Sanoeva Matlyuba Jaxogkulovnananing
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Asoratlangan migren rivojlanishining klinik, gemodinamik va ba’zi bir biokimyoviy  xususiyatlari,  diagnostika  va davolash  taktikasi masalalari», 14.00.13 – Nevrologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Tib234.
Ilmiy rahbar: Saidvaliev Farrug‘ Saidakromovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, DSc.04/30.12.2019.Tib.31.01.
Rasmiy opponentlar: Madjidova Yaqutxon Nabievna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Djurabekova Aziza Taxirovna, tibbiyot fanlari doktori, professor, Boboev Qodirjon, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Sog‘liq bilimlar Universiteti (Turkiya).
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: migrenning asoratlangan shakllarini klinik-neyrofiziologik, gemodinamik, molekulyar-genetik va neyrovizuallashga asoslangan differensial tashxisoti va davolash taktikasini  takomillashtirishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor migrenning asoratlangan shakllarida keng qamrovli klinik,  neyrofiziologik, neyrovizual, gemodinamik va molekulyar-genetik xususiyatlar aniqlangan; 
asoratlangan migren shakllari: migrenoz holat, surunkali migren, migrenoz insult va migrenoz ensefalopatiyada bosh miya kognitiv faoliyati buzilishining umumiy va farqlovchi belgilari  asoslangan;
klinik, serebral tomirlar reaktivligi, gemodinamikasi, autoregulyator holati, miya to‘qimasining neyrovizual o‘zgarishlari asosida migrenda o‘tkir va surunkali miya ishemiyasi (migrenoz ensefalopatiya) shakllanishini oldindan aniqlash usuli taklif etilgan; 
ilk bor o‘zbek populyasiyasida migrenning rivojlanishi  CCKAR geni (T779C) rs1800857 polimorfizmi, NOTCH-3  geni (G684A) rs1043994 polimorfizmi va MTHFR geni C677T polimorfizmi bilan uzviy bog‘liqligi isbotlangan; 
migrenning aurali va aurasiz shakllari CCKAR geni, NOTCH-3 geni, MTHFR geni polimorfizmi o‘zgarishlariga bog‘liqligi aniqlangan; 
ilk bor migren asoratli shakllarining rivojlanishida CCKAR geni, NOTCH-3 geni, MTHFR geni polimorfizmlari o‘zgarishlarining muhim axamiyati baholangan;
klinik, nevrologik, gemodinamik, neyrovizual usullar natijasiga asoslanib migrenoz insul`tning qiyosiy tashxislash va davolash usuli takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Asoratlangan migren rivojlanishining klinik-gemodinamik va ba’zi bir biokimyoviy  xususiyatlari,  tashxislash  va davolash  taktikasi masalalarini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Migrenda surunkali miya ishemiyasi migrenoz ensefalopatiya shakllanishini oldindan tahlillash usuli» bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 2019 0499). Ushbu usul orqali klinik, nevrologik, psixoemotsional, kognitiv, miya bioelektrik faoliyati, serebral tomirlardagi qon oqimining sifat hamda miqdoriy va reaktiv holati, miya to‘qimasining o‘zgarishini baholangan. 
«Migren kasalligida surunkali miya ishemiyasi oldindan tahlillash usuli» bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 0499, 2019 yil). Ushbu usul migren kasalligida surunkali miya ishemiyasi oldindan tashxislash va qon tomirlaridagi o‘zgarishlarni oldini olish imkonini bergan. 
«Migren kasalligida qon tomir asoratlarini oldindan  aniqlash usuli» bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№ IAP 0481, 2019 yil). Ushbu usul migren kasalligida o‘tkir qon- tomir kasalliklarini oldindan tashxislash imkonini bergan. 
«Asoratlangan migren shakllarini ekspress tashxislash» uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 9 oktyabrdagi 8n-d/143-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma asoratlangan migren shakllarini erta tashxislash va samarali davolash tartibini amalga oshirish imkonini bergan.
«Asoratlangan migren shakllarni qiyosiy davolash algoritmi» uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 9 oktyabrdagi 8n-d/143-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma asoratlangan migren shakllarini qiyosiy davolash tizimini joriy qilish imkonini bergan.
«Asoratlangan migren shakllarni tashxislash algoritmi» uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 9 oktyabrdagi 8n-d/393-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma asoratlangan migren shakllarini o‘z vaqtida samarali tashxislash algortmini joriy qilish imkonini bergan.
Asoratlangan migren rivojlanishining klinik-gemodinamik va ba’zi bir biokimyoviy  xususiyatlari,  tashxislash  va davolash  taktikasi masalalarini baholashni takomillashtirishga qaratilgan tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Sirdaryo viloyat shifoxonasi, Samarqand  davlat tibbiyot institutining birinchi shifoxonasi, Sirdaryo va Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli oilaviy shifoxonasi va Buxoro shahar tibbiyot birlashmalarining amaliyotiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 24 noyabrdagi 8n-z/159-son xulosasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy qilinishi migren va uning asoratlangan shakllarini erta bosqich davrida ekspress tashxislash, shuningdek, qiyosiy tashxislash va differensial davolash algoritmlari ishlab chiqish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish