Muqimova Zohida Rasulovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘tkir Hoshimov asarlari tilining lingvopoetik va lingvomadaniy xususiyatlari», 10.00.01 – O‘zbek tili (Hozirgi o‘zbek adabiy tili) (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil450.
Ilmiy rahbar: Xudoyberganova Durdona Sidikovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Saparniyazova Muyassar filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘tkir Hoshimov asarlaridagi poetik aktuallashgan leksik birliklar, tasviriy vositalarni aniqlash va adib asarlarida qo‘llangan lingvomadaniy birliklarni tadqiq etish orqali yozuvchining tildan foydalanish mahoratini va bu orqali uning o‘zbek adabiy tili rivojiga qo‘shgan hissasini belgilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘tkir Hoshimov asarlarini lingvopoetik va lingvomadaniy usullar hamkorligidagi integrativ yondashuvda tadqiq etish mohiyatan yozuvchining o‘ziga xos uslubini yoritib berishda muhim vosita bo‘la olishi asoslangan;
badiiy matnning lingvomadaniy tahlili yangi ilmiy yo‘nalish ekanligi, badiiy asarga mazkur nuqtai nazardan yondashish usuli mohiyatan dolzarb ilmiy-lingvistik talqin ekanligi tilshunoslikdagi yetakchi nazariy qarashlarga asoslangan holda dalillangan;
adib asarlarida o‘zbek xalqining obrazli tafakkuri, dunyoqarashi, turmush tarzi, qadriyatlari, fe’l-atvori, e’tiqod va an’analari aks etgan ligvomadaniy birliklar xalqning milliy-madaniy tasavvurlari, obrazli tafakkuri in’ikosi sifatida olamning o‘ziga xos o‘zbekcha lisoniy manzarasini yuzaga keltirganligi lingvomadaniy nuqtai nazardan ochib berilgan;
adib asarlarida muayyan lingvopoetik vazifada qo‘llangan leksik birliklar: zid ma’noli, ma’nodosh, shakldosh so‘zlar yozuvchi asarlarining badiiy-estetik qimmatini ta’minlovchi lisoniy birliklar sifatida voqelangani lug‘aviy birliklar badiiy matnda muhim lingvomadaniy birliklar bo‘la olishi haqidagi qarashlarga ko‘ra dalillangan;
O‘tkir Hoshimov asarlaridagi mikromatnlarga xos bo‘lgan uslubiy konvergensiya va takrorlar yozuvchi individual uslubining eng muhim qirralarini ko‘rsatuvchi vosita ekanligi uning uslubini boshqa adiblar uslubiga qiyoslab o‘rganish asnosida aniqlangan;
lingvomadaniy birlik hisoblanuvchi matn-o‘xshatishlar matn yaratuvchining tafakkuriga xos obrazlilik va milliylikning lisoniy ifodasi sifatida in’ikos etishi O‘tkir Hoshimov asarlaridagi birliklarni lingvomadaniy aspektda tahlil etish vositasida dalillangan;
O‘tkir Hoshimov asarlarida qo‘llangan onomastik birliklardan ma’noni kuchaytirish, personaj xususiyatlarini bo‘rttirish, intertekstual matn yaratish kabi lingvopoetik maqsadlarda foydalanilgani ko‘rsatilgan;
presedent nomlarning onomastik metafora yoki metonimiya sifatida voqelanishi o‘zbek xalqi sajiyasi, uning voqelikka bo‘lgan aksiologik munosabati, milliy dunyoqarashini aks ettirishga xizmat qilib, muhim lingvomadaniy birlik sifatida namoyon bo‘lganligi adib asarlaridagi lingvomadaniy birliklarning milliy-madaniy semalariga asoslangan holda aniqlangan;
