Davlatova Ra’no Haydarovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek tilining deyktik birliklari», 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2014.5.Fil176 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti
Ilmiy maslahatchi: Lutfullaeva Durdona, filologiya fanlari doktori, professor
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Hakimov Muhammad Xo‘jaxonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Xakimova Muhayyo Karimovna, filologiya fanlari doktori; Jo‘raeva Bibish Muhsinovna, filologiya fanlari doktori. 
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek tilining ishora birliklarini aniqlash va pragmatik tabiatini ochib berish, deyktik birliklarni ishora ob’ektiga ko‘ra tasniflash, deyksis hodisasini funksional-semantik maydon nuqtai nazaridan o‘rganish, uning ifodalanish usullari va vositalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
o‘zbek tilida deyksisning shaxs, predmet, zamon, makon, belgi, miqdor, ijtimoiy, emotsional, propozitiv va diskurs kabi turlari belgilangan, ularni hosil qiluvchi til birliklari aniqlanib, funksional-pragmatik xususiyatlari ochib berilgan;
deyksis hodisasi o‘zbek tili birliklari misolida yoritilib, uning til va nutqdagi mohiyati, ishora ob’ektiga ko‘ra turlari, nutq (matn)da ifodalanish usullari aniqlangan; 
o‘zbek tilida deyksisning birlamchi (bevosita) va ikkilamchi (bilvosita) usullarda nutqiy vaziyatga ko‘ra ifodalanishi asoslangan;
o‘zbek tilida deyksisning implisit ifodalanish usuli aniqlanib,  uning ifoda vositalari matnda deyksis turlariga yashirin ishorani hosil qilishi aniqlangan;
o‘zbek tilida deyksisni ifodalovchi paralingvistik vositalar aniqlangan,  ularning nutqda asl deyktik birliklar bilan birga va alohida qo‘llanganda anglashiladigan ishoraviy semasidagi farqli jihatlar ochib berilgan;
deyksisning semantik-funksional maydoni yaratilgan, uning tarkibiy tuzilmasi belgilangan;
o‘zbek tilining deyktik birliklari deyksis semantik-funksional maydoniga birlashtirilgan, uning tarkibiy tuzilmasi: yadro va chegara qismlar belgilangan;
deyksis funksional-semantik maydoni deyksis turlari asosida mikromaydonlarga ajratilgan, deyktik birliklarning asl va vazifadoshlik belgisiga ko‘ra maydonda joylashuv o‘rni aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
O‘zbek tilida deyktik birliklar tadqiqi ilmiy natijalari asosida:
fe’lning shaxs-son, zamon, nisbat qo‘shimchalari; egalik va ayrim kelishik affikslarining deyktik xususiyatiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan FA-F1-GOOZ raqamli «Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zR FAning 2020 yil 23 sentyabrdagi 3/1255-1974-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha affikslarning deyktik birlik sifatida qo‘llanilishi to‘g‘risidagi ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan; 
deyksisning yuzaga kelish sabablari, deyksisga ishora qiluvchi lisoniy vositalar, turli sath birliklarining pragmatik xususiyatlariga oid nazariy xulosalardan A-1-61 raqamli «Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audiokitob ta’minotini yaratish» mavzusidagi amaliy loyiha doirasida chop etilgan «O‘zbek tili va adabiyoti» mutaxassisligi bo‘yicha magistrlik dissertatsiyasini yozishga qo‘yiladigan talablar (ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun mo‘ljallangan)» nomli uslubiy ko‘rsatma hamda «2014-2016 yillarda nashr etilgan tilshunoslik fanlariga oid maqolalarning qisqacha mazmuni» nomli ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun mo‘ljallangan audio qo‘llanmada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 24 avgustdagi 89-03-2917-son ma’lumotnomasi); Natijada loyiha doirasida turli sath birliklarining pragmatik xususiyatlarini ochib berishda ushbu dissertatsiya natijalaridan foydalanish ijobiy samara berdi. 
onomastik birliklarning matndagi o‘rni, ularning deyktik vazifalarda kelib nutq ishtirokchilariga muayyan ob’ekt to‘g‘risida bilvosita axborot uzatishiga doir nazariy qarashlaridan FA-IZ-G009 raqamli  «Onomastik birliklarning lingvopoetik tadqiqi» kitobini nashrga tayyorlash va chop etish» innovatsion loyihasida foydalanilgan (O‘zR FAning 2020 yil 23 sentyabrdagi 3/1255-1974-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha onomastik birliklarning nutqda deyktik vazifa kasb etishi to‘g‘risidagi yangi ilmiy-nazariy qarash bilan boyitilgan. 
deyktik birliklarning nutqda ortiqcha takrorlarni bartaraf etishi, nutq egasining turli kommunikativ maqsadini yuzaga chiqarishga xizmat qilishi, matn tarkibiy qismlarining uzviy bog‘lanishini ta’minlashi, til taraqqiyotida deyktik birliklarning o‘rni to‘g‘risidagi talabalarning bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirishga oid ilmiy xulosalardan OT-F8-062 raqamli “Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan. (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 25 sentyabrdagi 89-03-3552-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha til birliklarining deyktik xususiyatiga oid yangi ilmiy dalillar asosida boyitilgan.
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Oʻzbekiston» teleradiokanalining «Bedorlik”, “Millat va ma’naviyat”, “Ta’lim va taraqqiyot” nomli eshittirishlarining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Oʻzbekiston» teleradiokanalining 2020 yil 28 sentyabrdagi 04-25/835-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar  ko‘rsatuvning xolis yondashuv asosida tayyorlanishi, tilning inson omili bilan bog‘liqlikda o‘rganilishi, til birliklarining nutqiy imkoniyatlari, inson ongida va dunyoqarashida til dunyosining aksiologik manzarasini belgilashga doir ilmiy, amaliy va metodologik g‘oyalarni keng jamoatchilikka etkazilishiga imkon bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish