Xolikulova Shaxnoza Boymuxammatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Quyi Zarafshon vohasida sanoat ishlab chiqarishning rivojlanish jarayonlari (1991-2016 yy.)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2019.2.PhD/Tag191
Ilmiy rahbar: Musaev Nuriddin Umurzaqovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Shadmanova Sanavar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor; Inatov Murod Niyatovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mustaqillik yillarida Quyi Zarafshon vohasida sanoat ishlab chiqarishning rivojlanishi jarayoni, uning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotidagi o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sobiq ittifoq davrida Quyi Zarafshon vohasida yirik korxonalarda malakali ishchilar tanqisligi majud bo‘lsa-da sun’iy to‘siqlar tufayli mahalliy aholi deyarli ishga olinmaganligi, mustaqillikning ilk yillarida ishchi-kadrlar muammosining dolzarb masalaga aylanganligi ilmiy jixatdan asoslangan;
mustaqillik yillarida mintaqada Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement” kombinati va Buxoro neftni qayta ishlash zavodi kabi sanoat korxonalari faqat mazkur hududni emas, balki mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy barqarorligini ta’minlashda iqtisodiyot lokomotivi bo‘lib, Respublika iqtisodiy rivojiga katta hissa qo‘shganligi isbotlangan;
“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasining tashkil etilishi va uning xalqaro iqtisodiy hamkorlik va tovar ayirboshlashning kengaytirilishi vohada sanoat ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish uchun xorijiy investisiyalarni jalb qilish hamda ishlab chiqarishni modernizatsiyalashga yanada ko‘proq sarmoyalarni jalb etish imkoniyat bergani dalillangan;
mustaqililk yillarida Quyi Zarafshon vohasida shaharsozlik madaniyatiga e’tibor kuchaytirilib, aholining yashashi va dam olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan bo‘lsa-da, hududning mikroklimatini yaxshilash, inson omili va sog‘ligini tiklash uchun tabiatga antropogen ta’sirni kamaytirib, zamonaviy qayta tiklanuvchi energiya manbalariga kengroq e’tibor qaratilishi zarurligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
1991-2016 yillarda Quyi Zarafshon vohasida sanoat ishlab chiqarishining rivojlanishi jarayonlariga oid olingan ilmiy natijalar asosida:
Quyi Zarafshon vohasida sanoat korxonalarining qurilishi, oliy o‘quv yurtlarini modernizatsiya qilish, urbanizatsiya jarayonlari, ekologik muhit, aholiga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga oid hujjatlarni, Navoiy viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi Sanoat bo‘limiga oid materiallarni to‘ldirishda hamda ulardan ekspozision rejalar tuzish, ko‘rgazmalar tashkil etishda, shuningdek, ekskursiya matnlarini yangi ma’lumotlar bilan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 5 maydagi 01-12-10-1878-son ma’lumotnomasi). Natijada, Navoiy shahri va tumanlarida mustaqillikning dastlabki yillaridagi og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni aks ettiruvchi va ularni bartaraf qilishga qaratilgan chora-tadbirlarga oid tashkilot hujjatlari, viloyat arxivi materiallari asosida muzey materiallarini to‘ldirishga, yoshlarni vatanparvarlik, o‘tmish va ajdodlar xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilgan;
sobiq ittifoq davrida Navoiy viloyatidagi yirik sanoat ishlab chiqarish korxonalarida malakali ishchilar tanqisligi va ijtimoiy hayotdagi ziddiyatlar borasidagi fikrlardan Navoiy davlat arxivi faoliyati doirasida tayyorlangan elektron qo‘llanmani boyitishda, shuningdek, korxonalar faoliyati hamda sanoat ishlab chiqarish uchun hududning tabiiy xom ashyo bazasi bilan alohida qulayligi yuzasidan tashabbusli axborot taqdim etishda keng foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligining 2020 yil 22 maydagi 01-26/457-son ma’lumotnomasi). Natijada, Navoiy konmetallurgiya kombinati, “Qizilqumsemint”, “Navoiyazot” kabi korxonalarning faoliyati yuzasidan axborotlarni kengaytirishga xizmat qilgan.