Karimov Jamolitdin Abdulxamidovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rta Osiyodagi ijtimoiy-madaniy jarayonlarda yahudiy jamoalarining tutgan o‘rni”, 07.00.04 – Dinshunoslik (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tar147.
Ilmiy rahbar: Xasanov Axadjon Axmedjanovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: Isxakov Mirsadik Mirsultanovich, tarix fanlari doktori, professor, Ostanoqulov Ikromitdin, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘rta Osiyoda yahudiy jamoalarining shakllanishi, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, madaniy va diniy hayotini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
uzoq tarixiy jarayonlarda turli xalq va millatlar orasida yashab kelgan yahudiy jamoalarining alohida etnos sifatida milliyligini saqlab qolishiga, jamoaviy jipslashuviga ularning kundalik hayotda amal qilinadigan urf-odatlari, diniy ko‘rsatma va “o‘n amr” ta’limoti ta’sir etgani aniqlangan;
mintaqada yahudiy diasporasiga nisbatan mahalliy aholi va rasmiy doiralarda o‘zaro iliq munosabat va diniy bag‘rikenglik ruhining mavjudligi, ilk sinagogalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgunga qadar ham masjidlarda o‘z ibodatlarini ado etish imkoniyati bo‘lgani, ba’zi xonlar yahudiylarning bayramlarida shaxsan ishtirok etganlariga oid fakt va dalillar aniqlangan hamda ayrim tadqiqotlarda ilgari surilgan XVII asrdan XIX asrga qadar Buxoro amirligida yahudiy jamoalariga nisbatan ta’qiblar ortib borgani haqidagi xulosalarning sub’ektiv hamda asossiz ekani isbotlangan;
dala tadqiqotlari asosida buxoro yahudiylarining boshqa yahudiy jamoalaridan farqli ravishda “qandxuri” (unashtiruv), “qudush” (fotiha), “qoshchinon”, “aninut”, “sero‘z” kabi urf-odat va marosimlarning o‘tkazilishida Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatining ta’sir etgani isbotlangan;
bugungi kunda buxoro yahudiylari ibodatlarni amalga oshirishda ortodoksal yahudiylikdan farqli ravishda ibodat oldidan o‘tgan ajdodlar ruhiga bag‘ishlab duo qilish hamda “Tavrot” oyatlarini ohangga solgan holda o‘qish singari o‘ziga xosliklarga ega ekani ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘rta Osiyo yahudiylarining o‘ziga xos jihatlari tahlil qilinib, uzoq tarixiy jarayonlarda turli xalq va millatlar orasida yashab kelgan yahudiy jamoalarining alohida etnos sifatida milliyligini saqlab qolishiga, jamoaviy jipslashuviga ularning kundalik hayotda amal qilinadigan urf-odatlari, diniy ko‘rsatma va “o‘n amr” ta’limoti ta’sir etganiga doir ma’lumotlar, xulosalar, takliflar va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi oliy ta’lim muassasalari barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun mo‘ljallangan “Dinshunoslik” darsligini tayyorlashda keng foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 27 dekabrdagi 1186-son buyrug‘iga asosan nashrga tavsiya etilgan). Natijada talabalarda din buxoro yahudiylarining milliyligini saqlab qolishga katta xizmat qilgani, etnik hamda konfessional xarakter uyg‘unlashtirib yuborilgani haqida tasavvur va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilgan;
“qandxuri” (unashtiruv), “qudush” (fotiha), “qoshchinon”, “aninut”, “sero‘z” kabi buxoro yahudiylarining urf-odat va marosimlarining o‘tkazilish jarayonlarida mahalliy etnomadaniy ta’sirlashuv natijasida mintaqada diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikning ta’minlanganiga oid xulosalardan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan buyurtma asosidagi “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” kitob-al`bomining “Yahudiylik” qismini yaratishda foydalanilgan (Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2020 yil 2 noyabrdagi 02/326-son ma’lumotnomasi). Natijada jamiyatda dinlararo va millatlararo tinchlik-totuvlikni ta’minlash, yahudiy millati vakillarining tarixi, respublikadagi faoliyatini yoritishga asos bo‘lgan;
mintaqada yahudiy diasporasiga nisbatan mahalliy aholi va rasmiy doiralarda o‘zaro iliq munosabat va diniy bag‘rikenglik ruhining mavjudligi, ilk sinagogalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgunga qadar ham masjidlarda o‘z ibodatlarini ado etish imkoniyati bo‘lgani, ba’zi xonlar yahudiylarning bayramlarida shaxsan ishtirok etganlariga oid fakt va dalillar aniqlangan hamda ayrim tadqiqotlarda ilgari surilgan XVII asrdan XIX asrga qadar Buxoro amirligida yahudiy jamoalariga nisbatan ta’qiblar ortib borgani haqidagi xulosalarning sub’ektiv hamda asossiz ekaniga oid xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan buyurtma asosida yaratilgan “O‘zbekistonda davlat va din” kitobi mazmuniga singdirilgan (Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2020 yil 3 noyabrdagi 5462-son ma’lumotnomasi). Natijada buxoro yahudiylari har taraflama taraqqiy etishlari uchun munosib shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratilgani kabi tarixiy jarayonlar ob’ektiv ravishda yoritilishga xizmat qilgan.