Ishquvatov Valiqul Turdievichning fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rivojlanish tarixi (1991-2020 yy)”, 07.00.01 - O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2020.2.DSc/Tar113.
Ilmiy maslahatchi: Oblomurodov Naim Xalimovich, tarix fanlari doktori
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori, professor; Ismailova Jannat Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor; Ruziev Zafar Rayimovich, yuridik fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mustaqillik yillarida O‘zbekistonda o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati va rivojlanish jarayonlarini tahlil etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mustaqillik davrida mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimini isloh qilish jarayonida aniqlangan muammolar uning faoliyatining eng maqbul mexanizmlarini yaratishga imkon bermaganligi bois, mazkur tizimni tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergan islohotlarni ishlab chiqish zarurati paydo bo‘lganligi asoslangan;
mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish instituti fuqarolarni davlat va jamiyatni boshqarishga jalb qilishning muhim vositasi ekanligi, aholining tashabbuskorligi va innovatsion ijtimoiy texnologiyalarni shakllantirishga xizmat qilayotganligi dalillangan;
aholi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘zaro munosabatlari bo‘yicha mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimini isloh qilish barobarida ijtimoiy hamjamiyatlar uchun o‘zini o‘zi boshqarish integratsiya qiluvchi omil bo‘lib xizmat qilishi isbotlangan;
mahalliy boshqaruv jarayonlarini «pastdan yuqoriga», atrof-muhitdan markazgacha o‘zgarishiga olib keladi, degan xulosa to‘liq tasdiqlanib, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri demokratiyaning rivojlanishi, oshkoralikning kengayishi, jamoatchilik fikri va ishtirokining samaradorligiga bog‘liq bo‘lib, pirovardida mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish davlat hokimiyati va jamoat tashabbusi o‘rtasidagi chegara pozisiyasini egallab turgan fuqarolik jamiyatining eng muhim institutlari sifatidagi o‘rni asoslangan;
mahalla aholisini ijtimoiy himoya qilish, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash masalalariga oid marosimlarni o‘tkazish, yosh avlod tarbiyasida mahallaning o‘rni, bu borada hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolar asoslanib, mahalla aholisi ma’naviy madaniyatidagi an’analar va zamonaviylik o‘rtasidagi etnik o‘ziga xoslik va uzviylik masalalari hamda marosimlarning tranformatsiyasi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rivojlanish tarixi (1991-2020 yy.)ga oid ishlab chiqilgan ilmiy natijalar va amaliy takliflardan:
mustaqillik davrida mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimini isloh qilish jarayonida aniqlangan muammolar uning faoliyatini eng maqbul mexanizmlarini yaratish, mazkur tizimning tubdan takomillashtirishni asosiy yo‘nalishlari, mazkur masalalarni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining 2017–2018 yillarga mo‘ljallangan dasturlarini ishlab chiqish va takomillashtirishda foydalanilgan (Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining 2019 yil 30 iyundagi
02–01/356-son ma’lumotnomasi). Natijalar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida targ‘ibot tadbirlarini ilmiy asosda tashkil qilish va sohadagi tuzilmalar faoliyatining samaradorligini oshirish hamda takomillashtirishga xizmat qilgan;
mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish institutiga fuqarolarning davlat va jamiyatni boshqarishga jalb qilinishi, aholining tashabbuskorligi va innovatsion ijtimoiy texnologiyalarni shakllantirish jarayoni, mahallada turli millat vakillarining madaniyat, fan va ta’limni rivojlantirish faoliyati kabi jihatlardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi” tomonidan Milliy madaniy markazlarida o‘tkazilgan seminar-treninglarida foydalanilgan (Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2019 yil 31 maydagi 01–09–892-son ma’lumotnomasi). Olingan xulosalar turli millat vakillari istiqomat qilayotgan hamkorligini yoritish va millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishning yanada kuchayishiga xizmat qiladigan ilmiy yondashuvlarni takomillashtirishga xizmat qilgan;
mahalla aholisini ijtimoiy himoya qilish, mahallada yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlashning zamonaviy mexanizmlari, mahallada marosimlarni o‘tkazish, yosh avlod tarbiyasida mahallaning o‘rni va ahamiyatini oshirishga doir ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi respublikada mahalla yoshlari uchun tashkil qilinayotgan davra suhbatlari, tashviqot va targ‘ibot ishlarini olib borishda foydalanilgan (O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining 2019 yil 27 maydagi 04–13/2458-son ma’lumotnomasi). Ushbu natijalar yosh avlod tarbiyasida mahalla tizimining o‘rni: oila-mahalla hamkorligini kuchaytirish, mahallalarda yosh oilalar o‘rtasidagi ijtimoiy muhitni yaxshilashga xizmat qilgan;
mahallaning ma’naviy-g‘oyaviy targ‘ibot maskani sifatidagi tarixiy faoliyati, mahalla fuqarolar yig‘inlarining ish yuritish uslublari va kengashlari faoliyatini tashkil etishga oid ma’lumotlardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining “2018-2020 yillarga mo‘ljallangan amaliy granti (PZ–20170930366) doirasida foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2019 yil 30 maydagi 02.09.666-son ma’lumotnomasi). Bu mahalla fuqarolari yig‘inlari binolarida badiiy kitoblardan iborat kichik kutubxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish” ishlarini ilmiy asosda tashkil qilishga xizmat qilgan.