Akmalxonov Akmalxon Ahmad o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sakkokiyning «Miftahu-l-ulum» asarida nahv va sarf masalalari”, 24.00.04 – Mumtoz sharq adabiyoti va manbashunosligi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Isl.14.
Ilmiy rahbar: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: Muxtarov Timur Askadovich, filologiya fanlari doktori, professor, Hasanova Shafoat Saidbekovna, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Sakkokiyning «Miftahu-l-ulum» asaridagi nahv va sarfga oid nazariy qarashlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
arab tilshunosligida fundamental manbalar bo‘lgan Sibavayhining «al-Kitab», Mahmud Zamaxshariyning «al-Mufassal» asarlaridan farqli ravishda «Miftahu-l-ulum»da tilshunoslikka oid sintaktik o‘zgarish sabablarining bayoni bilan bog‘liq yangi masalalarning kiritilgani, mavzularning mantiqiy yondashuv asosida nomlangani va til qoidalarining ketma-ketligi singari alohida jihatlarga ega ekanligi ochib berilgan;
Sakkokiy ishtiqoq (bir o‘zakdan turli ma’nolarga ega so‘zlarni yasash)ning tizimli qoidalarini ishlab chiqib, uning nazariy asoslarini bayon qilib bergani, ushbu qoidalar klassik tilshunoslarning qarashlariga mos ekanligi dalillangan;
fe’llardan yasalgan aniq va majhul nisbat sifatdoshi, harakat nomi, orttirma darajadagi sifat kabi ismlarning semantikasi Qur’ondan olingan oyatlar misolida ochilgan hamda ularning muayyan morfologik qoliplari, so‘z yasalish jarayonidagi tovush tushishi, orttirilishi, almashinuvi singari morfonologik hodisalar asoslangan;
Sakkokiy boshqa olimlarning asarlarida uchramaydigan «asar (so‘z oxiridagi sintaktik o‘zgarish, الأثر)», «qabul qiluvchi (gap tarkibida sintaktik o‘zgaruvchan bo‘lak, القابل)», «fa’il» (muayyan sintaktik vazifa bajaruvchi, الفاعل)» kabi grammatik atamalarni ilk bora o‘zining «Miftahu-l-ulum» asarida qo‘llaganligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Cakkokiyning «Miftahu-l-ulum» asarida sarf va nahv masalalari yoritish bo‘yicha tadqiqotning ilmiy natijalari asosida:
arab tilshunosligida fundamental manbalar bo‘lgan Sibavayhining «al-Kitab», Mahmud Zamaxshariyning «al-Mufassal» asarlaridan farqli ravishda, «Miftahu-l-ulum»da tilshunoslikka oid sintaktik o‘zgarish sabablarining bayoni bilan bog‘liq yangi masalalarning kiritilgani, mavzularning mantiqiy yondashuv asosida nomlangani va til qoidalarining ketma-ketligi singari alohida jihatlarga ega ekanligi ochib berilishiga oid natijalardan buyurtma asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy ta’lim muassasalarida arab tili va balog‘ati o‘qitiladigan sohalar uchun «Balog‘at» nomli o‘quv qo‘llanma tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2020 yil 5 maydagi 1250-son ma’lumotnomasi). Natijada, Sakkokiyning «Miftahu-l-ulum» asari va uning tuzilishi borasidagi ilmiy yangiliklar talabalarda balog‘at ilmi sarf va nahvga bog‘liq ekanligi haqidagi malaka hosil qilgan;
Sakkokiy ishtiqoq (bir o‘zakdan turli ma’nolarga ega so‘zlarni yasash)ning tizimli qoidalarini ishlab chiqib, uning nazariy asoslarini bayon qilib bergani, ushbu qoidalar klassik tilshunoslarning qarashlariga mos ekanligi bilan bog‘liq ilmiy tadqiqot natijalaridan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2017-2020 yillardagi OT-F1-71 «Ilk va O‘rta asrlar Markaziy Osiyo mintaqasida etno-lingvistik vaziyat» loyihasi doirasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 17 iyuldagi 89-03-2601-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoda arab tilining nufuzi, uning ta’lim tizimidagi o‘rni yoritib berishga xizmat qilgan;
fe’llardan yasalgan aniq va majhul nisbat sifatdoshi, harakat nomi, orttirma darajadagi sifat kabi ismlarning semantikasi Qur’ondan olingan oyatlar misolida ochilgan hamda ularning muayyan morfologik qoliplari, so‘z yasalish jarayonidagi tovush tushishi, orttirilishi, almashinuvi singari morfonologik hodisalar asoslab berilgan holda olingan natijalar Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan buyurtma asosida tayorlangan «Buyuk yurt allomalari» nomli kitob mazmuniga singdirilgan (Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2020 yil 24 iyundagi 104-son ma’lumotnomasi). Natijada, Sakkokiy va uning bebaho ilmiy merosini o‘rganish borasida, ayniqsa, sarf ilmida qo‘llangan qoliplar oyatlardagi so‘zlarning shakllari asosida ekanligi hamda ulardagi shakl va ma’no uyg‘unligi bilan bog‘liq masalalar haqida o‘quvchilar ko‘nikma hosil qilishida muhim ahamiyat kasb etgan;
Sakkokiy va uning «Miftahu-l-ulum» asari tuzilishi borasidagi chuqur ilmiy xulosalarga oid ma’lumotlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi buyurtmasi asosida tayyorlangan «O‘rta asr sharq allomalari» nomli kitob mazmuniga singdirilgan (Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2020 yil 24 iyundagi 02/167-son ma’lumotnomasi). Natijada, Abu Ya’qub Sakkokiy va uning yozgan asarlari haqidagi tadqiqot natijalari o‘quvchilarda ko‘nikma hosil bo‘lishida zarur manba bo‘lib xizmat qilgan;
Sakkokiy boshqa olimlarning asarlarida uchramaydigan «asar (so‘z oxiridagi sintaktik o‘zgarish, الأثر)», «qabul qiluvchi (gap tarkibida sintaktik o‘zgaruvchan bo‘lak, القابل)», «fa’il» (muayyan sintaktik vazifa bajaruvchi, الفاعل)» kabi grammatik atamalarni ilk bora o‘zining «Miftahu-l-ulum» asarida qo‘llaganligi va tadqiqotning boshqa ilmiy yangiliklaridan olingan natijalar «Taqdimot» ko‘rsatuvida namoyish qilingan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanalining 2019 yil 6 dekabrdagi 02-40-2580-son ma’lumotnomasi). Natijada, tomoshabinlarga «Miftahu-l-ulum» asarining nahv bo‘limidagi ilmiy yangiliklar, yurtimiz allomalarining asarlari hozirda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganligi haqidagi ma’lumotlar etkazilgan.