Xusanov Alijon Karimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Tengqanotli-xartumli hasharotlar (Insecta: Homoptera)ning “parazit-ho‘jayin” tizimidagi morfo-ekologik adaptatsiyasi, ozuqa o‘simligiga ixtisoslanishi va koevolyusiyasi», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.DSc/B108.
Ilmiy maslahatchi: [Axmedov Madaminbek Xotamovich], biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.V.52.01.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Ikrom Iskandarovich, biologiya fanlari doktori, professor; Zuvayd Izzatullaev, biologiya fanlari doktori, professor; Xurramov Alisher Shukurovich, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tengqanotli-xartumli hasharotlarning “parazit-ho‘jayin” tizimidagi morfo-ekologik adaptatsiyalari, ozuqa o‘simligiga ixtisoslanishining asosiy yo‘nalishlarini aniqlash va koevolyusiyasining o‘ziga xos xususiyatlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Sharqiy Farg‘onaning tengqanotli-xartumli hasharotlari faunasining 5 kenja turkum, 24 oila, 137 urug‘ga mansub 305 tur va 6 ta kenja turlarining taksonomik katalogi tuzilgan, shulardan 123 turlar tadqiqot hududi aniqlangan;
ilk bor tengqanotli-xartumli hasharotlarning “parazit-ho‘jayin” tizimida ozuqa o‘simligiga ixtisoslanishi va asosiy yo‘nalishlari hamda ekologik tasniflanib, “parazit-ho‘jayin” tizimida 7 ta yo‘nalishdagi ekologik adaptatsiyalar aniqlangan;
ekologik talab darajasi yaqin bo‘lgan turlar ekologik tokchalari parametrlarining qisman yoki ustma-ust tushish holati transgressiya asosida aniqlangan, transgressiya ko‘rsatkichi va uning ekologik mohiyati ochib berilgan;
tengqanotli-xartumli hasharotlarning passiv himoya vositalari - tanasining rangi, mum ajratmalari xilma xilligi ekologik asoslangan, ahamiyati va taksonomik guruhlarda tadrijiy-evolyusion o‘zgarishlari yo‘nalishlari aniqlangan;
tengqanotli-xartumli hasharotlarning ozuqa o‘simligiga ixtisoslanishi va undan foydalanishida chumolilar bilan bo‘lgan trofobioz munosabatlarning ekologik ahamiyati ochib berilgan, ayni hasharotlarning tasnifiy guruhlarida “shira” ajratish jadalliligi va darajalari qiyosiy tahlil etilib, ishonchlilik chegaralari aniqlangan;
o‘simliklarni tengqanotli-xartumli hasharotlar “shira” suyuqligi bilan ifloslanish darajasi va holatini 4 ballik ko‘rsatkich asosida baholash tizimi ishlab chiqilgan;
ilk bor tengqanotli-xartumli hasharotlarning “parazit-ho‘jayin” tizimidagi koevolyusiyasining o‘ziga xos xususiyatlari va yo‘nalishlari ochib berilgan;
adventiv turlarning entomotsenozga kirib kelishi va ularning ozuqa zanjiridagi ahamiyati asoslangan;
intensiv olma bog‘larining tengqanotli-xartumli hasharotlariga qarshi kurash choralarini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tengqanotli-xartumli hasharotlar (Insecta: Homoptera)ning “parazit-ho‘jayin” tizimidagi morfo-ekologik adaptatsiyasi, ozuqa o‘simligiga ixtisoslanishi va koevolyusiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Sharqiy Farg‘ona hududida tarqalgan Aphidinea kenja turkumining Phloemyzidae (1 urug‘ va 1 tur), Anoeciidae (1 urug‘ va 2 tur), Chaitophoridae (5 urug‘ va 10 tur), Drepanosiphidae (5 urug‘ va 6 tur), Lachnidae (8 urug‘ va 24 tur), Pemphigidae (10 urug‘ va 28 tur), Aphididae (47 urug‘ va 133 tur) oilalarining 200 tur va 4 kenja turga mansub - 204 nusxa total preparat namunalari Respublikada yetakchi bo‘lgan “Zoologiya kolleksiyasi” noyob ob`ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 12 sentyabrdagi 4/1255-2434-son ma’lumotnomasi). Natijada, namunalar hasharotlar kolleksiyasi fondini boyitgan va turlar xilma-xilligini anqlash hamda elektron ma’lumotlar bazasini yaratish imkonini bergan;
intensiv bog‘larda ekologik toza mahsulotlarni etishtirishda zararkunandalarga qarshi kurashning samarali usullarini qo‘llash maqsadida ishlab chiqilgan "Intensiv bog‘ zararkunandalarini aniqlash va ularga qarshi kurashni tashkil etish" tavsiyanomasi Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi "Sherqo‘rg‘on", "Lug‘umbek" va "Oyim" o‘rmon uchastkalarida, Asaka tumanidagi "Avtosanoat agro" va Buloq-boshi tumanidagi "Davron agrosanoat" MChJlarga qarashli jami 1850 gektar maydondagi intensiv bog‘lariga va Andijon viloyati o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga amaliyotiga joriy etilgan (O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining 2019 yil 17 dekabrdagi 3-23/2626-son ma’lumotnomasi). Natijada, intensiv bog‘larda ekologik toza mahsulotlar etishtirishda zararkunandalarga qarshi kurashning samarali usullarini qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan, bunda kimyoviy zaharlarni ishlatish miqdori keskin kamayib, intensiv bog‘larning hosildorligini oshirish imkonini bergan;
intensiv olma bog‘lari entomokomplekslari va agrotsenozlarining shakllanish xususiyatlari, olmazorlarni tengqanotli-xartumli hasharotlardan himoya qilish yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiyalar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019 yil 8 oktyabrdagi 03-03/1-3691-son ma’lumotnomasi). Natijada, respublika hududiga tengqanotli-xartumli hasharotlarning xavfli turlarini chetdan kirib kelishi va tarqalishini oldini olish, ularga qarshi uyg‘unlashgan kurash usullarini ishlab chiqish imkonini bergan.