 yil 15 sentyabrdagi 17.01/118-sonli ma’lumotnomasi). Natijada “Davlatyorbek” dostonining daslabki varianti Qo‘ng‘irot muzofotida yashagan bolg‘ali urug‘iga mansub o‘zbek qissaxon-shoirlari tarafidan yaratilganligi haqidagi ilmiy qarash dalillangan;
“Davlatyorbek” dostonining tarixiy ildizlari “Avesto” mifologiyasi bilan aloqadorligi to‘g‘risidagi ilmiy-nazariy xulosalardan xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi qoshidagi “Avesto” muzeyi faoliyatida foydalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining 2020 yil 19 iyundagi 01-32-sonli ma’lumotnomasi). Natijada fol`klor asarlaridan olingan ma’lumotlar asosida muzeyga tashrif buyuruvchi yoshlarga “Avesto”ning shakllanishi tarixi va mohiyati haqida ma’lumot beruvchi bukletlar tayyorlangan;
Xorazm dostonlarining o‘ziga xos badiiy xususiyatlari va unda o‘z ifodasini topgan milliy qadriyatlarning tarixiy asoslariga doir ilmiy-nazariy xulosalari, jumladan, “Davlatyorbek” dostonida tasvirlangan tarixiy voqea, xodisalar, qadimiy marosim va qadriyatlarning voha dostonchiligidagi mushtarak talqinlari tahlili asosida chiqarilgan nazariy umumlashmalardan Xorazm viloyat teleradiokompaniyasining “Ta’lim va hayot” radioeshittirishi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Xorazm viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 24 iyundagi 918-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Xorazm vohasi xalq dostonlarida o‘z ifodasini topgan umuminsoniy qadriyatlar mohiyatini hamda “Davlatyorbek” dostonida haqidagi ma’lumotlarni keng ko‘lamda ommalashtirishga erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish