Kuchkarova Marxabo Xudayberganovning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Hozirgi o‘zbek nasrida badiiy shartlilik», 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Fil.23.
Ilmiy maslahatchi: Rahimjonov Nu’mon Karimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01
Rasmiy opponentlar: Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor; Murodov G‘ayrat, filologiya fanlari doktori; Yakubov Islomjon Axmedjonovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: hozirgi o‘zbek nasrida namoyon bo‘lgan badiiy shartlilikning yangicha xil va ko‘rinishlari masalasini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
shartlilikning umuman, san’at asari uchun muhim estetik kategoriya ekanligi, shuningdek, badiiy asarning ham muhim badiiy sharti ekanligi asoslangan;
o‘zbek mumtoz adabiyotida badiiy shartli tasvirning romantik, didaktik-realistik, tasavvufiy ramziy, falsafiy, allegorik, majoziy, metaforik mohiyatida shartlilik tabiati adabiy-estetik kategoriya ekanligi asoslangan;
70-yillar adabiy avlodi asarlarida kinoyaviy badiiy modus, unga xos vosita va ko‘rinishlar, jumladan, kinoyaviy obraz, niqobli obrazlilik, parodiya, paradoks, tanqidiy ruh, sarkazm, kinoyaviy munosabatning ko‘pyoqlamaliligi, romantik kinoyaviy obraz yaratish kabi yangicha badiiy-uslubiy izlanishlari hozirgi o‘zbek nasrida alohida muhim tendensiya sifatida shakllangani aniqlangan;
rus adabiyotining ulkan satirik namoyandasi N.V.Gogolning “O‘lik jonlar” asariga kinoyaviy taqlidiy parodiya sifatida yaratilgan “Eski arava” qissasidan ko‘zda tutilgan maqsad, yozuvchining badiiy-g‘oyaviy so‘z muddaosi, niyati asoslab berilgan;
hozirgi o‘zbek nasrida paydo bo‘lgan Ximer, Jajman, Sizif neomifolegemalari, umuman, neomif nasrga xos muhim badiiy-g‘oyaviy jihatlar, mifologik obrazlar yaratilishida sharqona islomiy hamda g‘arbona nasroniylik asosidagi ilg‘or ijodiy an’analar, ulug‘vor g‘oyalar ta’siri, originallik masalalari ochib berilgan;
metaformoza hodisasi ham neomifologik badiiy shartlilik vositasi bo‘lib, qahramonning biror detal` orqali (giyoh yoki ko‘zgu) yoki hech qanday vositasiz to‘la holda (itga evrilish) yoxud qisman evrilishga uchrashi (chumolilar suhbatini eshitishga qodir bo‘lish, ko‘z qorachig‘ining xonaga evrilishi kabi) hodisasi bevosita jamiyat va qahramon ruhiyatidagi chuqur tanazzuldan darak berishi isbotlangan;
“absurd vaziyat” hamda “absurd qahramon” talqini orqali yuzaga kelgan “o‘z ichiga berkingan odam”ning ruhiy tahlili va talqini muhim adabiy yo‘nalish sifatida voqe’ bo‘lgani dalillangan;
Ota va Bo‘ri ruhiyatidagi o‘xshash yoki farqli ruhiy nuqtalar qiyoslanishi, Yozuvchi va O‘rgimchak obrazlaridagi yuvoshlik va o‘ljabozlik ruhiy holati bilan bog‘liq, farzand tarbiyasi bilan bog‘liq munosabatda turkqishloq odamlari va lo‘lilarning orifona va johilona kabi ikki xil qarashini taqqoslash natijasida paydo bo‘lgan assotsiativ obrazli tasvir ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Hozirgi o‘zbek nasri va unga xos badiiy shartlilik masalasi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar, olingan ilmiy natijalar quyidagi asosda joriylangan:
Badiiy shartlilik muammosining rus-evropa va MDH davlatlar adabiyotshunosligida o‘rganilishi, uning nazariy ilmiy-estetik asoslari, o‘zbek badiiy tafakkuri taraqqiyotida badiiy shartlilikning diniy-mifologik, didaktik, romantik, realistik, modernistik ko‘rinishlari va vositalari shakllanib, o‘zgarganligini aniqlashtirishga doir xulosalaridan FA-F1-GO40 “O‘zbek adabiyotshunosligi qiyosiy adabiyotshunoslik aspektida: ta’sir va tipologiya” fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2020 yil 23 iyundagi 3/1255-1301-sonli ma’lumotnomasi). Natijada hozirgi o‘zbek nasrida realistik an’anaviy shartlilikning turlanib, mazmunan hamda shaklan boyib, kinoyaviy, neomifologik, assotsiativ, ramziy-modernistik shakllari vujudga kelgani, hozirgi o‘zbek nasrida kinoyaviy (E.A’zam, A.A’zam, Sh.Bo‘taev, N.Raufxon), neomifologik (Sh.Bo‘taev, X.Do‘stmuhammad, N.Normat, N.Eshonqul), ramziy-modernistik (X.Do‘stmuhammad, N.Eshonqul, Sh.Bo‘taev, U.Hamdam), assotsiativ (I.Sulton, B.Qobul, U.Hamdam) badiiy shartlilik zohir bo‘lgani asoslangan;
badiiy shartlilik aslida o‘zbek va umuman, Sharq mumtoz adabiyotida didaktik realistik adabiyot sifatida Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Nosiriddin Burhoniddin Rabg‘uziy, Alisher Navoiy asarlarida voqe’ bo‘lgani xususidagi xulosalardan A-1-118 raqamli “Alisher Navoiy obrazining tasvir va talqinlariga oid o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 9 sentyabrdagi 89-03-3180-son ma’lumotnomasi). Natijada Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr”, “Mahbub ul-qulub”, “Xamsa” dostonlaridagi metafora, ramz, majoziy timsol singari ramziy, falsafiy tasavvufiy badiiy g‘oyalarni ifodalovchi shartli vositalar tahlili va ularning ahamiyati grant xulosalariga asos bo‘lgan;
hozirgi o‘zbek nasriga xos badiiy shartlilik muammosi (realistik, modernistik, kinoyaviy, neomifologik), uning tur va ko‘rinishlari, mustaqillik davri yozuvchilari ijodida namoyon bo‘lgan shartli-ramziy majoziy uslub, qahramon va davr muammolarini yoritishdagi ijodiy yangilanishlarga doir ilmiy-nazariy qarashlardan AQShning Atlanta shahridagi Emori universiteti Islom sivilizatsiyasini o‘rganish Yaqin Sharq va Janubiy Osiyoshunoslik kafedrasida O‘rta Osiyolik ayol yozuvchilarning din, oila va jamiyatga bo‘lgan munosabatlarini o‘rganuvchi ilmiy tadqiqotda foydalanilgan (Emori universitetining 2019 yil 26 avgustdagi ma’lumotnomasi). Natijada istiqlol davri o‘zbek nasrida ayol obrazining yangi badiiy talqinini o‘rganib, kuzatishga imkon yaratilgan;
hozirgi o‘zbek prozasida paydo bo‘lgan yangi uslublar kinoya, ramziy-modern nasr namunalari, bundan tashqari, badiiy shartlilik muammosining rus, o‘zbek va boshqa xalqlar adabiyotshunosligida o‘rganilishi kabi ilmiy muammolarni tadqiq etishga doir ilmiy-nazariy qarashlardan Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi Nizomiy nomidagi Adabiyot institutining “Ozarbayjon-Turkmaniston-O‘zbekiston adabiy aloqalari” bo‘limida ozarbayjon adabiyotshunoslari tomonidan foydalanilgan (Nizomiy nomidagi Adabiyot institutining 2019 yil 14 sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada, hozirgi o‘zbek yozuvchilaridan Erkin A’zam, Ahmad A’zam, Shoyim Bo‘taev, Nurilla Raufxon, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sulton, Qo‘chqor Norqobillarning hayoti va asarlari, shuningdek, Abdulla Qahhor hayoti va ijodining yangi arxiv materiallari asosidagi tadqiqoti ilmiy manbalarni o‘rganishga asos bo‘lib xizmat qilgan;
hozirgi o‘zbek nasrida ramziylik, metafora, kinoya, mif, neomif ramz va boshqa muammolarni o‘rganishga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Boku davlat universiteti talabalariga ma’ruza va maxsus kurslarni o‘tishda foydalanilgan (Boku Evroosiyo universiteti “Turk va xorijiy o‘lka filologiyasi” fakul`tetining 2019 yil 9 oktyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada Ozarbayjon oliy o‘quv yurtlari talabalarining turkiy xalqlar adabiyoti, xususan, hozirgi o‘zbek nasri to‘g‘risidagi bilimlari yangi ma’lumotlar bilan boyitilishiga erishilgan;
O‘zbekiston teleradiokompaniyasining “Adabiy jarayon”, “Dunyo adabiyoti”, “Maktublar”, “Bedorlik” ko‘rsatuv va radioeshittirish-lari uchun dissertatsiya natijalari birlamchi metodologik asos bo‘lib xizmat qilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” kanalining 2019 yil 6 sentyabrdagi 01-14/380-son; 2020 yil 3 sentyabrdagi 04-25-793-son ma’lumotnomalari). Natijada E.A’zam, A.A’zam, Sh.Bo‘taev, N.Eshonqul, U.Hamdam, I.Sulton, B.Qobul ijodiga xos muhim badiiylik xususiyatlari, prozaning turli janrlaridagi badiiy-uslubiy ijodiy izlanishlari haqidagi ilmiy-tahliliy kuzatishlar tele va radiotinglovchilarning katta qiziqishiga sababchi bo‘lgan, hozirgi adabiy jarayon muammolari va masalalari bo‘yicha turli adabiy, ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuv hamda eshittirishlar saviyasini yanada oshirishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining yillik proza va adabiy tanqidchilik kengashlarida tadqiqot natijalaridan unumli foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2019 yil 1 noyabrdagi 01-03-07/1232-sonli ma’lumotnomasi). Yangi o‘zbek nasriga xos tadqiqot natijalari orqali proza kengashida qilingan yillik ilmiy ma’ruzalarning izchilligini ta’minlashga xizmat qilgan.