lingvomadaniy birliklarning unumli va o‘rinli qo‘llanishi O‘tkir Hoshimov asarlari tilini xalqona va shirali qilgan omillardan biri bo‘lganligi lingvomadaniy yondashuv asosida yoritilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘tkir Hoshimov asarlari tilini lingvopoetik va lingvomadaniy tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tadqiqot ishida qo‘llanilgan uslubiy konvergensiya, onomastik metonimiya, idiostil`, antropomorf metafora, zoomorf metafora, konstanta, milliy-madaniy so‘zlar, milliy-madaniy konnotatsiya kabi terminlar o‘zbek tilshunosligining zamonaviy tadqiq yo‘nalishiga xos taraqqiyotni ko‘rsatuvchi omillardan biri ekanligi haqidagi xulosalardan FA-F1-G041 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2020 yil 23 sentyabrdagi 3/1255-1973-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu terminlar mustaqillik davri o‘zbek terminologiyasi taraqqiyotini ko‘rsatuvchi omil sifatida qayd etilgan va bu xususidagi nazariy fikrlarning illyustrativ misollar bilan dalillanish darajasi ortgan;
O‘tkir Hoshimov qalamiga mansub asarlardagi onomastik birliklarning onomastik metafora, onomastik metonimiya vazifasida kelib, asar badiiyatini ta’minlovchi poetonim darajasida qo‘llanganligi to‘g‘risidagi xulosalardan FA-IZ-G009 raqamli «Onomastik birliklarning lingvopoetik tadqiqi" kitobini nashrga tayyorlash va chop etish» mavzusidagi innovatsion loyihani amalga oshirishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2020 yil 23 sentyabrdagi 3/1255-1973-son ma’lumotnomasi) Natijada loyiha bo‘yicha tayyorlangan «O‘zbek tili poetonimlarining izohli lug‘ati» (Toshkent, 2016) kitobining lug‘at maqolalari O‘tkir Hoshimov asarlarida qo‘llangan onomastik birliklarning leksikografik tavsifi bilan boyigan;
lingvopoetik yukka ega bo‘lgan savob-gunoh, boy-kambag‘al, donolik-nodonlik, shifo-dard, donishmandlar-telbalar, barham topdi-avj oldi, hurlikka chiqdi-qurbon bo‘ldi, bahramand bo‘ldi - yostig‘i quridi kabi zid ma’noli birliklarning; yoqtirib qolmoq,, ko‘ngil bermoq, moyil bo‘lmoq, xushtor bo‘lmoq, oshufta bo‘lmoq, maftun bo‘lmoq, mahbub bo‘lmoq, oshiq bo‘lmoq, yaxshi ko‘rmoq, ishqi tushmoq, ishqi foniy, ishqi boqiy, sevgi, muhabbat, mehr kabi ma’nodosh so‘zlarning; qozonqurar, bazm, challari, sochqi, «to‘qqiz-to‘qqiz», kelinsalom, ma’lum oshi, to‘y keldi kabi etnografizmlarning, karnay-surnay, atlas ko‘ylak, chust do‘ppi, shoyi ro‘mol, palak, tavonxona, moxora, qovurma chuchvara, holva, chimildiq, yor-yor, ko‘rmana kabi milliy realiyalarning ma’nolari izohidan Turkiyadagi Artvin Çoruh universitetida bajarilgan 2013.S23.02.15 raqamli «Pirimkul Kadirov’un Romanları Üzerine Bir İnceleme» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan. (Artvin Choruh universitetining (Turkiya) 2020 yil 8 avgustdagi E.3095-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha o‘zbek tilining boy imkoniyatlari, o‘ziga xos xususiyatini ko‘rsatuvchi ilmiy dalillar bilan boyigan;
O‘tkir Hoshimov asarlarida qo‘llangan maqollarning lingvopoetik hamda milliy-madaniy xususiyatlari, ulardan o‘rinli foydalanish xususidagi xulosalardan «O‘zbekiston tarixi» telekanalining efirga uzatilgan «Qatrada quyosh aksi» ko‘rsatuvi ssenariysida foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokompaniyasining 2020 yil 8 sentyabrdagi 02-14-826-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuv uchun tayyorlangan materialning mazmuni mukammallashgan.