Abuev Husan Odilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sovet hokimiyatining qayta qurish siyosati va uning O‘zbekistonga ta’siri (1985-1991 yy.)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Tar.296.
Ilmiyrahbar: Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ermetov AvazAbdullaevich, tarix fanlari doktori; Djo‘raeva Nilufar Dalibaevna, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchitashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1985-1991 yillarda sovet hokimiyatining qayta qurish siyosati va uning O‘zbekistonga ta’sirini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XX asrning 80 yillari o‘rtalaridan sobiq sovet hokimiyatidagi o‘zgarishlar sabab yangicha siyosatning olib borilishi jarayonida O‘zbekistondagi iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy rivojlanishda mahalliy xalqlar manfaati inobatga olinmaganligi, mintaqa xomashyo bazasi sifatida yanada mustahkamlanganligi, bir tomonlama iqtisodiyot shakllantirilishi oqibatida qishloq xo‘jaligi va bir qancha sohalarda mehnat unumdorligi hamda aholining ijtimoiy turmush darajasi past ko‘rsatkichda qolishiga olib kelganligi isbotlangan;
markazdan hadiksirash, milliy manfaatlarni himoya qila olmaslik, milliy qadriyatlarni oyoq osti qilish, mahalliy boshqaruvda chetdan kadrlarni jalb qilish, lavozimni saqlab qolish va bundan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishi oqibatida yangi ko‘rinishdagi qatag‘onlikning yuzaga kelganligi ochib berilgan;
sobiq sovet jamiyati haqiqatdan tubdan isloh qilinishi shart ekanligi, lekin tanlangan qayta qurish siyosati tashabbuskorlari olib borgan bu yo‘l jamiyatda oshkoralik va demokratiyaning bir ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘lib, bu orqali kommunistik elita o‘z hokimiyatini mustahkamlash niyatida sovet jamiyatining muqarrar tanazzulini namoyon qilgan holda uning parchalanishiga olib kelganligi asoslangan;
O‘zbekistonda mazkur davrda tashkil etilgan siyosiy partiyalar va harakatlar milliy manfaatlarni ilgari surgan holda hokimiyat tepasida turgan kommunistik partokratiya va sovet davlati vakillaridan farqli ravishda mahalliy xalq xohish-irodasini himoya qilib maydonga chiqqanligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
1985 – 1991 yillarda sovet hokimiyatining qayta qurish siyosati va uning O‘zbekistonga ta’siri mavzusiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
XX asrning 80 yillari o‘rtalaridan sobiq sovet hokimiyatidagi o‘zgarishlar, yangicha siyosatning olib borilishi jarayoni, O‘zbekistondagi iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy rivojlanish, mintaqa xomashyo bazasi sifatida yanada mustahkamlanishi va bir tomonlama iqtisodiyot shakllantirilishining qishloq xo‘jaligi va bir qancha sohalarga ta’siri masalalariga doir materiallardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O`zbekiston” telekanalidagi “Ibratga yo‘g‘rilgan umr”, “Tilga e’tibor”, “Til – millat ko‘zgusi” kabi ko‘rsatuvlarning ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (“O`zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2019 yil 23 sentyabrdagi 02-13-1935-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning joriy qilinishi sovet tuzumi davrining so‘nggi yillarida o‘zbek xalqining ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy ahvoli haqida ob’ektiv ma’lumotlar etkazib berishga xizmat qilgan;
O‘zbekistonda sovet hokimiyatining qayta qurish yillarida madaniy, iqtisodiy, ijtimoiy sohada yuzaga kelgan muammolar, ularning echimlari va natijalarini aks ettiruvchi materiallardan Navoiy viloyati tarixi va madaniyati muzeyi ekspozisiyalarini qayta tashkil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 12 noyabrdagi 01-12-10-5655-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot materiallarining muzey ekspozisiyalariga joriy etilishi mahalliy va xorijiy sayyohlarga qayta qurish siyosati hamda uning O‘zbekistonga ta’sirini manbalar asosida ko‘rsatib berish imkonini bergan;
Sobiq sovet jamiyatida boshlangan qayta qurish siyosati, jamiyatda oshkoralik va demokratik o‘zgarishlarning sodir bo‘lishi, sovet jamiyatining tanazzulga yuz tutishi kabi ilmiy natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutida bajarilgan IFA-2012-1-4-sonli “O‘zbekistonning sovet davridagi tarixi (1917-1991 yillar). 2-jild” loyihasi doirasida tayyorlangan “O‘zbekiston tarixi (1917-1991 yillar)” nomli akademik nashrda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 15 noyabrdagi 89-03-44-42-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi sovet hokimiyatining qayta qurish siyosati alohida mavzu sifatida yoritilib O‘zbekistonning mustaqilligi arafasidagi tarixini yoritishda ilmiy ma’lumotlar bilan boyitish va takomillashtirishga xizmat qilgan.